O‘zbekiston | 23:00 / 28.06.2025
12561
14 daqiqa o‘qiladi

Rossiya bosqiniga 160 yil, pensiya yoshini oshirish taklifi va administratsiyada o‘zgarishlar - hafta dayjesti

Toshkent bosqiniga 160 yil to‘ldi: o‘zbek tarixchilari bu mavzuni milliy rakursdan yoritishga, rossiyalik vazir esa MDHdagi tarix darsliklarini o‘zgartirishga urinmoqda. Pensiya yoshi oshirilishi mumkin: rasmiylar buni istisno qilmayapti. Prezident administratsiyasiga Saida Mirziyoyeva rahbar bo‘ldi, Komil Allamjonov 3-marta administratsiyada ish boshladi. Ortda qolayotgan hafta yangiliklari – Kun.uz dayjestida.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Toshkent ishg‘ol etilganidan 160 yil o‘tib, Rossiya MDHdagi tarix darsliklarini qayta yozmoqchi

Rossiya imperiyasi Toshkentni bosib olganiga roppa-rosa 160 yil to‘ldi. 1865 yil 17 iyunda, oqposhsho armiyasining 9 oylik harbiy kampaniyasidan keyin, Markaziy Osiyoning eng asosiy shaharlaridan biri bosqinchilar qo‘liga o‘tgan (ayrim manbalarda o‘sha davr taqvimi bo‘yicha bu sana 29 iyun deb ham ko‘rsatiladi). Toshkent mudofaasining qulashi – mintaqa xalqlari kelajagini butkul o‘zgartirib yuborgan voqea edi. Bu bosqin juda uzoq – amalda 126 yil davom etib, milliy mustaqillik e’lon qilingan 1991 yilga kelibgina yakun topdi.

Muhim sana munosabati bilan, Fanlar akademiyasi Tarix instituti olimlari “Toshkent bosqinining 160 yilligi: haqiqat va uydirmalar” mavzusida ilmiy yig‘in o‘tkazdi. Mustamlaka davrida Toshkentning egallanishi bosqinchilar manfaati nuqtayi nazaridan o‘rganilgani va yoritilgani – yig‘inning bosh mavzularidan biri bo‘ldi. Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, uzoq vaqt davomida tarixni buzib ko‘rsatish uchun turli nayranglar ishlatilgan, toshkentliklarning yursevarligi, butun xalq – yosh-u qari, erkak-u ayollar dushmanga qarshi mardonavor kurashgani fakti yillar davomida yerga urilgan. Ular o‘rniga turli yasama nazariyalar o‘rtaga tashlanib, mustamlakachi davlatning bosqinchilik siyosatini oqlashga tirishib kelingan.

Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyoning so‘zlariga ko‘ra, kun tartibidagi mavzu – nafaqat ilmiy, balki siyosiy mazmunga ham ega. Bosqin va unga qarshi kurashni shunchaki tarixiy voqea emas, balki bosqinchilarning chin tabiati va xalqimizning erkinlik tuyg‘usi nuqtayi nazarlaridan o‘rganish va yoritish kerak, dedi u.

Bunday ilmiy anjumanlarning o‘tkazilishi – sobiq mustamlakachilarning har turli ishtahalari tobora karnay bo‘lib borayotgan hozirgi davrda ayniqsa muhim ahamiyatga ega. Kuni kecha Rossiya ta’lim vaziri aytgan gaplar ham buni tasdiqlaydi. Chorshanba kuni Duma majlisida so‘zga chiqqan Sergey Kravsov MDHga a’zo ayrim davlatlarning tarix darsliklarida Rossiyaga nisbatan salbiy munosabat borligidan shikoyat qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Ta’lim vazirligi MDH davlatlarining tegishli vazirlari bilan “yagona tarixiy o‘tmishni talqin qilish bo‘yicha yondashuvlarni kelishish ustida” ishlamoqda. Buning ortidan ijtimoiy tarmoqlarda markaziy osiyolik faollardan: “O‘z tariximizni qanday yozishni o‘zimizga qo‘yib beravering” degan mazmunda javoblar yangradi.

Pensiya yoshi oshiriladimi?

O‘zbekistonda pensiya yoshi oshirilishi mumkin. Rasmiylar bunday ehtimolni istisno qilmayapti. Bu haqdagi muhokamalarga Xalqaro valuta jamg‘armasi missiyasining O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha tayyorlagan xulosasi sabab bo‘ldi.

Xalqaro tashkilot hisobotidagi jumlalarni oddiy tilga o‘girib aytganda, ular yaqin 3-5 yil ichida O‘zbekistonda pensiya tizimi inqirozga uchrab qolmasligi uchun, pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirishga chaqiryapti. Bundan tashqari, maoshdan ushlab qolinadigan 1 foizlik ijtimoiy soliqni ham oshirish, pensiyani hisoblashda oxirgi 5-10 yil emas, butun umr davomidagi o‘rtacha maoshni asos qilib olish, inflatsiyaga qarab pensiyalar miqdori ham avtomatik oshib boradigan tizimga o‘tish tavsiya qilingan.

Pensiya jamg‘armasi bayonotiga ko‘ra, hozir bu tavsiyalarning O‘zbekiston sharoitiga qanchalik mosligi va aholi turmush darajasiga ta’siri o‘rganib chiqilyapti. Moliya vazirligi huzuridagi tashkilotning va’da qilishicha, pensiya tizimiga kiritiladigan har qanday o‘zgarishlar “xalqning fikrini inobatga olgan holda” amalga oshiriladi.

Ma’lumot uchun, hozir O‘zbekistonda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 75 yilga teng. Amaldagi pensiya yoshi esa ayollar uchun 55 yosh, erkaklar uchun 60 yosh. O‘z vaqtida pensiyaga chiqish uchun ayollarda ish staji kamida 20 yil, erkaklarda esa 25 yil bo‘lishi kerak. 1 iyun holatiga, yoshga doir pensiya oladiganlar soni 3,5 mln nafarni tashkil etadi. 1 iyuldan boshlab eng kam pensiya 918 ming so‘mga yetadi. Bu taxminan 72 dollar degani.

Oqlangan fuqaro xatolik sabab 207 kun qamoqda qolib ketdi

Xorazmda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan g‘alati voqea ro‘y berdi. Kun.uz surishtiruvida ma’lum bo‘lishicha, Rustam Xo‘janiyozov ismli fuqaro sud qarori bilan oqlanganidan keyin ham naq 207 kun qamoqda saqlangan. Bunga sudyalarning hukmni yozish paytida texnik xatoga yo‘l qo‘ygani sabab bo‘lgan.

Voqeaga qisqacha to‘xtalsak, 2023 yil oktyabr oyida Rustam Xo‘janiyozov savdo do‘koni oldida turgan yog‘ mahsulotlarini o‘g‘irlaganlikda ayblanib, boshqa 3 kishi bilan birga qamoqqa olingan. Keyinchalik sud uni 3 yilga ozodlikdan mahrum qilgan, apellyatsiya instansiyasi hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan. Viloyat sudining taftish instansiyasi esa uning harakatlari jinoyat emas, mayda huquqbuzarlik degan qarorga kelgan, lekin hukmni yozish paytida mahkumni ozod qilish kerakligi yozilmay qolgan. Natijada fuqaro shu kundan boshlab hisoblaganda 207 kun asossiz ravishda qamoqxonada saqlangan.

E’tiborlisi, oqlanganini Rustam Xo‘janiyozovning o‘zi ham, yaqinlari ham bilmay qolgan. Ular sud ajrimini o‘qigan bo‘lishlari mumkin, lekin, aftidan, ajrimning oxiridagi “shikoyatni qanoatlantirish rad etilsin” degan jumla ularni chalg‘itgan. Bu holatda sud haqiqatan ham Xo‘janiyozovning shikoyatini rad etgan, chunki u arizasida o‘zini oqlashlarini emas, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanishini so‘ragan. Sud esa uni jinoyatchi emas deb hisoblab, ichki ishlar organiga ma’muriy javobgarlik masalasini ko‘rib chiqishni tavsiya qilgan.

Holat oshkor bo‘lgach, Xorazm viloyati sudi taftish instansiyasi hay’atining shu ishni ko‘rgan 3 nafar sudyasiga hayfsan berildi. Ishni ko‘rishda raislik qilgan Ulug‘bek Bakdurdiyev o‘z arizasiga binoan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimidan ketdi. Ayni paytda fuqaroni 200 kundan oshiq qamoqda saqlash xarajatlari, ya’ni davlatga yetgan zarar masalasi ochiq qolmoqda.

“Yasalgan” jinoyat ishlari

Bu hafta Kun.uz sudlar va ichki ishlar organlaridagi yana ikkita holatdagi adolatsizliklar haqida yozdi. Surishtiruvlarimizga ko‘ra, ichki ishlar organlarida “rezultat” ko‘rsatish uchun jinoyat ishlarini osmondan olib yasash holatlari davom etyapti. O‘tgan yili Qibrayda xasta va himoyasiz 35 yoshli beva ayol IIB xodimlarining nishoniga aylanib, bolasini sotgan degan ayblov bilan 8 yilga qamab yuborilgan, Kun.uz surishtiruvidan keyin ozodlikka chiqarilgan edi. Tahririyatga ma’lum bo‘lishicha, shunga o‘xshash holat Navoiy viloyatida ham kuzatilgan.

Navoiydagi “yasama jinoyatlar” doirasida 20 yoshli bir qiz 2 yilga, 23 yoshli boshqa bir ayol 3,5 yilga qamalgan. Tergov va sud hujjatlarida ular chaqalog‘ini 5 va 10 mln so‘mga sotishga uringani aytiladi. Lekin tafsilotlardan ko‘rinib turibdiki, har ikkita jinoyat ishi protsessual normalarga mutlaqo zid ravishda olib borilgan, sudyalar esa negadir eng muhim jihatlarga ko‘z yumgan. Kun.uz bosh muharriri Dilshod Abduqodirov bu uyushtirilgan jinoyatlarga Ichki ishlar vazirligining jamoatchilik kengashi yig‘ilishida vazir Aziz Toshpo‘latovning e’tiborini qaratdi. Masalani diqqat bilan tinglagan vazir Tergov departamenti boshlig‘i va O‘z xavfsizligi boshqarmasiga xizmat tekshiruvi o‘tkazishni buyurdi.

Saida Mirziyoyeva – prezident ma’muriyati rahbari

Prezident administratsiyasida kadr almashuvlari ro‘y berdi. Davlat rahbarining farmoni bilan, 2023 yilda tugatilgan administratsiya rahbari lavozimi tiklandi va bu lavozimga Saida Mirziyoyeva tayinlandi. U 2023 yil avgustidan beri prezident yordamchisi sifatida ishlab kelayotgan edi. Saida Mirziyoyeva bundan oldin Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari, Mass-media fondi raisi o‘rinbosari, Prezident administratsiyasida axborot siyosati bo‘yicha shu’ba mudiri kabi lavozimlarda ham faoliyat yuritgan.

Sanab o‘tilgan tashkilotlarda Mirziyoyeva bilan yonma-yon ishlagan Komil Allamjonov o‘z faoliyatida uchinchi marta Prezident administratsiyasida ish boshladi. U administratsiya rahbariga jamoatchilik asosida mustaqil maslahatchi etib tayinlandi. Ma’lum qilinishicha, Allamjonov bu lavozimda innovatsion iqtisodiyot, investitsiyalar va so‘z erkinligi kabi sohalarda Saida Mirziyoyevaga ekspertlik yordamini ko‘rsatadi.

Administratsiyadagi boshqa o‘zgarishlarga kelsak, davlat rahbarining yordamchisi sifatida ishlab kelgan Aziz Mag‘rupov prezidentning tashqi investitsiyalar bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga o‘tkazildi. Shavkat Mirziyoyevning boshqa bir maslahatchisi Bekzod Mavlonov esa, prezident yordamchisi etib tayinlandi. Shuningdek, davlat rahbarining tanqidi bilan tugatilgan administratsiyaning nazorat inspeksiyasi boshlig‘i Saidlaziz Saidkarimov hamda departament rahbarlari O‘tkirjon Qodirov va Jahongir Ibragimov lavozimlarini tark etdi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Markaziy bank milliy valuta kursiga ko‘proq erkinlik bera boshlagani oydinlashmoqda. So‘nggi ikki haftada AQSh dollari avvaliga ketma-ket olti savdo kunida salkam 300 so‘mga arzonlashgan bo‘lsa, keyin to‘rt kun ichida qariyb 250 so‘mga mustahkamlandi. Dushanba kuni rasmiy kurs 12 410 so‘mgacha qulashi ortidan, o‘zbekistonliklar oxirgi 1,5 yil ichidagi eng arzon dollar kursiga guvoh bo‘ldi. Shundan keyin trend o‘suvchi shaklga o‘tdi. Oxirgi paytlarda tebranishlar diapazoni kengayganiga qaraganda, Markaziy bank so‘mga ko‘proq erkinlik berish haqidagi chaqiriqlarga amal qila boshlagan ko‘rinadi. Bu – Xalqaro valuta jamg‘armasi missiyasi shu hafta e’lon qilgan hisobotda ham qayd etilgan. Valuta kursini liberallashtirish – iqtisodiyotning tashqi shoklarga chidamliligini oshiradi, deydi ekspertlar.

O‘zbekiston o‘z tarixida ilk marta suveren reytingini oshirishga erishdi. Fitch agentligi O‘zbekistonning chel el valutasidagi kredit reytingini “BB-”dan “BB”ga ko‘tardi va prognozni “barqaror” deb belgiladi. Agentlik buni islohotlarning jadalligi va o‘rta istiqbolda kutilayotgan iqtisodiy o‘sish ehtimollari bilan izohlagan. O‘tgan haftalarda katta uchlikka kiruvchi S&P va Moody’s ham o‘z xulosalarini e’lon qilgan, ular O‘zbekistonning suveren reytingini o‘zgarishsiz qoldirib, prognozni “barqaror”dan “ijobiy”ga oshirgan edi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2030 yilga borib suveren reytingini investitsion darajaga olib chiqishni maqsad qilgan.

Ikkita tumanda hokim o‘rinbosarlari korrupsiya sababli qamaldi. Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumani hokimining sobiq o‘rinbosari Bekzod Davlatov 25 ming dollarlik pora ishida dalolatchilik qilganlikda ayblanib, 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani hokimining sobiq o‘rinbosari Sherdil Ergashev esa 5 ming dollar pora bilan qo‘lga tushgani uchun 5 yilga qamaldi. Bu hafta nazarga tushgan amaldorlardan yana biri – Urgut tumani hokimi o‘rinbosari Zuhriddin Amonov. U fermerlarga yerini xitoyliklarga berib yuborish bilan tahdid qilgani ortidan, lavozimi ko‘tarildi: Amonov faoliyatini Samarqand viloyati veterinariya boshqarmasi boshlig‘i sifatida davom ettiradi.

O‘zbekiston prezidenti tarixda ilk marta Mo‘g‘ulistonga tashrif buyurdi. Ikki davlat rahbarlari Keng qamrovli sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida deklaratsiya imzoladi. O‘zaro savdoni 20 barobarga oshirish, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslarni yo‘lga qo‘yish, yangi transport marshrutlarini ochish va foydali qazilmalar sohasidagi hamkorlik – muzokaralarning asosiy mavzulari bo‘ldi. Tomonlar o‘zaro investitsiyalarni himoya qilish va imtiyozli savdo to‘g‘risida bitimlar tuzishni tezlashtirishga kelishib oldi.

Muallif – Komron Chegaboyev
Doimiy boshlovchi – Bobur Akmalov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova
Tasvirchi – Shohruz Abdurayimov

Mavzuga oid