Jahon | 12:42 / 04.05.2025
8448
10 daqiqa o‘qiladi

Paradga tayyorgarlik, qozoq oltin vizasi va chegarada otilgan jangarilar

Qirg‘izistonda ekstremistik guruhlar faollashgani ma’lum qilindi. Tojikiston harbiylari Moskvadagi paradda qatnashadi. Qozog‘iston xorijliklar uchun 300 ming dollar evaziga oltin viza joriy qildi. Gurbanguli Berdimuhammedov Germaniya prezidentiga telefon qilib, uni Ashxobodga taklif qildi. Pokiston armiyasi 54 nafar afg‘on jangarilarini chegarada otib o‘ldirdi. Afg‘onistondan 30 ming kishi bu yili Hajga boradi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Qozog‘iston “oltin viza” joriy qildi

Qozog‘iston xorijliklar uchun oltin viza joriy qilmoqchi, bu haqida davlat tashqi ishlar vazirligi e’lon qildi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu oltin viza xorijliklarga 10 yilgacha yashash imkonini beradi.

Qozog‘istonda investor vizasini olishning yangi qoidalari tasdiqlandi. Unga ko‘ra, Qozog‘iston kompaniyalarining ustav kapitaliga yoki mahalliy emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarga kamida 300 ming AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritgan chet el fuqarolari investor vizasi uchun ariza topshira oladi. Bu oltin viza evaziga respublikada 10 yilgacha bemalol yashash mumkin bo‘ladi. AQSh, BAA va Yevropa ittifoqida bor tizimni qo‘llashga harakat qilayotgan qo‘shni davlatning maqsadi bu bilan investitsion jozibadorlikni mustahkamlashdir.

Qozog‘iston ham bu yondashuvga qo‘shilmoqda va o‘zining investitsion rezidentlik modelini taklif qilyapti. “Oltin vizalar”ni berish xorijiy investorlar uchun qulay va barqaror muhit yaratadi, huquqiy kafolatlarni ta’minlaydi va Qozog‘istondagi investitsiya muhitiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi.

Bu yangilik mamlakatning ochiqlik, kapitalni himoya qilish va barqaror xalqaro iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan strategik yo‘nalishini aks ettiradi, deya ta’kidlaydi Tashqi ishlar vazirligi. 

“Oltin viza” dasturi 30 aprel kuni rasman e’lon qilindi, 10 maydan e’tiboran kuchga kirishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ham “oltin viza”ga teng keluvchi taklif bor, ya’ni xorijliklar 200 ming dollar investitsiya kiritish orqali O‘zbekistonda 5 yilgacha yashash ruxsatnomasiga ega bo‘lishlari mumkin. Bu norma shu yilning 1 iyunidan ishga tushishi belgilangan edi. 

Yaqinda AQSh prezidenti Donald Tramp esa Green card o‘rniga “oltin karta”larni taklif etdi. Prezident badavlat xorijliklarga 5 million dollar evaziga nafaqat bu mamlakatda yashash va ishlash, balki fuqarolikni ham sotmoqchi. Trampga ko‘ra, millionlab shunday kartalar sotuvga qo‘yiladi.

Germaniya prezidenti Turkmanistonga keladi

Gurbanguli Berdimuhammedov Germaniya prezidentiga telefon qilib, uni safar bilan Turkmanistonga kelishga chaqirdi. Ma’lum bo‘lishicha, Frank Valter Shtaynmayyer bunga qiziqish bildirgan va shu yilning dekabr oyida Ashxobodga kelishi kutilmoqda. Turkmen Dovlet Habarlary’ning yozishicha, 12 dekabr kuni Ashxobodda Turkmaniston abadiy betaraflik maqomining 30 yilligini nishonlaydi va katta konferensiya o‘tkazadi, unga qator davlat rahbarlari taklif etilgan. Mehmonlar ichida Germaniya prezidenti ham bo‘lishi mumkin. Prezidentlikni o‘g‘liga topshirsa-da, xalqaro siyosatda asosiy figura bo‘lib qolayotgan Gurbanguli Berdimuhammedov Germaniya prezidentiga yashil iqtisodiyot, qayta tiklanadigan energiya manbalari, suv resurslarini boshqarish va innovatsion texnologiyalar bo‘yicha hamkorlik istashini aytgan. 2024 yilda Ashxobodda ham Gyote haykali ochildi, bu “Germaniya va uning madaniyatiga hurmatimiz ramzi” degan Arqadag‘.

Turkman milliy oti kuni nishonlandi

Turkmanistonda davlat darajasida Turkman milliy oti kuni nishonlandi. Prezident Sardor Berdimuhammedov nomiga davlatning barcha viloyatlaridan yangi otlar sovg‘a tariqasida taqdim etilgan. Turkmenportalning yozishicha, viloyatlardagi huquq-tartibot idoralari rahbarlari ham prezidentga eng zotdor otlardan jo‘natgan. Prezident esa Arqadag‘ shahri yilqichilari nomidan kelgan Parahat otiga shaxsan to‘qim taqqan. Nashrning qo‘shimcha qilishicha, betarafligining 30 yilligini nishonlayotgan Turkmaniston uchun bu muhim voqelik ekan. Turkmaniston davlat badiiy akademiyasida esa ot ko‘rgazmasi ochilgan. Sardor Berdimuhammedov milliy ot kuni munosabati bilan tabriklar ham qabul qildi, masalan, Tatariston rahbari uni alohida tabriklagan. Prezident qator tadbirlarda qatnashgan, unga hukumat a’zolari, diplomatik korpus vakillari va xalqaro tashkilotlar rasmiylari hamrohlik qilgan. 

Qirg‘iziston maktablarida telefondan foydalanish tartibga solinadi

Qirg‘iziston parlamenti maktablarda telefondan foydalanishni tartibga solmoqchi, bu haqidagi qonun loyihasini deputatlar uchinchi o‘qishda qabul qildi.

Qonun loyihasi bolalar va o‘smirlarni mobil qurilmalarning salbiy ta’siridan himoya qilish maqsadida ishlab chiqilgani aytilgan. Qonunchilarga ko‘ra, akademik ko‘rsatkichlarning pasayishi va kiberxavflar ortidan bu hujjatga respublikada ehtiyoj bor. Ushbu qonun bilan maktabda telefon va umuman mobil qurilmalardan foydalanish tartibga solinmog‘i kerak, xavfsiz va axloqiy ta’lim muhiti yaratilishi zarur. Qonun tashabbuskorlariga ko‘ra, raqamli savodxonlik ko‘nikmalarini o‘rgatish va mobil qurilmalar, axborot texnologiyalaridan ongli ravishda foydalanish, yangi chaqiriq va texnologiyalarni hisobga olgan holda yosh avlodni jamiyatning samarali rivojlanishiga tayyorlash mezonlari belgilanadi. Qirg‘iz deputatlari aniq choralar va cheklovlar tarafdori.

Qirg‘izistonda ekstremizm faollashgan

Qirg‘izistonda ekstremistik tashkilotlar faollashgan, bu haqida parlament deputati Baktibek Maripov gapirdi. Qo‘shni davlatda ichki ishlar vazirligi ekstremistik materiallar sabab 413 ta sayt hamda 727 ta akkauntni butunlay yopdi. Vazirlik vakili 29 aprel kuni bu haqida jamoatchilikka ma’lum qilgan. Vazir o‘rinbosari Nurbek Abdiyevga ko‘ra, jami 1155 ta material ekstremistik ruhda deb baholangan va taqiqlangan. Agar biror ma’lumot bo‘lsa, biz bu ma’lumotni kommunikatsiyalar vazirligiga jo‘natamiz va sud orqali bunday saytlarni ham yopish ustida ishlaymiz, deya qo‘shimcha qildi u.

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi Qirg‘iziston hududida taqiqlangan tashkilotlar a’zolarini ham qo‘lga olgan, hozir ishlar olib borilmoqda. 

Qo‘mita yig‘ilishida qatnashgan deputat Rossiyadagi “Krokus-Siti” teraktini yodga oldi, xuddi shunday teraktlar Qirg‘iziston savdo markazlarida sodir bo‘lmasligi bo‘yicha kafolat bor-yo‘qligini so‘radi. Vazir o‘rinbosari Nurbek Abdiyevning aytishicha, Ichki ishlar vazirligi profilaktika ishlarini olib bormoqda. “Bomba tahdidi haqida bir qancha xabarlar kelib tushdi. Xodimlarimiz bu ma’lumotni tekshirish ustida ishladi. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi bilan birgalikda aybdorlarni aniqlab, javobgarlikka tortamiz. Ayrim ma’lumotlar xorijdan keladi. Boshqa davlatdagi hamkasblarimiz bilan ishlaymiz. Bu borada bir qator muammolar mavjud. Ularni aniqlash uchun vaqt va kuch talab etiladi”, dedi vazir o‘rinbosari. Ichki ishlar vazirligi Qirg‘izistonda hozir 21 ta ekstremistik va terrorchilik tashkiloti ro‘yxatga olinganini ma’lum qildi. 

Chegarada afg‘on jangarilari o‘qqa tutildi 

Pokiston o‘z chegarasida 54 nafar afg‘on jangchilari o‘ldirganini e’lon qildi. Pokiston-Afg‘oniston chegarasi orqali kirishga urinayotgan katta guruhning harakati xavfsizlik kuchlari tomonidan 24 va 25 aprel kunlari Xayber-Paxtunxva shimoliy viloyatida qayd etildi. Hindiston Pokistonga qarshi asossiz ayblovlar ilgari surayotgan bir vaqtda, «jihodchilarning» bunday harakatlari ular kimning ko‘rsatmasiga binoan harakat qilayotganini aniq ko‘rsatmoqda, deyiladi Pokiston armiyasi bayonotida. Jangarilarning o‘ldirilishi 22 apreldan qayta avj olgan Hindiston-Pokiston mojarosi bilan parallel sodir bo‘lmoqda. «Tolibon» 2021 yilda hokimiyatga qaytganidan beri Pokiston o‘z hududida ekstremizmning kuchayishi bilan kurashmoqda. Islomobod jangarilar Afg‘onistonda boshpana topayotganini ta’kidlab keladi. 

Afg‘onistondan 30 ming nafar ziyoratchilar Hajga boradi

Afg‘oniston bu yili 30 ming nafar ziyoratchini Hajga yubormoqda. 230 kishidan iborat birinchi guruh 29 aprel kuni Saudiyaga jo‘nab ketgan.

«Tolibon» ma’muriyati ziyoratchilarni jo‘natish boshlangani haqida e’lon qildi. Bayonotga ko‘ra, ziyoratchilarni ikkita milliy aviakompaniya manzilga yetkazadi. May oyida ular Saudiya Arabistoniga jami 97 ta parvozni amalga oshiradi. Ma’lum qilinishicha, ziyoratchilar tashkiliy ishlarini va logistikasini yaxshilash maqsadida turli viloyatlarda maxsus Haj muvofiqlashtirish markazlari tashkil etilgan. Haj safari narxi har bir ziyoratchi uchun 3924 AQSh dollari miqdorida belgilangan.

 Saudiya Arabistoni 2025 yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari: O‘zbekistonga – 15 ming, Tojikistonga — 7 ming, Qozog‘istonga — 4,5 ming, Qirg‘izistonga — 6,06 ming kvota ajratdi. Turkmanistonga qancha ajratilgani noma’lum, o‘tgan yili 289 nafar ziyoratchiga borish uchun ruxsat berilgani ma’lum. Rossiyaga esa 25 mingta kvota ajratilgan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilda Saudiya Arabistoni ziyorat qilmoqchi bo‘lgan chet elliklar uchun yangi qoidalarni joriy etdi. Endi muqaddas joylarni ziyorat qilish uchun Haj vizasiga ega bo‘lish shart.

Vizasi tugaganlarga boshpana bergan yoki ularni Hajga olib borgan shaxslarga ham jarima qo‘llanadi. Makka va Madina shahriga faqat Haj uchun maxsus viza asosida kirishga ruxsat beriladi.

Mavzuga oid