Jahon | 16:43 / 04.05.2025
6101
6 daqiqa o‘qiladi

Husiychilar raketasi Tel-Avivdagi aeroport yaqinida quladi

Ben-Gurion aeroportida parvozlar bir muddat to‘xtatildi. Isroil bunga javoban «yetti karra» kuchli zarba yo‘llash bilan tahdid qildi.

Foto: Getty Images

Yamandagi husiychilar Isroilga qarata uchirgan ballistik raketa Tel-Avivdagi Ben-Gurion aeroporti yaqinida portladi.

Internetda e’lon qilingan kadrlarda haydovchilar yo‘lda mashinalarni to‘xtatib, yashirinishga urinayotganini ko‘rish mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda yo‘lovchilar terminalidan olingan tasvirlarda tutun ustuni ko‘tarilgani aks etgan.

Ko‘rinishidan, raketa aeroport atrofidagi panjara yaqiniga tushgan.

Isroil ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, portlash oqibatida to‘rt kishi yaralangan, yana ikki kishi bombapanagohga ketayotganda jarohatlangan.

Ben-Gurion aeroportida parvozlar bir muddat to‘xtatildi.

Zarba oqibatida aeroportning uchinchi terminaliga olib boruvchi yo‘l shikastlangan.

Isroil televideniyesida portlash oqibatida hosil bo‘lgan chuqurlik atrofida mamlakat politsiya markaziy okrugi boshlig‘i Yair Xetsroni qutqaruv xizmatlari va aeroport xodimlari bilan birga turgani aks etgan kadrlarni namoyish etdi.

«Shundoqqina orqamda voqea joyi ko‘rinib turibdi – diametri bir necha o‘n metr va chuqurligi bir necha o‘n metr bo‘lgan voronka, – dedi u. – Shuni aytish kerakki, aholi ko‘rsatmalarga quloq tutdi va shuning uchun bugun bizda stress holatlarini hisobga olmaganda, ushbu hodisa natijasida jabrlanganlar yo‘q. Shuni ta’kidlashim kerakki, vaziyat barqarorlashtirilgan, politsiya Aeroportlar boshqarmasi bilan birgalikda barcha kirish yo‘llarini yopmoqda va jiddiy zarar yo‘q».

Shunga qaramay, Germaniyaning Lufthansa va Ispaniyaning Air Europa aviakompaniyalari yakshanba kuni Tel-Avivga parvozlarni to‘xtatdi.

Havo hujumidan mudofaa tizimi raketani nega o‘tkazib yuborgan?

Isroil harbiylari hodisa tafsilotlari tekshirilayotgani va nima uchun havo hujumidan mudofaa tizimlari raketani tutib ololmaganiga aniqlik kiritayotganini ma’lum qilgan.

Husiychilar vakili Yahyo Sari o‘z telemurojaatida Isroil aeroporti «endi aviatashuvlar uchun xavfsiz emasligi»ni aytdi.

Mudofaa vaziri Israel Kats esa shunday dedi: «Kim bizga zarar yetkazsa, bunga javoban yetti karra kuchliroq zarba qabul qilib oladi».

Eron ko‘magida harakat qilayotgan husiychilar muntazam ravishda «Ben-Gurion» aeroportini o‘qqa tutishga urinib kelmoqda.

Guruh G‘azodagi Hamas bilan birdamlik belgisi sifatida Isroilga raketa hujumlari uyushtirmoqda, ammo kamdan kam holatlarda Isroil havo mudofaasini yorib o‘tishga muvaffaq bo‘linmoqda.

Isroil oxirgi marta husiychilarga qarshi harbiy harakatlarni uch oy oldin amalga oshirgan edi. O‘shandan beri Qo‘shma Shtatlar va uning xalqaro koalitsiya bo‘yicha hamkorlari Isroilga javob harakatlaridan tiyilishni taklif qilib, husiychilarga zarbalar berib kelmoqda.

Isroilning yakshanba kuni husiychilar tomonidan o‘qqa tutilishi so‘nggi ikki kun ichida beshinchisi bo‘ldi.

AQSh Yamandagi husiychilarga qarshi operatsiyalarni, asosan, havodan zarbalar bilan davom ettirmoqda. Oxirgi marta bunday zarbalar yakshanba kuni erta tongda berildi – arab nashrlari ittifoq aviatsiyasining 10 ta hujumi haqida xabar bergan.

AQShning husiychilarga qarshi kampaniyasi

AQSh qurolli guruhning Qizil dengizdagi kemalarga hujumiga javoban Yaman husiychilariga qarshi kampaniya boshlagan.

Husiychilar 2023 yil noyabr oyida Isroilning G‘azodagi operatsiyasi boshlanganidan keyin Qizil dengiz va Adan ko‘rfazidagi savdo kemalarini o‘qqa tutishga kirishgandi.

Guruh bayonotlarida bu harakatlar Isroil va Hamas o‘rtasidagi urushda falastinliklarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani va faqat Isroil, AQSh yoki Buyuk Britaniya bilan bog‘liq kemalar nishonga olingani ta’kidlanadi.

Shu bilan birga, ushbu mamlakatlarga hech qanday aloqasi bo‘lmagan kemalar bir necha bor o‘qqa tutilgan.

Husiychilar bir necha bor Isroilni raketalar bilan o‘qqa tutgan, lekin biror marta jiddiy muvaffaqiyatga erishilmagan.

Mart oyida Tramp husiychilar nazoratidagi hududlarga keng ko‘lamli zarbalar berishni buyurdi va ular «butunlay yo‘q qilinishi» bilan tahdid qildi.

Aprel oyida husiychilar hukumati AQShning Yamandagi Qizil dengiz sohilidagi «Ras-Isa» neft terminaliga bergan aviazarbalari oqibatida kamida 74 kishi halok bo‘lgani, yana 171 kishi yaralanganini ma’lum qilgandi.

G‘arb koalitsiyasi kampaniyasi Yamandagi fuqarolar urushi fonida o‘tkazilmoqda, urush 10 yil oldin, husiychilar mamlakat shimoli-g‘arbiy qismini nazorat ostiga olganida yangi bosqichga ko‘tarilgan edi.

Harbiy harakatlar oqibatida 150 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan, gumanitar falokat yuzaga kelgan: 4,8 million aholi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan, 19,5 million kishi – aholining yarmi – u yoki bu yordamga muhtoj bo‘lib qolmoqda.

Mavzuga oid