Foto: Britaniya shahzodasi tankda Rossiya chegarasi yaqiniga bordi
Shahzoda Uilyam Estoniyaning Tapa shahridagi NATO kuchlari harbiy bazasiga tashrif buyurdi va Challenger 2 tankida sayohat qildi. Estoniya bazasida Britaniya harbiylari joylashtirilgan bo‘lib, ularning vazifasi Boltiqbo‘yi mintaqasida Rossiyaning ehtimoliy tajovuzini tiyib turishdan iborat. Tapa Rossiya bilan chegaradan taxminan 120 kilometr masofada joylashgan. 1991 yilgacha bu yerda SSSR harbiy bazasi bo‘lib, unda, shu jumladan, sovetlarning MiG rusumli samolyotlari joylashtirilgan edi.

Foto: Suzanne Plunkett / Reuters / Scanpix / LETA
Shahzoda Uilyam Estoniyaga, Buyuk Britaniya armiyasining xorijiy missiyasiga tashrif buyurdi. U Boltiqbo‘yi davlatini Rossiyadan kelayotgan ehtimoliy tahdidlardan himoya qilishga qaratilgan tadbirlarida ishtirok etgan britaniyalik qo‘shinlar bilan uchrashdi, deb xabar berdi BBC.
Nashr shahzodaning harbiy kiyimda, Challenger 2 tankida, shuningdek, zirhli jangovar transport vositasida olingan suratlarini e’lon qildi. Bu suratlar Rossiya chegarasi yaqinida olingan.

«Agar qirollik xonadoni a’zolarining tashriflariga ramziy signal sifatida qaralsa, Uels shahzodasining Estoniyaga qilgan safari va Rossiya chegarasi yaqinida harbiy libosda tank minib suratga tushishi eng to‘g‘ridan to‘g‘ri signallardan biri bo‘ldi deyish mumkin», deb yozadi BBC’ning qirollik oilasi bo‘yicha muxbiri Shon Kaglen.
Estoniyaga ikki kunlik tashrifi doirasida shahzoda Uilyam mintaqada joylashgan Britaniyaning 900 nafar harbiydan iborat kontingenti, jumladan, o‘zi faxriy bosh polkovnik bo‘lgan Mersian polki askarlari bilan uchrashdi.
Uning sharafiga harbiy mashg‘ulotlar o‘tilayotgan Tapa lagerida harbiy poligon bo‘ylab ekskursiya uyushtirildi. Estoniyaning ushbu shahridagi baza – NATOning Boltiqbo‘yi mintaqasida «kollektiv xavfsizlik va mudofaa»ni ta’minlashga qo‘shgan hissasi hisoblanadigan «Kabrit» amaliyotining bir qismidir.
Yengida NATO belgisi bo‘lgan shahzodaga ushbu jangovar guruhning dala mashg‘ulotlari namoyish etilgan. Bundan tashqari, u estoniyalik va fransuz harbiy xizmatchilari bilan ham gaplashgan.
U askarlardan «Rossiya chegarasi yaqinida» xizmat qilish qanday bo‘lishi haqida so‘ragan va bu tajriba oldingi mashg‘ulotlar bilan qanchalik farq qilishiga qiziqqan.

Rossiyani tiyib turish amalda shunday ko‘rinishda – va bu baza kuchlar muvozanati qanchalik o‘zgarishi mumkinligini ko‘rsatadi. Estoniya 1991 yilda mustaqillikka erishgunga qadar bu yerda sovet havo mudofaasi bazasi joylashgan bo‘lib, u yerda MiG qiruvchi samolyotlari G‘arb bilan to‘qnashishga shay turardi.
Shundan beri barchasi o‘zgarib ketgan: endi bu hududda Rossiyaning ehtimoliy bosqiniga yo‘l qo‘ymaslik uchun Estoniya qo‘shinlari va NATO bo‘yicha ittifoqchilar joylashtirilgan.
Ushbu strategik ahamiyatga ega harbiy baza kengayishda davom etmoqda va uning muzlagan ko‘chalari NATO harbiy texnikalari bilan to‘ldirilgan.
Shahzoda Challenger 2 tankida yurishdan tashqari, Warrior piyodalar jangovar mashinasi (BMP), fransuzlarning Griffon rusumli jangovar mashinasi, baravar o‘t ochish reaktiv tizimi, Trojan muhandislik mashinasi, shuningdek, Archer mobil artilleriya qurilmasini boshqargan.
Ukrainadagi urush jangovar texnologiyalarni ham o‘zgartirmoqda, xususan 20 mart kuni shahzoda Tallinda vodorod yoqilg‘isida ishlaydigan dron bilan tanishgan.
Tapa harbiy bazasida u askarlardan zamonaviy armiyalar duch kelayotgan yangi «dronlar tahdidi» va buning uchun zarur bo‘lgan «taktikadagi o‘zgarishlar» haqida so‘ragan.
Baza atrofida «Dronlarni ko‘rganda xabar bering» degan ogohlantiruvchi belgilar bor.
Payshanba kuni Tallinda mahalliy aholi vakillari shahzodaning qo‘lini siqish yoki u bilan selfi tushish uchun sovuqda panjaralar bo‘ylab saf tortib, uni kutib turishgan. U o‘z ittifoqchilariga tobora ko‘proq umid bog‘layotgan, texnologik jihatdan rivojlangan bu kichik mamlakatda iliq kutib olindi.
Estoniya Ukrainani faol qo‘llab-quvvatlamoqda, chunki u Rossiya bilan umumiy chegaraga ega va ilgari sovetlar ittifoqi hukmronligi ostida bo‘lgan. Tallin bo‘ylab Estoniyaning ko‘k-qora-oq trikolori yonida Ukraina bayroqlari hilpirab turibdi.
Ko‘plab ukrainalik oilalar Estoniyada boshpana topgan. Shahzoda Uilyam Tallindagi ukrainalik qochqin bolalar maktabiga tashrifi chog‘ida Ukrainaning qudratiga yuqori baho berdi.
«Ukraina matonati – hamma narsada, – dedi shahzoda Uilyam o‘quvchilarga. – Sizlarning ruhingiz juda kuchli, ko‘nglingiz toza – bu juda muhim».
Tavsiya etamiz
Modrich «Real»ni tark etadi
Sport | 20:38 / 22.05.2025
Suriya Isroil bilan murosa qiladimi?
Jahon | 15:40 / 22.05.2025
Sun’iy intellekt dunyodagi har to‘rtinchi ish o‘rniga ta’sir ko‘rsatmoqda - BMT
Jahon | 21:49 / 21.05.2025
Hindistonda firibgar kelin yetti oyda 25 nafar kuyovni aldadi
Jahon | 21:32 / 21.05.2025
So‘nggi yangiliklar
-
“Asialuxe Travel” bilan Sharm-el-Sheyxga: hammaga mos keladigan ritm
O‘zbekiston | 17:00
-
Muhammad Saloh faoliyatida ikkinchi marta APL eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi
Sport | 17:42
-
Sun’iy intellekt tobora kuchayib bormoqda, lekin ko‘proq xatoga yo‘l qo‘ymoqda – OAV
Fan-texnika | 17:40
-
Yangi hayotga qadam: so‘nggi qo‘ng‘iroqdan reportaj
Jamiyat | 17:31
Mavzuga oid

14:39
Lavrov: Rossiya Vatikanda Ukraina bilan muzokara olib bormaydi

13:12
OAV Ukrainada 109 mingdan ortiq rossiyalik harbiy halok bo‘lganini tasdiqladi

08:50
Kiyev va mintaqaga tungi hujum: jabrlanganlar bor

21:59 / 23.05.2025