Jamiyat | 15:04 / 29.06.2025
4510
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdan Chorvoqqa avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

1 iyuldan boshlab poytaxtning «Mashinasozlar» metro bekati oldidan Chorvoqqa avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Chipta narxi 25 ming so‘mni tashkil etadi.

Foto: Toshshahartransxizmat

2025 yil 1 iyul kunidan «Toshavtobustrans» MChJ tomonidan «Mashinasozlar metrosi» (Toshkent) — Chorvoq (Humson qo‘rg‘oni) avtobus yo‘nalishida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari sifatini oshirish va aholining transportga bo‘lgan talabini inobatga olgan holda amalga oshirilmoqda.

Yo‘nalishga MAN RR3 rusumli turistik avtobuslar biriktiriladi. Ushbu avtobuslar 47 ta o‘rindiqli, shinam va konditsionerlar bilan jihozlangan. Yo‘nalishda yo‘lkira narxi 25 ming so‘mni tashkil etadi. Birinchi qatnov «Mashinasozlar metrosi» bekatidan har kuni soat 06:00 da boshlanadi.

Ta’kidlanishicha, qatnovlar har 1,5 soatda amalga oshiriladi. Qatnov vaqti 1 soat 30 daqiqani tashkil etadi. So‘nggi qatnov soat 20:30 da Chorvoq tomondan amalga oshiriladi va soat 22:00 da «Mashinasozlar metrosi»da tugatiladi.

Yo‘nalishdagi avtobuslar o‘z harakatini Mashinasozlar metrosidan boshlab, Maxtumquli ko‘chasi, Yangi O‘zbekiston bog‘i, Hojikent mavzesi, Chinorkent maskani orqali Humson qo‘rg‘onigacha harakatlanadi.

«Yo‘nalishda naqd pulda va bank kartalari orqali to‘lov amalga oshirish imkoniyati mavjud», — deyiladi xabarda.

Mavzuga oid