Jahon | 16:00 / 29.06.2025
13168
11 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning Ukraina bo‘ylab yopirilma zarbasi: Lviv va Cherkassda vayrongarchiliklar, yana bir F-16 quladi

Rossiyalik harbiylar yakshanbaga o‘tar kechasi Ukraina bo‘ylab navbatdagi marta raketalar va dronlar ishtirokida kombinatsiyalangan hujum uyushtirdi. Ukraina qurolli kuchlari hujumda «Shaheed» dronlari hamda turli ballistik va qanotli raketalar qatnashgani haqida xabar bergan.

Lviv, Poltava, Cherkass, Mikolayiv va Zaporijjya oblastlarida vayrongarchiliklar kuzatilgan. Hujumni qaytarish chog‘ida ukrainlarning F-16 qiruvchi samolyoti qulagan, uning uchuvchisi halok bo‘lgan.

Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari yakshanbaga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari turli xildagi 477 ta dron, jumladan, 250 dan ortiq «Shaheed» apparatlari yordamida Ukrainaga hujum qilganini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, harbiy-havo kuchlari «Kinjal» rusumli 4 ta aeroballistik raketa, «Iskander-M» majmuasining 7 ta ballistik raketasi, X-101 rusumli 41 raketa, «Kalibr» rusumli 5 ta raketa (ular Qora dengiz hududidan uchirilgan), shuningdek, S-300 tizimining uchta ballistik raketasi bilan zarba berilganini ma’lum qilgan.

Ukraina qurolli kuchlarining Kiyev vaqti bilan soat 08:30 gacha bo‘lgan ma’lumotlariga ko‘ra, 475 ta havo nishoni zararsizlantirilgan, shundan 249 tasi o‘t ochish vositalari bilan urib tushirilgan, yana 226 tasi esa «lokatsiyasini yo‘qotgan» (Ukraina harbiylari nishonlar radar ekranlaridan talafot yetkazmasdan g‘oyib bo‘lganida shunday so‘zlarni ishlatadi).

Rossiya mudofaa vazirligi yirik zarba haqida qisqa xabar e’lon qildi, biroq unda Rossiya raketalari va dronlari aynan qaysi nishonlarga zarba berishga uringani haqida batafsil ma’lumot yo‘q. Faqat bunday xabarlar uchun odatiy bayonot bor, ya’ni zarba «Ukrainaning harbiy-sanoat majmuasi obektlari va neftni qayta ishlash zavodlari»ga berilgan.

Avvalroq kuzatuvchilar tez orada Rossiya Ukrainaga dronlar bilan yopirilma zarbalar berishi, bir hujumda yarim ming «Shaheed»dan foydalanishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi.

Hujum qanday boshlangan?

Kechqurun Ukraina hududiga Rossiyaning yuzlab dronlari uchib kira boshladi, soat birdan keyin havo trevogasi mamlakatning g‘arbiy oblastlariga ham yetib bordi.

Keyin Qora dengiz hududidan uchirilgan «Kalibr» qanotli raketa guruhlari, so‘ngra Tu-95MS bombardimonchi samolyotlaridan X-101 qanotli raketalari bir necha to‘lqin bo‘lib Ukrainaga uchib kirdi. Raketalar sharq va janubdan uchib kelib, Ukraina g‘arbiga yo‘nalgan.

Shuningdek, Rossiyaning MiG-31K samolyotlari ikki marta havoga ko‘tarilib, «Kinjal» aeroballistik raketalarini uchirgan, bir nechta yer usti komplekslari ham ballistik raketalar bilan zarba bergan. Raketa hujumi deyarli ertalab soat 5 gacha davom etgan.

Poltava oblastining Kremenchug shahriga bir nechta raketa hujum qilgani ma’lum: «Kinjal» aeroballistik raketalari bilan ham, yerdan otilgan raketalar bilan ham. Bu shahar so‘nggi haftalarda bir necha bor Rossiyaning yirik zarbalari nishoniga aylanmoqda.

Poltava oblasti ma’muriyati rahbari Volodimir Kogut Kremenchug rayonida korxonalardan biri hujumga uchragani, u yerda yong‘in chiqqani haqida xabar qilgan.

Lviv oblasti va Burshtin shahriga zarbalar

Mahalliy vaqt bilan soat 02:20 atrofida Lvivda ilk bor kuchli ovozlar eshitildi – bu asosan havo hujumidan mudofaa tizimlari ishga tushgani haqida darak beradigan ovoz edi.

Keyingi ikki soat mobaynida Lvivda yana bir necha portlashlar bo‘lgan.

Lviv shahri meri Andrey Sadovoy havodagi nishonlarning aksari shaharni aylanib o‘tgani, ammo bir nechasi uning hududiga kirgani haqida xabar qilgan.

«Shahar bo‘ylab tekshiruvni yakunladik. Dushman muhim infratuzilmaga zarba berishga harakat qildi. Ushbu tungi qo‘shma hujumning murakkabligiga qaramay, Lvivda birorta ham odam va fuqarolik binosi jabrlanmagan. Himoya uchun havo hujumidan mudofaa kuchlariga rahmat!» – deb yozdi Sadovoy ertalab.

Shuningdek, dronlar va raketalar Lvivga yaqinlashib, oblastning boshqa shaharlariga, jumladan Mikolayiv va Zolochevga yo‘nalgan.

«Kechasi dushman Lviv oblastiga jangovar dronlar va qanotli raketalar bilan hujum qildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar va jabrlanganlar yo‘q. Bosqinchilar oblastimizning muhim infratuzilmasiga zarba berishdi», – deb yozdi Lviv oblasti ma’muriyati rahbari Maksim Kozitskiy telegram-kanalida.

Lvov oblastining Drogobich rayoni ham zarba ostida qolgan. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, u yerda «sanoat infratuzilmasi obektigaga zarba bo‘lgan, natijada yong‘in kelib chiqqan».

Drogobich rayoni ma’muriyati rahbari Stepan Kulinyak ertalabki soat 7 holatiga ko‘ra jabrlanganlar va qurbonlar haqida xabar kelib tushmagan. Shahar o‘qqa tutilishi tufayli Drogobichning bir qismi elektr energiya ta’minotidan uzilgan.

Ivano-Frankovsk oblastida Rossiya raketalari va dronlari Burshtin tomon yo‘nalgan.

Smela va Mikolayivdagi vayrongarchiliklar

Cherkass oblasti rahbari Igor Taburets Rossiya zarbalari oqibatida Cherkass yaqinidagi Smela shahrida fuqarolik infratuzilmasi vayron bo‘lgani va olti kishi yaralangani (boshqalar qatorida u yerda muhim temiryo‘l uzeli ham bor) haqida xabar bergan.

«Smela. Shaharga keng ko‘lamli raketa-dron hujumi oqibatlarini bartaraf etish davom etmoqda. Barcha zarur xizmatlar shaharliklar bilan birga. Olti kishi jabrlangan. Ulardan biri – yosh bola», – deb yozdi Taburets.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, uchta to‘qqiz qavatli bino shikastlangan. Oziq-ovqat texnologiyalari milliy universitetining mahalliy kolleji binosi ham jiddiy darajada vayron bo‘lgan.

Bu kollej haqida feysbukda Cherkass oblastidan Oliy Radaga saylangan deputat Sergey Rudik ham yozgan: «Ukraina va bizning Smelada dahshatli tun. Shahar so‘nggi yillardagi eng yirik zarbalarga duchor bo‘ldi. Oziq-ovqat texnologiyalari universiteti kolleji, uchta ko‘p qavatli uy jiddiy zarar ko‘rdi».

Shuningdek, u ko‘p qavatli uylardan birining yonida raketa zarbasi oqibatida hosil bo‘lgan voronka suratini e’lon qildi. «Agar u bir necha o‘n metr chetroqqa tushganida jabrlanganlar soni butunlay boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Xudo asradi», – deb yozadi Rudik.

Zaporijjya oblasti ma’muriyati rahbari Ivan Fedorov hududga raketa hujumi uyushtirilganini ma’lum qildi: u yerda «korxonalardan birining ishlab chiqarish binosiga zarar yetgan».

Mikolayiv oblasti rahbari ta’kidlashicha, kechasi soat 01:28 atrofida Rossiya Mikolayivga ballistik raketalar bilan, soat 02:56 dan boshlab esa bir necha guruh dronlar bilan hujum qilgan.

Qandaydir infratuzilma obekti zarba ostida qolgan. Ombor binolari shikastlangan, yaradorlar yo‘q.

So‘nggi haftalarda Rossiya Ukrainaga hujumlarini kuchaytirdi. Juma kunidan shanbaga o‘tar kechasi Odessa dronlar hujumiga uchragandi, shahardagi ko‘p qavatli uyga zarba natijasida bir oila a’zolari: er va xotin halok bo‘lgandi.

27 iyun kuni Rossiya qo‘shini Dnipropetrovsk oblastining Samar shahri, Sumi, Chuhiyev (Xarkiv oblastida), shuningdek Starokonstantinov (Xmelnitskaya oblasti) shaharlariga ballistik raketalar bilan hujumlar uyushtirgandi.

23 iyun kuni Kiyev bo‘ylab yopirilma zarbalar berilishi oqibatida 9 kishi halok bo‘lgandi.

F-16 qiruvchisi piloti o‘limi

2025 yil 29 iyunga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainaga 500 dan ortiq havo nishonlarini uchirdi, deb xabar berdi Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari. Yopirilma hujumni qaytarish uchun F-16 samolyotlari jalb qilindi, ularning uchuvchilari o‘nlab dronlarni yo‘q qilgan.

«Afsuski, hozir bizda yana bir og‘riqli yo‘qotish bor. Bugun tunda dushmanning yopirilma havo hujumini qaytarishda F-16 samolyotida 1-darajali uchuvchi, 1993 yilda tug‘ilgan podpolkovnik Maksim Ustimenko halok bo‘ldi», – deyiladi Ukraina qurolli kuchlari xabarida.

Ma’lum qilinishicha, uchuvchi bort qurollarining butun majmuasini qo‘llab, yettita havo nishonini urib tushirgan.

«Oxirgisiga qarshi ishlash paytida – uning samolyoti shikastlangan va balandlikni yo‘qota boshlagan. Maksim Ustimenko qo‘lidan kelgan hamma ishni qildi, mashinani aholi punktidan uzoqlashtirdi, biroq katapulta qilishga ulgurmadi... Qahramon kabi halok bo‘ldi!» – deb yozadi harbiy-havo kuchlari.

Birinchi darajali uchuvchi, podpolkovnik Ustimenko ikki yil oldin halok bo‘lgan boshqa ukrainalik uchuvchi – Andrey Pilshchikov («Jus») bilan kursdosh bo‘lgan, dedi Pilshchikovning onasi Liliya Averyanova.

«Maks, po‘latdek yigit. Doim eng yaxshi bo‘lishga intilardi», – deb yozdi u feysbukdagi sahifasida va o‘g‘lining arxividan Maksimning suratini ham e’lon qildi. «Bu guruhning super-intellekti, ajoyib aytishnik edi. Lekin uning katta, baquvvat qanotlari ham bor edi. Katta mas’uliyat. Ishga katta sadoqat. U aviatsiya marshali bo‘lishi kerak edi, – deb yozadi «Jus»ning onasi. – Andrey bilan birinchi kursdan beri birga edi, endi osmonda ham mangu birga».

Yakshanbaga o‘tar kechasi Ukrainaning F-16 qiruvchi samolyoti qulashi Ukraina tomonidan 2024 yil yozida olingan bunday samolyotlar halokati bilan bog‘liq uchinchi tasdiqlangan holatdir.

Aprel oyida F-16 qiruvchisining 26 yoshli kapitani Pavel Ivanov halok bo‘lgani ma’lum qilingandi. Bu 2024 yil 26 avgustdan buyon birinchi shunday fojia bo‘lgandi, o‘tgan yil yozida tajribali pilot Aleksey Mes boshqaruvidagi samolyot Rossiyaning Ukraina g‘arbidagi oblastlarga hujumlarini qaytarish chog‘ida halokatga uchragandi. O‘sha aviahalokat sabablari hozirgacha ochiqlanmagan.

Mavzuga oid