Oshadigan nafaqalar, joriy etilayotgan eskrou tizimi va sog‘liqni saqlash sohasida yangi model – 1 iyuldan nimalar o‘zgaradi?
Kun.uz sayti o‘z an’anasiga muvofiq 2025 yil 1 iyuldan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.
Pensiya va nafaqalar oshiriladi
2025 yil 1 iyuldan boshlab pensiyalar va nafaqalar hamda kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordam to‘lovlari miqdorlari 10 foizga oshiriladi. Bu haqda prezidentning «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida»gi farmonida ko‘zda tutilgan.
Bunda:
- yoshga doir eng kam pensiya miqdori – oyiga 918 000 so‘m etib;
- nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori – oyiga 1 012 000 so‘m etib;
- kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasining har oylik miqdori: 3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik farzandi uchun – 360 000 so‘m, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzandi uchun – 275 000 so‘m; oilaning ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha – 165 000 so‘m; oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun qo‘shimcha – 110 000 so‘m etib;
- kam ta’minlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori – 420 000 so‘m etib;
- fuqarolarga to‘lanadigan boshqa pensiyalar va nafaqalar miqdorlari ilovaga muvofiq belgilanadi.
2025 yil 1 avgustdan boshlab budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori ham 10 foizga oshiriladi.
Uy sotib olishda eskrou tizimi joriy etiladi
2025 yil 1 iyuldan O‘zbekistonda uy-joy xarid qilish jarayonida eskrou tizimi amaliyotga joriy etiladi. Bu haqda prezidentning tegishli farmonida keltirib o‘tilgan.
Yangi tartib fuqarolarning huquqlarini muhofaza qilish hamda qurilish sohasida qonuniylikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Yangi tizimga ko‘ra:
- shartnomalar faqat davlat ro‘yxatidan o‘tgan qurilish obektlari bo‘yicha tuziladi;
- xaridor to‘layotgan mablag‘ to‘g‘ridan to‘g‘ri qurilish kompaniyasiga berilmaydi, balki bankdagi maxsus eskrou hisobvaraq orqali amalga oshiriladi;
- qurilish ishlari kamida 30 foizga bajarilganidan so‘nggina bank tomonidan mablag‘ ko‘chiriladi yoki kredit ajratiladi;
- 2025 yil 1 iyuldan 31 dekabrgacha amaldagi va yangi tizim parallel ravishda qo‘llanadi;
- 2026 yil 1 yanvardan boshlab faqat eskrou hisobvaraq orqali hisob-kitoblarga ruxsat etiladi;
- qurilish sohasida shaffoflikni ta’minlash maqsadida «Shaffof qurilish» axborot tizimi joriy etiladi;
- ulushli shartnomalar bo‘yicha ma’lumotlar avtomatik tarzda soliq organlariga yuboriladi.
Nogironlik pensiyalari proaktiv shaklda tayinlanadi
Prezidentning «Nogironlik pensiyalari va kompensatsiyalarni tayinlashda proaktiv xizmatlarni joriy etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan. Unda pensiya va kompensatsiyalarni tayinlash tartibi soddalashtirilishi nazarda tutilgan.
Hujjat «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini amalga oshirish doirasida aholiga davlat pensiyalari va kompensatsiyalarni tayinlash tartibini takomillashtirish orqali pensiya oluvchilar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga qaratilgan.
Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 iyuldan fuqarolarga davlat pensiyalari va kompensatsiyalarni tayinlashning quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibi joriy etiladi:
— fuqarolarga I yoki II guruh nogironligi belgilanishi munosabati bilan pensiyalarni alohida murojaat talab etmagan holda proaktiv shaklda tayinlash. Bunda fuqaroga proaktiv shaklda tayinlangan pensiyadan voz kechish huquqi beriladi;
— ko‘rish qobiliyati bo‘yicha I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga hamda yadroviy poligonlar va boshqa radiatsiya-yadroviy obektlarda harbiy xizmatni o‘tagan shaxslarga kompensatsiyalarni elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida proaktiv shaklda tayinlash;
— nogironlik pensiyasi tayinlangandan so‘ng kamida bir yil ish stajiga ega bo‘lganda fuqaroning pensiya miqdorini har ikki yilda proaktiv shaklda qayta hisoblashni amalga oshirish.
2025 yil 1 oktyabrgacha fuqarolarga pensiya tayinlashda amaliy yordam ko‘rsatish xizmati xususan, staj va ish haqiga oid elektron ma’lumotlardagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ham joriy qilinadi.
Sog‘liqni saqlash sohasida yangi model joriy etiladi
Bu haqda prezidentning “Sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarni amalga oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan.
Hujjat bilan prezidentning PF-88-son farmonini ijro etish vazifalari belgilandi.
Qaror bilan quyidagilar 2025 yil 1 iyuldan respublikaning 15 ta tuman (shahar)larida, Samarqand viloyatida esa 2026 yil 1 yanvardan sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli tajriba-sinov loyihasini joriy etish doirasida sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishning asosiy maqsadlari etib belgilangan:
- birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish orqali oilaviy poliklinikalarda ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar sifat va samaradorligini oshirish;
- tibbiy yordam ko‘rsatishda tibbiyot muassasalari, aholi va tibbiyot xodimlarini aniq vazifalar, huquq va majburiyatlar bilan ta’minlash;
- tibbiyot xodimlarining bilim va malakasini oshirish, ularning mehnatiga munosib haq to‘lash tizimini joriy etish;
- aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatishda qisqa muddatli choralarni o‘z ichiga olgan "Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar" dasturini amalga oshirish.
Tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limlari amaldagi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarini xatlovdan o‘tkazadi va ularni Tajriba-sinov loyihasi talablariga muvofiq yuridik shaxs maqomiga ega tegishli tipdagi oilaviy poliklinika shaklida qayta tashkil etadi.
Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar markaziy shifoxonalarning maslahat-diagnostika bo‘linmalariga aylantiriladi.
Tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limlari – mustaqil balansga, shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga va davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrga ega davlat boshqaruvi organi. O‘z faoliyatida tegishli tuman (shahar) hokimligi va sog‘liqni saqlash boshqarmasiga bo‘ysunadi.
Tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limlari xodimlariga hujjat bilan tasdiqlangan tarif razryadlari qo‘llangan holda ish haqi hisoblanadi. Bunda tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limlariga bo‘ysunuvchi tibbiyot muassasalari tomonidan pulli asosda ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlardan tushumlarning 2 foizi ushbu bo‘limlarning budjetdan tashqari rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkaziladi.
Tajriba-sinov loyihasi doirasida oilaviy poliklinikalar quyidagilarni amalga oshirishga majbur:
- tibbiyot brigadalari va biriktirilgan aholi o‘rtasida kelishuv tuzish;
- kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmatlarni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rsatishni ta’minlash;
- biriktirilgan aholi soni asosida Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan xarid shartnomalari tuzish;
- autsorsing asosida oilaviy shifokor, pediatr, stomatolog, akusher-ginekolog va diagnostika bo‘yicha mutaxassislarning xizmatlarini ko‘rsatishni joriy etish;
- oilaviy shifokorlar faoliyatini ular xizmat ko‘rsatayotgan aholi soni asosida muntazam baholash;
- individual davolash va sog‘lomlashtirish dasturlariga muvofiq kafolatlangan paket doirasida aholini zarur dori vositalari bilan bepul ta’minlashni yo‘lga qo‘yish va h.k.
2025 yil 1 iyuldan boshlab respublikaning barcha davlat tibbiyot muassasalarida kasalliklarning og‘irlik darajasi va davolashning murakkabligidan kelib chiqib maxsus ko‘nikmalarni talab qiladigan davolash choralari va yuqori xavf darajasidagi amaliyotlarni samarali amalga oshirgan shifokorlarga oylik lavozim maoshlarining 25 foizidan 100 foizigacha ustama to‘lash tizimi joriy etiladi.
Qaror bilan Tajriba-sinov loyihasi doirasida tibbiyot muassasalarini ta’minlash uchun axborot-kommunikatsiya jihozlari va tarmoq qurilmalari ro‘yxati tasdiqlangan.
«Jonli ijro haftaligi» o‘tkaziladi
2025 yil 1 iyuldan boshlab har chorakda respublikaning barcha hududlarida «Jonli ijro haftaligi» o‘tkaziladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida keltirib o‘tilgan.
«Jonli ijro haftaligi» doirasida:
— madaniyat va san’at yo‘nalishidagi ta’lim tashkilotlarida jonli ijroning ahamiyatini tushuntirish bo‘yicha taniqli san’atkorlar ishtirokida ijodiy uchrashuvlar o‘tkaziladi;
— O‘zbekiston MTRK tizimidagi teleradiokanallarda soha ekspertlari ishtirokida jonli ijroning ahamiyati va fonogrammaning salbiy jihatlariga bag‘ishlangan «tok-shoular» tashkil qilinadi;
— davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi konsert, madaniyat saroylari va boshqa muassasalarda jonli ijroda va fonogrammadan qisman foydalanilgan holda konsert-tomosha tadbirlari o‘tkaziladi.
Shuningdek, qarorga ko‘ra 2025 yil 1 iyuldan boshlab:
- jonli ijroda tashkil etiladigan konsert-tomosha tadbirlari bo‘yicha reklamalarni O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi teleradiokanallarda efirga berish uchun tadbir tashkilotchisiga 30 foiz miqdorida chegirma beriladi;
- fonogrammadan qisman foydalanilgan holda tashkil etiladigan konsert-tomosha tadbirlari tashkilotchilari uchun ijara to‘lovidan (kommunal to‘lovlar bundan mustasno) 25 foiz miqdorida chegirma beriladi;
- fonogrammadan qisman foydalanilgan holda tashkil etiladigan konsert-tomosha tadbirlari bo‘yicha reklamalarni O‘zbekiston MTRK tizimidagi teleradiokanallarda efirga berish uchun tadbir tashkilotchisiga 15 foiz miqdorida chegirma beriladi;
- jonli ijroda va fonogrammadan qisman foydalanilgan holda tashkil etiladigan konsert-tomosha tadbirlari O‘zbekiston MTRK tizimidagi teleradiokanallarda tegishli teleradiokanal Badiiy kengashining ijobiy xulosasi asosida bepul efirga uzatiladi.
Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tashkil qilinadi
«Ta’lim sohasida loyihalar markazi» loyiha ofisi negizida Prezident administratsiyasi huzurida Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tashkil etiladi. Bu haqda davlat rahbarining tegishli farmoni qabul qilingan.
Farmonda belgilanishicha, agentlik o‘rta maxsus, kasbiy, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’lim, shuningdek, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning masalasini oshirish, malakalarni baholash sohalarida tashqi sifat nazoratini amalga oshiruvchi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti agentlik tizimiga o‘tkaziladi.
Agentlik direktori prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi va ozod qilinadi hamda uning maqomi prezident maslahatchisi o‘rinbosariga tenglashtiriladi.
2025 yil 1 iyuldan boshlab yangi tashkil etiladigan ta’lim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish quyidagi ikki bosqichda amalga oshiriladi:
— birinchi bosqichda faoliyatni boshlash uchun o‘rta maxsus, kasbiy, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’lim tashkilotlari o‘rnatilgan tartibda litsenziyalanadi, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ta’lim tashkilotlari xabardor qilish tartibida tashkil etiladi;
— ikkinchi bosqichda ta’lim tashkilotlarining kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladigan ta’lim dasturlari (kasblar, ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklar, ixtisosliklar, kurslar) maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkaziladi. Bunda:
- maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tmagan ta’lim dasturlari bo‘yicha ta’lim oluvchilarni o‘qishga qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi;
- maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tmasdan qabul jarayonini amalga oshirish litsenziya talab va shartlarini qo‘pol ravishda buzish deb baholanadi va ta’lim tashkilotiga berilgan litsenziyaning bekor qilinishiga (faoliyati to‘xtatilishiga) asos bo‘ladi.
Xususiy nazorat tizimi mexanizmlari shakllantiriladi
2025 yil 1 iyuldan boshlab yakka tartibdagi uy-joylar va kichik hajmdagi noturar bino va inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish ishlari yuzasidan qurilish nazorati xususiy sektor tomonidan olib boriladi. Shu va boshqa tartiblar prezidentning 2025 yil 14 apreldagi tegishli farmonida qayd etib o‘tilgan.
Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 iyuldan boshlab:
— yakka tartibdagi uy-joylar va kichik hajmdagi noturar bino va inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish ishlari yuzasidan qurilish nazorati xususiy sektor tomonidan olib boriladi;
— xususiy qurilish nazorati arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish faoliyati uchun litsenziyaga ega bo‘lgan hamda qurilish obektining loyiha-smeta hujjatlarining arxitektura qismini ishlab chiqqan loyiha tashkiloti tomonidan shartnoma asosida amalga oshiriladi;
— xususiy qurilish nazorati obektlarida qurilish (rekonstruksiya ishlari) yakuniga yetgandan so‘ng loyihachi tomonidan «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimida xulosa shakllantiriladi va buyurtmachiga taqdim etiladi;
— qurilishi (rekonstruksiya ishlari) tugallangan obektdan foydalanish uchun ruxsatnoma berish tegishli tuman (shahar) qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limlari (Toshkent shahrida — tuman qurilish bo‘limlari) tomonidan amalga oshiriladi;
— xususiy qurilish nazorati olib borilmaganda yoki nazoratni olib borgan loyihachining ijobiy xulosasi mavjud bo‘lmaganda obektlarni foydalanishga qabul qilish taqiqlanadi.
Shuningdek, 2025 yil 1 iyuldan boshlab barcha ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimi obektlarini majburiy tarzda shartnoma asosida texnologik auditdan o‘tkazish tartibi joriy etiladi.
Hujjatga ko‘ra, 2025 yil 1 iyuldan boshlab:
- bosqichma-bosqich hududiy inspeksiyalarda Qurilish obektlarini onlayn kuzatish markazi tashkil etiladi;
- tajriba-sinov tariqasida 2025 yilda Qashqadaryo viloyatidagi davlat budjeti mablag‘lari hisobiga yangidan quriladigan obektlarga videokameralar o‘rnatiladi;
- qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida davlat nazoratini amalga oshirishda mobil videokameralar (bodikamera) va maxsus planshetlardan foydalaniladi;
- mobil videokameralar (bodikamera), maxsus planshetlar va videokameralardan olingan ma’lumotlar to‘g‘ridan to‘g‘ri Qurilish obektlarini onlayn kuzatish markaziga uzatiladi;
- «E-mamuriy ish» axborot tizimida shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzgan shaxslarga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llashni ko‘rib chiqish tartibi soddalashtiriladi.
Boshqa o‘zgarishlar
2025 yil 1 iyuldan boshlab:
- o‘z xonadonida faoliyat yuritadigan yakka tartibdagi tadbirkorlarga mebel mahsulotlarini tayyorlash faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi beriladi;
- import qiluvchi tashkilot tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilgan dori vositalarini ularning ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki uning rasmiy dilerlari orqali realizatsiya qilish elektron hisobvaraq-faktura asosida amalga oshiriladi. Raqamli markirovkalangan mahsulotlarni ulgurji sotish faqat naqd pulsiz shaklda bank hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladi;
- ayrim davlat xizmatlari va funksiyalari xususiy sektorga o‘tkaziladi;
- nogironligi bo‘lgan shaxslarga qonunchilikda belgilangan soliq imtiyozlari ularning murojaatisiz proaktiv shaklda qo‘llanadi;
- davlat organlari va tashkilotlari tomonidan davlat xizmatchilarini malakasini oshirish va qayta tayyorlashning yangi tartibi joriy etiladi;
- «El-yurt umidi» jamg‘armasi ta’lim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan stipendiatlar O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun ustuvor hisoblangan sohalar bo‘yicha yetakchi xalqaro tashkilotlar, xorijiy muassasalar va yirik kompaniyalarida stajirovka o‘tashiga yoki amaliy faoliyat bilan shug‘ullanishiga ruxsat beriladi;
- sug‘urta tashkilotlari bilan bojxona organlari axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilgan holda chegara orqali harakatlanayotgan avtotransport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi;
- Savdo-sanoat palatasining hududiy bo‘linmalariga «Davlat mulki» axborot tizimi orqali davlat va davlat ishtirokidagi korxonalar ko‘chmas mulk obektlarini sotish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri elektron onlayn auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha ariza berish huquqi beriladi;
- elektron tijorat operatorlari, shu jumladan, tashuvchilarga mijozlarni izlash bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi agregatorlar faoliyatini amalga oshirishi uchun xabardor qilish tartibi joriy qilinadi;
- aholi uy-joylarining energiya auditini o‘tkazish xarajatlari hamda quyosh panellari va geliokollektorlar qiymatining 20 foizi va issiqlik nasoslari (havo, suv va geotermal) qiymatining 40 foizini, lekin bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan oshmagan miqdorda qoplash uchun agentlik tomonidan o‘rnatiladigan tartib asosida subsidiya ajratish yo‘lga qo‘yiladi;
- veterinariya va fitosanitariya sohasida tashqi savdo yuklariga tegishli har qanday hujjatlarga muhr va shtamp bosish hamda ularni yozma tarzda ro‘yxatga olish amaliyoti bekor qilinadi. Barcha tartibotlar ushbu hujjatlarni elektron shaklda tasdiqlash orqali amalga oshiriladi (tovarlar eksportida xalqaro shartnomalarda qat’iy belgilangan holatlar bundan mustasno);
- aholiga xizmat ko‘rsatuvchi budjet tashkilotlari, gaz va neft mahsulotini sotuvchi va mulkni ijaraga beruvchi yuridik shaxslar majburiy tartibda elektron to‘lov tizimlariga ulanadi hamda to‘lovlarni ular orqali amalga oshirish imkoniyatini yaratadi;
- respublika hududida mulkchilik shaklidan qat’i nazar, qurilishi tugallangan barcha obektlarda ijroviy topografik tasvirga olish jarayonlari bajariladi va «topografiya» ma’lumotlar bazasiga kiritiladi;
- davlat budjeti mablag‘lari hisobidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida muhtoj oilalarga bir marta beriladigan moddiy yordam o‘rniga ushbu hududlarda yashovchi Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga uy-joyida artezian quduq qazish, suv nasoslarini o‘rnatish hamda ichimlik suv filtrlarini xarid qilish xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibi joriy etiladi;
- ko‘p qavatli uylar massivlaridagi tuproq va yashil qoplamali umumiy foydalanishdagi hududlarni o‘zboshimchalik bilan betonlashtirganlik, qurilma va konstruksiyalarni o‘rnatganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytiriladi;
- «Ekofaol fuqaro» platformasiga o‘zi ekkan daraxti to‘g‘risida ma’lumotlar kiritgan kambag‘al oilalar a’zolariga o‘rmon fondi yerlarida ekilgan har 100 ta daraxt uchun Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasidagi mablag‘lar hisobidan BHMning bir baravari miqdorida subsidiya ajratish tartibi joriy etiladi. Bunda subsidiya yil davomida ikkiga bo‘lib teng ulushlarda to‘lanadi;
- sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasidagi ayrim huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga jarima qo‘llash tartibi joriy etiladi;
- barcha davlat MTTlarida xodimlar va tarbiyalanuvchilarning elektron davomatini yuritish, ish vaqti tabelini shakllantirish, tarbiyalanuvchilarning oziq-ovqat xarajatlarini natura shaklida hisoblash, ota-onalar to‘lovi hamda boshqa to‘lovlar «Bolalar bog‘chasi» axborot tizimi orqali amalga oshiriladi;
- davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdorlari 15 foizga oshiriladi;
- ekologik toza hudud rejimi joriy qilingan hududlardagi fuqarolar yig‘inlariga «ekomahalla», «ekoqishloq» va «ekoovul» maqomi beriladi;
- bolalar uchun kontent yaratuvchi yuridik shaxslar foyda solig‘idan ozod qilinadi;
- ayrim turdagi xomashyo tovarlari va ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlarga nisbatan eksport bojxona bojlari joriy etiladi.
Tavsiya etamiz
AQShda xatolik tufayli 400 yilga qamalgan erkakka 1,7 mln dollar kompensatsiya to‘landi
Jahon | 23:34 / 04.07.2025
«Ba’zilar uchun genotsid daromadli» - BMT eksperti butun dunyoni Isroil bilan savdoni to‘xtatishga chaqirdi
Jahon | 18:56 / 04.07.2025
40 daraja issiq: bunaqa paytda xodimlar qanday huquqlarga ega?
Jamiyat | 17:15 / 03.07.2025
Issiqdan qanday saqlanish kerak? – JSST tavsiyalari
O‘zbekiston | 16:06 / 02.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Isroilda G‘azoda doimiy otashkesim o‘rnatish talabi bilan ko‘p ming kishilik aksiya o‘tkazildi
Jahon | 10:58
-
IIBB arzon narxdagi “dacha”ga oldindan to‘lov qilmaslikka chaqirdi
Jamiyat | 10:41
-
Rossiya O‘zbekistonda bolalar ovqatlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi
Iqtisodiyot | 10:40
-
Tramp Maskning yangi partiya yaratish g‘oyasini «kulgili» deb atadi
Jahon | 10:26
Mavzuga oid

17:25 / 27.05.2025
Ilm uchun katta mukofot, haydovchilarga yengillik va Xitoyga vizasiz rejim – 1 iyundan nimalar o‘zgaradi?

12:40 / 28.04.2025
Elektrga yangi tarif, cheklanayotgan fonogramma va mahsulotlarda paydo bo‘ladigan “Halol” belgisi – 1 maydan nimalar o‘zgaradi?

14:47 / 27.03.2025
Kambag‘al oilalarga 22,5 mln so‘m grant, ijtimoiy kartaga “ko‘chayotgan” qog‘ozbozlik va yetim bolalarga g‘amxo‘rlik – 1 apreldan nimalar o‘zgaradi?

19:33 / 25.02.2025