Sport | 20:38 / 22.05.2025
10312
5 daqiqa o‘qiladi

Modrich «Real»ni tark etadi

Kevin de Bryuyne, Tomas Myuller va Jyeymi Vardi kabi yulduzlar ortidan xorvatiyalik yarimhimoyachi ham qadrdon klubi bilan xayrlashdi.

Foto: Angel Martinez / Getty Images

Luka Modrich «Real»dan ketishini e’lon qildi. «Madrid» tarixidagi eng sovrindor futbolchi 13 mavsumdan keyin, 40 yosh arafasida klubni tark etadi.

Modrich ketishi haqida ta’sirli maktubida xabar qildi:

«Qadrli madridlik muxlislar,

Vaqt yetib keldi. Bu — men hech qachon bo‘lishini xohlamagan lahza, ammo futbol shunday. Hayotda ham har bir narsaning boshi va oxiri bo‘ladi. Shanba kuni men «Santyago Bernabeu»dagi so‘nggi o‘yinimni o‘tkazaman.

Men 2012 yilda dunyoning eng yaxshi jamoasi libosini kiyish orzusi va katta ishlar qilishga bo‘lgan ishtiyoq bilan bu yerga kelgan edim. Lekin keyin nimalar bo‘lishini tasavvur ham qila olmasdim.

«Real»da o‘ynash mening hayotimni futbolchi sifatida ham, inson sifatida ham o‘zgartirdi. Tarixdagi eng buyuk klubning eng muvaffaqiyatli davrlaridan biriga guvoh va ishtirokchi bo‘lganimdan faxrlanaman.

Yuragimdan, chin ko‘nglimdan klubga, ayniqsa prezident Florentino Peresga, jamoadoshlarimga, murabbiylarga va bu yillar davomida menga yordam bergan barchaga o‘z minnatdorligimni bildiraman.

Bu davr ichida men ajoyib lahzalarni boshdan kechirdim. Imkonsizdek tuyulgan kambeklar, finallar, bayramlar va «Bernabeu»dagi sehrli kechalar... Biz hamma narsani yutdik va men juda xursand bo‘ldim. Juda-juda xursand...

Biroq g‘alabalar va sovrinlardan ham muhimi — men yuragimda barcha «Real»chilarning muhabbatini olib ketyapman. Sizlar bilan mendagi alohida bog‘liqlikni qanday izohlashni ham bilmayman.

O‘zimni qo‘llab-quvvatlangan, hurmat qilingan va sevilgan his qildim va hali ham shunday his qilaman. Menga ko‘rsatgan har bir olqish va mehrni hech qachon unutmayman.

Men ketyapman, yuragim esa faxr, minnatdorlik va unutilmas xotiralar bilan to‘la. Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidan keyin maydonda bu libosni umuman kiya olmasam ham men doim «Madrid» muxlisi bo‘lib qolaman.

Hala Madrid Y Nada Mas!».

«Real» ham Modrich ketishini tasdiqladi: «„Real Madrid“ futbol klubi va sardorimiz Luka Modrich AQShda bo‘lib o‘tadigan Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidan keyin uning klubimiz futbolchisi sifatidagi unutilmas davrini yakunlashga kelishib oldi.

„Real Madrid“ klubimiz va jahon futbolining eng buyuk afsonalaridan biri bo‘lgan ushbu insonga o‘z minnatdorchiligini va chuqur mehrini izhor etadi».

Florentino Peresdan iqtibos: «Luka Modrich „Real Madrid“ning barcha muxlislari qalbida doimo klubimiz qadriyatlarini ifoda etgan noyob va namunali futbolchi sifatida abadiy qoladi. Uning futboli „Madrid“ning va butun dunyo bo‘ylab futbol muxlislarini o‘ziga rom etgan. Uning merosi abadiy yashaydi».

«Real» shanba kuni «Real Sosiyedad»ga qarshi o‘yinda Modrich bilan xayrlashuv marosimi o‘tkazilishini anons qilgan.

Modrichning «Real»dagi asosiy yutuqlari

● 28 titul — Chempionlar ligasidagi 6 g‘alaba, 6 bor klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidagi g‘oliblik, 5 bor Yevropa Superkubogi, La Ligada 4 chempionlik, Ispaniya kubogidagi 2 titul va Ispaniya Superkubogidagi 5 g‘oliblik;

● 590 o‘yin va 43 gol. Ammo bu hali hammasi emas: oldinda «Sosedad»ga qarshi xayrlashuv uchrashuvi hamda klublar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘yinlari bor;

● 2018 yilgi «Oltin to‘p»;

● 2028 yilda FIFA tomonidan The Best sovrini bilan taqdirlangan;

● 6 marta Chempionlar ligasi ramziy jamoasiga kirgan;

● 2 bor La Liganing eng yaxshi yarimhimoyachisi deb topilgan;

● 2017 yilda klublar o‘rtasidagi jahon chempionatining eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan;

● Va son-sanoqsiz zargarona uzatmalar va uzoq masofalardan urilgan chiroyli gollar bilan 13 mavsum davomida muxlislarni xushnud qilgan.

Mavzuga oid