Jahon | 19:53 / 22.04.2025
1476
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlaridan quyosh panellari importiga bojlar belgiladi

Joriy etilgan tariflar muayyan mamlakat va kompaniyaga qarab katta farq qiladi. Maksimal miqdordagi 3521 foizli bojlar Kambodja tovarlariga joriy etildi.

Foto: AP

AQSh Savdo vazirligi 21 aprel kuni Kambodja, Vetnam, Malayziya va Tailandda ishlab chiqarilgan quyosh panellari importiga oshirilgan boj stavkalari joriy etilishini e’lon qildi, deb xabar bermoqda Bloomberg.

Bojlarning joriy etilishi yuqoridagi to‘rt mamlakatda zavodlariga ega yirik Xitoy quyosh panellari ishlab chiqaruvchilariga nisbatan olib borilgan savdo mojarosining kulminatsiyasiga aylandi.

AQShning 46-prezidenti Jo Bayden tashabbusi bilan boshlangan tergov bir yil davom etdi. Bunga quyosh panellarini ishlab chiqaruvchi Janubiy Koreyaning Hanwha Qcells va AQShning First Solar Inc. kompaniyalari Xitoy quyosh panellari ishlab chiqaruvchilarini davlat subsidiyalaridan nohaq foydalanayotganlikda hamda mahsulotlarini AQShga demping (ya’ni bozordan arzon) narxlarda sotayotganlikda ayblagani sabab bo‘lgandi.

Joriy etilgan tariflar muayyan mamlakat va kompaniyaga qarab katta farq qiladi. Maksimal miqdordagi 3521 foizli bojlar Kambodja tovarlariga belgilandi — ushbu mamlakat tergovda ishtirok etishdan bosh tortgan. Vetnamdagi nomi oshkor etilmagan ikkita kompaniyaga 395,9 foiz, Tailand kompaniyasiga — 375,2 foiz, Malayziya kompaniyasiga esa 34,4 foiz miqdorida bojlar belgilandi.

Shu bilan birga, Xitoyning Jinko Solar kompaniyasiga Vetnamdan eksportni amalga oshirishi uchun 245 foiz va Malayziyadan eksporti uchun 40 foiz miqdorida boj joriy etildi. Xitoyning yana bir ishlab chiqaruvchisi — Trina Solar’ga nisbatan Tailanddan eksportni amalga oshirishiga 375 foiz, Vetnamdan eksport uchun esa 200 foizga yaqin boj belgilandi.

Bloombergʼning qayd etishicha, Xitoyning quyosh panellari ishlab chiqaruvchi kompaniyalari aksiyalari qiymati 22 aprel kungi savdolarda biroz pastlagan xolos, chunki AQSh shu kabi qaror chiqarishi kutilayotgan edi. Kompaniyalar esa ishlab chiqarishning bir qismini bojlar joriy etilmagan Indoneziya va Laosga ko‘chirgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda AQSh Malayziya, Kambodja, Tailand va Vetnamdan 12,9 milliard dollarlik quyosh panellarini import qilgan. Bu jami quyosh panellari importining taxminan 77 foizi demak.

Mavzuga oid