Sport | 12:27 / 04.05.2025
12386
16 daqiqa o‘qiladi

«Barsa» amalladi, «Bavariya»ning chempionligi kechiktirildi. Kun o‘yinlari

Shanba oqshomida Yevropa chempionatlarida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat. 

Foto: AFP

Angliya: «Arsenal» Parij haqida o‘ylamoqda

«Aston Villa» – «Fulhem» 1:0
Gol:
Tilemans 12
«Aston Villa» — Martines, Kesh, Konsa, Torres, Maatsen (Din, 71), Kamara, Tilemans (Barkli, 84), Rodjyers, Asensio (Remsi, 61), Makginn (Onana, 61), Uotkins (Malen, 71).
«Fulhem» — Leno, Tete (Kastan, 67), Andersen, Bessi, Robinson, Berg (Rid, 75), Lukich, Sessenon (Smit-Rou, 57), Uilson (Traore, 68), Ivobi (Villian, 76), Ximenes.

«Aston Villa» turni o‘z g‘alabasi bilan ochib berdi, birinchi bo‘lim boshida Tilemans o‘yin davomidagi yagona golli vaziyatidan foydalandi. Belgiyalik yarimhimoyachi APLda uchinchi marta bir mavsumdagi gol harakatlari soni bo‘yicha o‘n ball to‘plamoqda va unda shaxsiy rekordini yangilash imkoniyati bor. Uotkins va  Malen o‘z vaziyatlarini ko‘kka sovurishda davom etadigan bo‘lsa, aynan undan samaraliroq harakat qilish talab etiladi. Lekin bu safar birminghemliklarga birgina gol ham yetarli bo‘ldi. Hozircha Unai Emeri shogirdlari to‘plangan ochkolar soni bo‘yicha «Nottinghem» va «Chelsi» bilan tenglashib oldi. Shu bilan birga, «Villa» baribir YeChL yo‘llanmasi uchun raqobatchilaridan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar borasida ortda qolib, yettinchi o‘inda joylashgan.

«Arsenal» – «Bornmut» 1:2
Gollar:
Rays 34 – Heysen 67, Evanilson 75
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Uayt (Zinchenko, 86), Kiver, Levis-Skelli, Parti, Edegor, Rays (Merino, 74), Saka, Martinelli (Sterling, 86), Trossar.
«Bornmut»: Arrisabalaga, Heysen, Kerkez, Arauxo (Skott, 65). Zabarniy, Kuk, Adams, Taverne, Evanilson (Jyebbison, 87), Uattara (Bruks, 74), Klyuyvert (Semenio, 65)
Ogohlantirishlar: Evanilson, 58. Uattara, 64

«Arsenal» xuddi «PSJ» kabi bor e’tiborini Chempionlar ligasi yarimfinalidagi javob uchrashuviga qaratgan. Londonliklar bu turni xuddi parijliklarda bo‘lgani kabi hisobda yutqazishdi. Holbuki Rays bu mavsumdagi sakkizinchi golini urganida «Bornmut»ni bu safar ham «Emireyts»da hech qanday yaxshi narsa kutmayotgandek ko‘ringandi. «Olchalar» jamoasi bu yerdagi o‘yinlarda qatorasiga sakkiz bor yutqazgan (jami to‘plar nisbati 4:23).

Ammo har qanday seriya ertami kechmi tugaydi va bu safar Evanilsonning g‘alaba goli bilan kambek amalga oshirildi. Mehmonlar hujumchisi bu vaziyatda tirsagi bilan to‘pni darvozaga yo‘lladi, ammo hakamlar bunga e’tibor qaratishmadi va gol inobatga olindi.

Shu tariqa, Arteta shogirdlari bu mavsumning ikki o‘yinida ham Iraola jamoasiga yutqazdi, bu esa «Bornmut» tarixida hali kuzatilmagandi. Qolaversa, «olchalar» bu mavsumda «Arsenal» hisobni ochgan o‘yinlarda g‘alabaga erishga ilk jamoa bo‘ldi.

Ispaniya: «quruq» «Atletiko»

«Alaves» – «Atletiko» 0:0
«Alaves»: Sivera, Garses, Sanches, Mourinio, Tenalya, Gevara (Benavides, 72), Blanko, Guridi (Xoan Xordan, 72), Alenya (Konechni, 90), Visente, Kike Garsiya
«Atletiko»: Oblak, Lorente, Le Norman, Langle, Galan, Simeone, de Paul (Koke, 67), Barrios (Korrea, 72), Grizmann (Sorlyot, 59), Alvares, Gallaxer (Molina, 73).
Ogohlantirishlar: Gevara, 28. Mourinio, 56, Blanko, 63 – Alvares, 42

«Atletiko»ning golsiz durangi — hayron qoldiradigan holat emas. Lekin bir statistik faktni aytib ketish kerak — «matraschilar» birinchi bo‘lim davomida birorta zarba yo‘llamadi. Bunaqasi uchrab turadi, lekin Diyego Simeone jamoasida bu holat mavsum boshidan buyon uchinchi bor ro‘y bermoqda, autsayderlarda ham bunday ko‘rsatkich yo‘q. Ammo ko‘rinib turibdiki, madridliklarda finish uchun motivatsiya qolmadi. Jamoa barcha kubok turnirlardan chiqib ketgan, chempionatda esa uchinchi o‘rindan yuqori ko‘tarila olmaydi, pastga ham tushib ketmaydi.

«Vilyarreal» – «Osasuna» 4:2
Gollar:
Peres, 2, Barri, 33, Peres, 39, Pepe, 71 – R. Garsiya, 66, Oros, 81 (penaltidan)
«Vilyarreal»: Luis Junior, Kardona, Kosta, Foyt (Kambvala, 76), Kiko Femeniya (Pablo Navarro, 46), Komesanya, Parexo (Suares, 82), Geyye (Baena, 70), Barri (Byukenen, 71), Pepe, Peres
«Osasuna»: Errera, Bretones, U. Garsiya (Munos, 61), Errando, Areso (Barxa, 90+2), Boyomo, Torro, Oros, R. Garsiya (Penya, 76), Moyses Gomes (Saragosa, 46), Budimir (Raul Garsiya, 76)
Ogohlantirishlar: Navarro, 61, Komesanya, 83, Byukenen, 88, Baena, 89 – Oros, 89

«Vilyarreal»ning esa xato qilishga haqqi yo‘q. «Sariq submarinalar» YeChLga yo‘llanma beruvchi beshinchi o‘rin uchun kurashishda davom etmoqda. Jamoa aprelning oxirgi o‘n kunligida ikki turda atigi bir ochko olganida xatolar limitini ishlatib bo‘lgandi. Endi — «Selta» bilan o‘yindagi qiyin g‘alabadan (1:0) keyin — jamoaga tom ma’noda yengil o‘yin qaytdi. Birinchi bo‘limdayoq «Osasuna» mudofaasi uch bor buzib o‘tildi, mavsumni ajoyib o‘tkazayotgan Ayose Peres dublni rasmiylashtirdi. Pepe esa o‘yinni gol va ikki golli uzatma bilan yakunladi. Beshinchi o‘rinda joylashgan «Vilyarreal» tur o‘yinini yakshanba kuni o‘tkazadigan «Betis»dan to‘rt ochko ko‘p jamg‘argan.

«Valyadolid» – «Barselona» 1:2
Gollar:
Sanches 6 – Rafinya 54, Lopes 60.
«Valyadolid» – Ferreyra, Aznu, Ozkasar, Jyemert, Kandela, Yurich (Martin, 85), Anuar, Sanches (Chuki, 73), Amalla, Moro, Silla (Latasa, 64).
«Barselona» – ter Stegen, Fort, Arauxo, Kristiansen, Martin, Pedri (De Yong, 46), Gavi (Garsiya, 79), Lopes, Rodriges (Yamal, 38), Viktor (Olmo, 62), Fati (Rafinya, 46).
Ogohlantirishlar: Silla, 8, Anuar, 37, M. Martin, 90 – Kristensen, 66. Arauxo, 83

Ligani tark etib bo‘lgan «Valyadolid»ga qarshi safar o‘yinida ter Shtegen «Barselona» darvozasiga qaytdi va o‘yin startidayoq rikoshetdan keyin kulgili gol o‘tkazib yubordi. Ko‘k-anorranglilar esa o‘yinni to‘liq nazorat qilib, bo‘lim davomida 15 ta zarba yo‘llab ham javob golini ura olmadi. Shu kuni kataloniyaliklar jamoasida debyut qilgan 19 yoshli Daniel Rodriges esa yelkasini jarohatlab oldi va 38-daqiqada shifokorlar hamrohligida, ko‘z yosh bilan maydonni tark etdi. Shu tufayli Yamal zaxira o‘rindig‘idan rejalashtirilganidan ertaroq ko‘tarilishiga to‘g‘ri keldi.

Hansi Flik tanaffusdan keyin Frenki de Yong va Rafinyani ham jangga tashladi. Ulardan ikkinchisi hisobni tenglashtirib, top ligalarda bir mavsumdagi gollar soni bo‘yicha Neymardan keyingi ikkinchi braziliyalikka aylandi (rekord darajadagi 39 ga qarshi 31). Mezbonlar esa shundan keyin qarshilik ko‘rsatishni to‘xtatishdi va navbatdagi hujumlardan birida Fermin Lopes to‘pga bir teginishda g‘alaba golini urishiga yo‘l qo‘yishdi. Mehmonlar himoyachisi Fort esa raqib jarima maydonida dribling bo‘yicha master-klass o‘tib berdi, ammo uning zarbasi ustundan qaytdi.

Yana bir gol ortiqchalik qilmasdi, chunki autsayder vaqti-vaqti bilan hujumga chiqib, ter Shtegenning hushyorligini sinab ko‘ra boshladi. Qo‘shimcha vaqtlarda esa katalonlar himoyachilari g‘alabani ushlab qolish uchun qattiq ter to‘kishiga to‘g‘ri keldi. G‘alabani saqlab qolgan «Barsa» ikkinchi o‘rin bilan oradagi farqni yetti ochkoga yetkazdi, agar yakshanba kuni «Real» «Selta»ni yenga olmasa, chempionlik poygasiga barham berilishi mumkin, bu holatda bir hafta keyin bo‘lib o‘tadigan klasikoda ham amalda hech narsa hal qilinmaydi.

Italiya: yetakchilardagi minimalizm

«Lechche» – «Napoli» 0:1
Gol:
Raspadori 24
«Lechche»: Falkone, Jilber (Veyga, 62), Gashpar, Bashirotto, Gallo, Kaba (Morente, 46), Perotti, Piyerre, Kulibali, Karlsson, Krstovich.
«Napoli»: Meret, Di Lorenso, Raxmani, Olivera, Spinatssola, Angissa, Lobotka (Gilmor, 54), Maktominey, Politano, Raspadori, Lukaku (Simeone, 87)

Italiya chempionligi uchun ikki da’vogar ham tur o‘yinini shanba kuni o‘tkazdi va birinchi bo‘lib «Napoli» o‘z yurishini amalga oshirdi. «Lechche» maydonidagi o‘yin oson kechgani yo‘q va Lukakuning tezkor goli ofsayd tufayli bekor qilindi. Lekin ko‘p o‘tmay Raspadori hech qanday shubha qoldirmagan holda gol urdi. U to‘pni jarima zarbasidan darvozabon turgan burchak tomon aniq yo‘naltirdi. Neapolitanliklar qatorasiga to‘rt o‘yinda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan holda g‘alabaga erishdi, bu esa klub rekordi takrorlanishidir. O‘tgan safar bunaqasi Luchano Spalletti bilan chempionlikka erishilgan mavsumda kuzatilgandi. Janubliklar skudetto uchun intilmoqda va bu ularning o‘z qo‘lida.

«Inter» – «Verona» 1:0
Gol:
Aslani 9 pen
«Inter»: Martines, Bissek (Dimarko, 69), De Vrij, Augusto, Darmian, Fratezzi, Asllani, Zelinski (Mxitaryan, 69), Zaleski (Acherbi, 84), Arnautovich (Torimiy, 77), Korrea.
«Verona»: Montipo, Frese, Danilyuk, Valentini, Bradarich (Rosha Livramento, 90+2), Nyass (Kastanos, 80), Serdar, Suslov (Berned, 69), Duda (Tengstedt, 80), Chachua, Sarr (Moskera, 69)
Ogohlantirishlar: Darmian, 23 – Valentini, 46. Duda, 71. Kastanos, 85

«Inter» chempionlik boy berilganiga ko‘ndi deb bo‘lmaydi, ammo jamoa birinchi navbatda — Chempionlar ligasini o‘ylamoqda. Shu tufayli Simone Indzagi «Barselona»ga qarshi o‘yin bilan solishtirganda, boshlang‘ich tarkibdagi o‘n futbolchini almashtirdi. YeChLda o‘ynagan tarkibdan faqat yosh Bissek qolgandi. Shanba kuni maydonga chiqqanlar esa o‘yin boshida penaltidan urilgan gol bilan kifoyalanishdi. Bu g‘alaba turnir jadvalidagi status-kvoni saqlab qoldi va neradzurrilar hamon «Napoli»ni uch ochkolik farq bilan ta’qib etmoqda.

Germaniya: Dortmundning parvozi

«Leypsig» – «Bavariya» 3:3
Gollar:
Sheshko 11, Klostermann 39, Poulsen 90+5 – Dayyer 62, Olise 63, Sane 83.
«Leypsig» — Vandervud, Nedeljkovich, Klostermann, Lukeba, Raum, Haidara, Kampl, Zayvald, Simons, Sheshko, Openda.
«Bavariya» – Urbig, Bou (Goretska, 61), Dayyer, Stanishich, Laymer, Olise, Kimmih, Pavlovich, Sane, Gnabri, Myuller (Koman, 61).
Ogohlantirishlar: Raum, 50. Kampl, 77. Vermeren, 89 – Dayyer, 73

Chempionlar ligasi poyezdining so‘nggi vagoniga sakrab chiqishga jon-jahdi bilan urinayotgan «Leypsig» ilk daqiqalardan «Bavariya»ning oltin o‘yinini barbod qilishga tayyorligini namoyish etdi. «Buqalar»ning ilk hujumidayoq burchak zarbasi amalga oshirildi va Urbig mehmonlarni to‘xtatib qoldi. Biroq keyin darvozabon Olisening xatosini to‘g‘rilay olmadi, shundan so‘ng to‘p ikki pasda Sheshkoga yetkazildi va u shvedka uslubidagi zarbasi bilan himoyasiz qolgan darvozani ishg‘ol qildi. Tanaffusga yaqin Klostermann mehmonlar darvozasiga ikkinchi golni urdi.

«Bavariya» esa juda oddiy o‘yin ko‘rsatdi, qolaversa, diskvalifikatsiyaga uchragan Keynning yo‘qligi sezildi. O‘tkazib yuborilgan har bir goldan keyin kameralar tribunada g‘amgin o‘tirgan Harrini ko‘rsatishdi. U shu kuni tabassum qila olmaydigandek ko‘ringandi, ammo ikkinchi bo‘limda barchasi o‘zgardi. Avvaliga Olise burchakdan oshirgan to‘pni Dayyer darvozaga yo‘lladi, «buqalar» maydon markazida kuchli pressing tufayli to‘pni oldirganida esa ushbu vinger o‘zi ham gol urib hisobni tenglashtirdi. «Leypsig» darhol uchinchi golni ham o‘tkazib yuborishi mumkin edi. Keyin esa Koman yakkama-yakka vaziyatga chiqib borib, mezbonlarni kechirdi, o‘yin oxirlariga borib Sane baribir uchinchi golni urdi.

Keyn faoliyatidagi ilk titulni nishonlash uchun maydon chetiga tushib kelishga ulgurganida esa Simonsning nozik pasi Poulsenning goli bilan yakunlandi. Jamoa faxriy futbolchisi to‘pni Urbig ustidan oshirib tashladi va Myunxendagi bayram kamida yakshanba kunigacha qoldirildi — agar «Bayyer» bu turda «Frayburg»ni yenga olmasa, myunxenliklar avtomatik ravishda chempionga aylanadi. Bu shart bajarilmasa, bir haftadan keyin «Bavariya» Menxengladbaxning «Borussiya» klubiga qarshi uy o‘yinida chempionlikni rasmiylashtirishi mumkin.

«Borussiya» D – «Volfsburg» 4:0
Gollar:
Girassi 3, 59, Adeyyemi 69 73.
«Borussiya» D – Kobel, Zyule, Anton, Bensebayni, Ryuyerson, Nmecha (Jan, 76), Gross (Zabitser, 82), Svensson, Brandt, Girassi, Gittens (Adeyyemi, 67).
«Volfsburg» – Grabara. Fisher (Roerslev Rasmussen, 76). Kuliyerakis. Vavro (Odogu, 76). Mele. Vranks. Dardai. Skov Olsen. L. Nmecha (Mayyer, 70). Tiagu Tomash (Amura, 70). Vimmer (Vinn, 70)
Ogohlantirish: Fisher, 56

Qaysidir pallada «Borussiya» rahbariyati Niko Kovachning ishidan qoniqmayotgani va unga ultimatum qo‘yayotgani haqida xabarlar chiqqandi. Hozirga kelib vaziyat o‘zgargan. Dortmundliklar YeChLda munosib ishtirok etdi, bundesligada esa so‘nggi olti turda 16 ochko jamg‘ardi. Ular bu oraliqda eng yaxshi natijaga erishgan va «Leypsig» ochko yo‘qotganidan keyin kamida «Frayburg»ning yakshanba kungi o‘yini yakuniga qadar to‘rtinchi o‘rinda qoladi. Buni mavsum o‘rtalarida turnir jadvalining ikkinchi qismida yurgan jamoa uchun aql bovar qilmas o‘sish desa bo‘ladi.

«Volfsburg»ga qarshi o‘yin startidayoq Girassi tezkor gol bilan hisobni ochdi. Gvineyalik hujumchi shu kuni dubl qayd etgan Adeyyemi kabi chiroyli gol urmaydi, ammo muntazam ravishda gol urib keladi. U o‘tgan mavsum «Shtutgart»da qayd etgan natijasini takrorlab, 28 o‘yinda urilgan gollari sonini 18 taga yetkazdi. Germaniyada jamoasini o‘zgartirgan biror futbolchi keyingi mavsumda ham shunday sermahsullikni davom ettirishi 60-yillar o‘rtalaridan buyon kuzatilmagandi. O‘shanda Timo Konetska «Borussiya» safidagi 22 goldan keyin «Myunxen 1860» uchun 26 gol urgandi.

Mavzuga oid