O‘zbekiston | 15:39 / 29.06.2025
42320
10 daqiqa o‘qiladi

Termizga tushgan snaryadlar: Ularni kim otgani aniq bo‘ldi

2022 yil 5 iyul kuni Afg‘oniston hududidan Termiz shahriga 5 ta snaryad otilgandi. Ularning 1 tasi Surxondaryo viloyat “SES” binosi hovlisidagi sport maydonchasiga, 4 tasi aholi xonadonlariga kelib tushgan. Snaryadlar O‘zbekiston hududiga “IShID” amirlari ko‘rsatmasi asosida maxsus instruktorlar boshchiligida otilgan. Bu ishni qilgan guruh 2022 yil iyun oyida Kobulda bir necha qo‘poruvchilik harakatlarini sodir etgan. Guruh a’zolari orasida o‘zbekistonliklar ham bor.

Foto: Videodan kadr

Termiz shahriga snaryad otishda qatnashgan shaxs jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz tanishgan sud hujjatida keltirilishicha, 1978 yilda tug‘ilgan Obid Saparov 2013 yil 11 iyunda ishlash maqsadida Rossiyaning Ufa shahriga borgan. U hududdagi qurilish obektlarida ishlagan. Bu davrda u “Jihodchilar” diniy ekstremistik tashkilotining Ufa shahri jamoati mas’ullaridan birining ta’siriga tushib qolgan.

Obid Saparov Ufa shahrida ijaraga olingan xonadonlarning birida “Turkiston islom harakati” xalqaro terroristik tashkilotining “Jundulloh” targ‘ibot studiyasida tayyorlangan audio va video materiallarni eshitib kelgan. Ushbu materiallarda Tohir Yo‘ldoshevning har bir musulmon hijrat qilishi farz ekani, arab diyorlariga borib kofirlarga qarshi “jihodiy” harakatlarda ishtirok etgan holda “shahidlik” maqomiga erishish kerakligi, shariat qoidalarini hayotga tatbiq qilish uchun Afg‘oniston va Pokiston hududida joylashgan maxsus harbiy muhojirlik lagerlariga chiqish lozimligi to‘g‘risidagi da’vatlari yozilgandi.

Obid Saparov dastlabki tergovda alohida ish yurituvga ajratilgan shaxslar bilan birgalikda “Turkiston islom harakati” safiga qo‘shilish maqsadida 2013 yilda yo‘lovchi avtobusda Ozarboyjondan Eronning Zohidon shahriga, 2014 yil mart oyida esa Afg‘oniston orqali Pokistonning Vaziriston mintaqasi Mirali shahriga o‘tgan. U xalqaro terroristik tashkilot safida o‘ziga “Xabbob” taxallusini olgan. Obid Saparov diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlarda ishtirok etganligi aniqlangan.

Obid Saparov 2014 yil iyunda Pokistonning Shovol tog‘li hududida “Turkiston islom harakati”ga tegishli jangarilar tayyorlash harbiy dala lagerida “Usoma” va “Luqmon” taxallusli harbiy instruktorlar rahbarligida jang olib borish amaliy mahorati va ko‘nikmalarini egallagan. U qurol-yarog‘ va portlatish qurilmalari bilan muomala qilish usullarini o‘rgangan.

Bundan tashqari, Saparov 2013-2015 yillarda Pokiston va Afg‘oniston hududida “Turkiston islom harakati”ning moddiy ta’minoti ostida bo‘lgan lagerlarda istiqomat qilib, terroristik tashkilotning “Ta’minot” markazida faoliyat olib borgan. Shundan so‘ng, 2016 yil boshida “Turkiston islom harakati” turli guruhlarga bo‘linib, o‘z faoliyatini to‘xtatgach, Obid Saparov Afg‘onistondagi “Islom davlati” xalqaro terroristik tashkilotining “Islom davlati Xuroson viloyati” tarmog‘iga qo‘shilgan. 2016-2024 yillarda mazkur terroristik tashkilotning moddiy ta’minoti ostida Afg‘oniston va Pokistonning turli hududlarida istiqomat qilgan. U dastlab “ansorlik”, ya’ni xalqaro terroristik tashkilot safiga yangi qo‘shilganlarni kutib olib, uy-joy bilan ta’minlash vazifasida, keyinchalik esa media markazida faoliyat olib borgan.

Xususan, Obid Saparov media markazdagi faoliyati davomida terroristik tashkilotning Telegram kanalidagi radio eshittirishlarida chiqishlar qilgan. U o‘z chiqishlarida O‘zbekistonning amaldagi davlat tuzumini o‘zgartirishga, hokimiyatni bosib olishga ochiqdan-ochiq da’vat qilgan.

Obid Saparov “Turkiston islom harakati” xalqaro terroristik tashkiloti rahbarlari tomonidan berilgan ko‘rsatmalar asosida sheriklari bilan birgalikda 2014 yildan 2016 yilga qadar Pokistonning Mirali, Shovol va Gomul, Afg‘onistonning Faryob aholi yashash manzillarida jangovar harakatlarda ishtirok etgan. Shuningdek, u 2016-2024 yillar davomida Afg‘onistonning Jalolobod, Qunduz, Mozori Sharif va Kobul shaharlarida jangovar harakatlarda qatnashgan.

Saparov 2022 yil may-iyul oyida Kobul shahridagi yashash xonadonida 5 dona jangovar snaryad, juda ko‘p miqdorda avtomatlar va o‘qlar, portlovchi vositalar va minalar yasash uchun foydalaniladigan buyumlarni kelgusida terakt amalga oshirish maqsadida yashirincha saqlab kelgan. Xususan, 2022 yil iyun oyida “Toriq” taxallusli shaxs boshchiligida Obid Saparov va boshqalar tomonidan Kobul shahrida hind-sikxiylar ibodatxonasi, Rossiya elchixonasi va shaharning bir necha markaziy ko‘chalarida qo‘poruvchilik harakatlari sodir etilgan. Buning oqibatida tinch aholi vakillari orasida qurbonlar bo‘lgan, odamlarning mol-mulklariga jiddiy talafotlar yetkazilgan.

Obid Saparov dastlabki tergovda shaxsi aniqlanmagan bir guruh shaxslar bilan birgalikda Tojikiston va O‘zbekistonga raketa snaryadlari otilishida ishtirok etgan. Jumladan, 2022 yil 5 iyul kuni soat 17:00 atrofida ushbu shaxslar tomonidan 107 mm RSZO (reaktivnaya sistema zalpovogo ognya) uskunasidan O‘zbekiston hududiga 5 dona 100 mm kalibrli qo‘lbola snaryad otilgan. Ushbu snardyalardan biri Termiz shahridagi Surxondaryo viloyat sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi hovlisida joylashgan sport maydonchasiga, qolgan 4 tasi aholi yashash xonadonlariga kelib tushgan.

2022 yil iyul oyida qurolli guruh a’zolari Kobul shahrida teraktni sodir etish maqsadida harakatlangan vaqtida “Tolibon” tomonidan qo‘lga olingan. Shundan so‘ng Obid Saparov Eron orqali Pokistonning Kvetta shahriga qochib ketgan. U va sheriklari 2024 yil 20 sentabr kuni tunda Pokiston xavfsizlik kuchlari tomonidan qo‘lga olingan va Kvetta shahar qamoqxonasiga joylashtirilgan. Ushbu qamoqxonada Saparovdan tashqari andijonlik, namanganlik, sirdaryolik shaxslar ham bo‘lgan. Ular 2025 yil 24 yanvar kuni O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan maxsus reys bilan Toshkent shahriga olib kelingan.

Obid Saparov sudda aybiga iqrorlik bildirgan.

2022 yil mart oyida “IShID” amirlari tomonidan Afg‘oniston hududlari va boshqa chegaradosh davlatlarda ham teraktlar sodir etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan “Ibrohim” taxallusli shaxs 2 kun mening uyimda yashadi. Men “Toriq” va “Ibrohim”larni mashinamda Kobul shahrida joylashgan Rossiya elchixonasi hududigacha olib bordim. Mashinada qo‘lbola usulda tayyorlangan minalar va portlovchi qurollar bor edi. “Ibrohim” o‘zini Rossiya elchixonasi oldida portlatib yuborib, vafot etdi. Guruhimiz a’zosi bo‘lgan “Abu Muhammad Tojikiy” ismli Tojikiston fuqarosi esa Kobul shahridagi hind-sikxiylar ibodatxonasida qo‘lbola usulda tayyorlangan minalar va portlovchi qurollar yordamida o‘zini portlatib, vafot etgan. “Toriq” boshchiligidagi guruhlarimiz tomonidan Qobul shahri bosh ko‘chalaridan ham bir nechta qo‘poruvchilik harakatlari sodir etilgan. Ushbu qo‘poruvchilik harakatlarida foydalanilgan minalar va boshqa portlovchi qurilmalar mening yashash manzilimda tayyorlab kelingan.

Ushbu davrda “IShID” amirlari ko‘rsatmasi asosida maxsus instruktorlar boshchiligida O‘zbekiston va Tojikistonga ham raketa snaryadlari otilgan. 2022 yil iyul oyi boshida “Toriq” mening yashash manzilimda saqlanayotgan 5 dona jangovar raketa snaryadini “Hafizullox Nurmuhammad o‘g‘li” taxallusli shaxsga yetkazib berishimni aytdi. Men snaryadlarni mashinada Kobul shahrining ko‘chalaridan biriga, aytilgan manzilga olib borib berdim. Keyinchalik ushbu raketalar O‘zbekiston tomonga otilganidan xabardor bo‘ldim. Mening guruhdagi asosiy vazifam uyimda tayyorlangan minalar, portlovchi qurilmalar va avtomatlarni “Toriq” aytgan manzilga mashinamda yetkazib berish bo‘lgan”, degan Saparov o‘z ko‘rsatmasida.

U qilmishidan pushaymonligini aytib, suddan yengillik so‘ragan.

Sud hukmi bilan Obid Saparov Jinoyat kodeksining 155-moddasi (Terrorizm) 3-qismi “b” bandi, 155-2-moddasi (Terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish, chiqish yoki harakatlanish) 1-qismi, 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 3-qismi “b” bandi, 161-moddasi (Qo‘poruvchilik), 244-1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “a, g” bandlari va 244-2-moddasi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 5 iyul kuni Afg‘oniston hududidan Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi Majnuntol mahallasida joylashgan xonadonlarga beshta reaktiv snaryadlar kelib tushgandi. Portlashlar yuz bermaganligi sababli insonlar nobud bo‘lmagan. Hujum oqibatida 4 ta uy-joyga uncha yirik bo‘lmagan ziyon yetgan, beshinchi snaryad esa futbol maydonidan topilgan. Aniqlangan snaryadlar sapyorlik bo‘linmalari tomonidan zararsizlantirilgan.

“Tolibon” rasmiy vakili o‘shanda Termizga Afg‘oniston hududidan raketa hujumini uyushtirganlar do‘st O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida ishonchsizlik muhitini yaratishni maqsad qilganini aytib, raketa hujumi ortida turganlar qidirilayotganini bildirgandi.

Mavzuga oid