Jahon | 15:23 / 07.03.2025
9309
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiyning afsusi, Putinning talablari va so‘roq ostidagi NATO - geosiyosiy hafta tahlili

Tramp NATO a’zolari ko‘proq to‘lamasa, ularni himoya qilmasligini aytdi. Putin esa sulhning sharti sifatida Ukrainaning NATOdan voz kechishi va to‘rtta viloyatni RFga topshirishni talab qildi. Makron Yevropani himoyalash uchun yadro soyabonini taklif etmoqda. Fridrix Mersning hokimiyatga kelishi bilan Germaniyaning Rossiyaga yondashuvi keskinlashishi kutilyapti.

Ortda qolgan hafta jahon siyosatida yuz bergan muhim voqealar xususida jonli efirdagi “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar Shuhrat Rasul, Oybek Sirojov va Abduvali Soyibnazarov o‘z fikrlarini bildirdi.

Makron Yevropa uchun yadro soyabonini taklif qilarkan, tahlilchilar Abduvali Soyibnazarov va Oybek Sirojov Fransiya rahbarining bayonotlarini doimiy ritorika deb hisoblashini aytadi. Ular Rossiya yadro kallaklarining son jihatidan ancha ko‘pligi, fransuzlarning yadro qobiliyati asosan dengizlardagi suvosti kemalarga o‘rnatilganini ta’kidladi. Oybek Sirojovning fikricha, Makronning bayonotidan maqsad – u prezidentlik faoliyatini yakunlagandan keyin, Yevropa Ittifoqida muhim lavozimni egallashni ko‘zlagan bo‘lishi mumkin.

Shuhrat Rasul esa Makron shunchaki bunday bayonot qilmagan deb hisoblaydi. U Fransiya Ukrainaga eng ko‘p yordam beruvchi davlatlar top-beshtaligiga kirishini eslatdi. “Yadro kallaklarining sonini taqqoslashga kelsak, Fransiya ham Rossiyaga javob zarbasi bera olishi va har ikki tomon katta talafotga uchrashishini unutmasligimiz kerak”, deydi u.

Siyosatshunoslar NATO va kollektiv G‘arbning harbiy masalalarida AQShning roli kamayayotgani haqida ham o‘z fikrlarini bildirishdi. Abduvali Soyibnazarovga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushidan keyin NATOga asos solingach, Yevropaning AQShga har sohada bog‘liqligi ortib borgan, shu bilan birga, Fransiya va Germaniya doim mintaqani Vashingtondan mustaqilroq siyosat olib borishga undab kelgan.

Tahlilchi Shuhrat Rasul bu bog‘liqning ildizi 1947 yildagi “Marshall rejasi”ga borib taqalishini aytadi. O‘shanda AQSh davlat kotibi Jorj Marshall tomonidan ishlab chiqilgan reja asosida, AQSh urushdan keyin Yevropaning 17 davlati, shu jumladan, G‘arbiy Germaniyaning tiklanishiga katta hissa qo‘shgan edi. Rejaning belgilangan maqsadi urushdan vayron bo‘lgan Yevropa iqtisodiyotini tiklash, savdo to‘siqlarini olib tashlash, Yevropa mamlakatlari sanoatini modernizatsiya qilish, kommunistlarni kuch tuzilmalaridan siqib chiqarish va butun Yevropani rivojlantirish edi.

Shunday qilib Yevropa o‘zining xavfsizligini Amerika qaramog‘iga topshirdi, harbiy maqsadlarga ishlatilishi mumkin bo‘lgan mablag‘larni ijtimoiy sohalarga sarfladi, xususan, Fransiya va Germaniyada uzoq yillar so‘llar hokimiyatda bo‘ldi, deydi Shuhrat Rasul.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Trampning e’tirozi ham shunda: Yevroittifoq iqtisodiy qudrat bo‘yicha AQShdan qolishmaydi, unda nega xavfsizlik va mudofaa masalasida Yevropaga AQSh homiylik qilishi kerak? Bu Trampning birinchi prezidentlik davrida ham aytilgan edi va hozir shuning ikkinchi seriyasi davom etyapti, deydi Shuhrat Rasul.

Shuningdek, suhbatda siyosatshunoslar Putinning NATO borasida Ukrainaga shartlari, Yevropa liderlarining Zelenskiyni qo‘llash dinamikasi, Germaniya bo‘lajak kansleri Fridrix Mersning uzoq yillik faoliyati va undan kutilayotgan tashabbuslar mavzusida ham qizg‘in fikrlar bildirishdi.

Suhbatni to‘liq holda Kun.uz'ning YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Normuhammadali Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid