Jamiyat | 22:18 / 14.05.2025
9075
3 daqiqa o‘qiladi

“170 dona 200 so‘mlik” - Navoiyda pensiyaning bir qismi tangada to‘lanayotgani aytilyapti

Ijtimoiy tarmoqlarda pensionerlarga pensiya pullarining bir qismi tangada to‘lanayotgani haqida video tarqaldi. Video muallifining Kun.uz'ga aytishicha, uning bobosiga 170 dona 200 so‘mlik tanga berilgan va bunday holat bir necha bor takrorlangan. “Keksalarning yoshini inobatga olishsa bo‘lardi”, deydi u.

Foto: Videodan kadr

Bloger Umid G‘ofurov Telegram-kanalida pensioner bobosining pensiyasi bir qismi tanga ko‘rinishida berilgani haqida gapirgan murojaatchining videosini e’lon qildi.

82 yoshli pensioner bobom bor. Pensiya olgan ekanlar, ma’lum qismini tangada berishibdi. 200 so‘mlik tanga. Bu 200 so‘mlik tangani nafaqat yoshi katta odamlar, o‘rta yoshlilar ham son-sanog‘ida adashadi. Bobom ishlata olmay, ozgina qiynalib, olib keldilar. Pensiya tarqatadigan odamlardan iltimos, sizlar ham shu yoshga kiringlar, faqat ularning ko‘z nuri, yoshini hisobga olib, azob bermasangiz. Buncha tangani yoshi kattalar ishlatishga qiynaladi”, – deyiladi videoda.

Kun.uz video muallifi bilan bog‘lanib, voqeaga aniqlik kiritdi.

Ma’lum bo‘lishicha, holat Navoiy viloyati Karmana tumanida yuz bergan. Pensionerga 170 dona 200 so‘mlik, ya’ni 34 ming so‘m mablag‘ tangada berilgan.

Bu birinchi marta emas, 4 safardan beri bobomning pensiyasi bir qismi tangada beriladi. O‘zim savdoda ishlaganim uchun bobom qog‘oz pul qilib ber deb tangalarni ko‘tarib keladilar. Tangalar u qadar ko‘p bo‘lmasa ham, keksalarni qiynaydi. Faqat bobomga emas, boshqa nafaqaxo‘rlarga ham pensiyaning bir qismini tanga ko‘rinishida berishyapti. O‘zbekistonda tanga muomalada, uni olmayman yoki tanga berma deyishga hech kimning haqqi yo‘q. Balki bank ham ularni kamaytirish uchun pensionerlarga tanga tarqatayotgandir, banklarga e’tirozim yo‘q. Faqat keksalarning yoshini inobatga olishsa bo‘lardi. Ko‘z nuri xiralashgan keksalarga tanga sanash biroz qiyin. Yosh yoki o‘rta yoshli odamlar bankdan “menga kerak emas” deb olmaydi, lekin keksalar yo‘q deya olmaydi. Bobomdan 34 ming so‘mlik tangalarni olib, uyalganimdan 50 ming so‘m qilib berdim”, – deydi video muallifi.

Avvalroq Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida fuqaro 4 million so‘mlik aliment qarzini tanga pullarda to‘lagani xabar qilingandi. U bu orqali sobiq turmush o‘rtog‘ini qiyin ahvolga solishni maqsad qilganini aytgan. Biroq tangalar bank xodimlari bilan birgalikda sanab chiqilib, ular aliment oluvchi onaning bank kartasiga o‘tkazib berilgan.

Mavzuga oid