G‘azoda sulh ehtimoli, Ukrainada hamon mavhumlik | “Geosiyosat” haftaligi
G‘azoda otashkesim bo‘yicha Uitkoff rejasi: Isroil qabul qildi, Hamas ko‘rib chiqmoqda. Istanbul muzokaralarida 2-raund belgilandi: Rossiya o‘z shartlari yozilgan memorandum tayyorladi. Ilon Mask iste’foga chiqmoqda: u nimaga erishdi? Rossiyalik deputat mamlakatning bir qismi o‘zbeklarning tarixiy vatani ekanini aytdi: uni jazolashadimi?
Ortda qolayotgan haftaning xalqaro maydondagi mavzulari muhokamasi – Kun.uz'ning jonli efirdagi “Geosiyosat” haftaligida.
Italiya-Markaziy Osiyo birinchi sammiti yakuni bo‘yicha qanday xulosalar qilish mumkin?
Shuhrat Rasul: Italiya Yevroittifoqning liderlaridan biri hisoblanadi. Umuman Yevroittifoq bugungi kunda Markaziy Osiyoda iqtisodiy hajmi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda. To‘g‘ri, aksar qismi Qozog‘istonga to‘g‘ri keladi. Lekin shunga qaramasdan birinchi o‘rinda eng katta savdo aloqalar bo‘yicha Xitoy, ikkinchi o‘rinda Yevroittifoq, Rossiya uchinchi o‘rinda. O‘zbekiston bilan Italiya o‘rtasida mana shunday oliy darajadagi uchrashuvlar bundan 22 yil oldin ham bo‘lgan. Shuningdek, Italiya iqtisodiy jihatdan ham dunyo reytinglarida yuqori o‘rinlarda turadi. Umuman olganda Markaziy Osiyo jumladan O‘zbekistonning Italiya bilan munosabatlarining chuqurlashishi faqat foyda deyish mumkin.
Jahongir Akramov: Qaysidir ma’noda Italiyaning Markaziy Osiyoga qiziqib qolgani va bu tashriflarning yana bir omili borki, Italiya bilan Fransiya o‘rtasidagi Yevropa Ittifoqida hozir liderlik uchun kurash ketayotganini ham ko‘rishimiz mumkin. Ya’ni Makron va Meloni o‘rtasidagi munosabatlar ham yuqori darajada emas. Bu holatdan biz pragmatik ravishda foydalana olishimiz ham kerak. Italiya hozirgi vaqtda Germaniya va Fransiya kabi liderlar orasida Yevropa Ittifoqidagi o‘z o‘rnini mustahkamlashga harakat qilyapti. Bu o‘rinda Jorja Melonining Samarqandga tashrifi ham juda katta ma’no beradi. Ya’ni bu madaniy diplomatiyaning bir qismi. Shuningdek, Samarqand ko‘chalaridan biriga Rim nomi berildi.
HAMAS yoki Isroil 60 kunlik sulh muddatini kuch to‘plash uchun ishlatishi mumkinmi?
Bektosh Berdiyev: Isroilni qoniqtiradigan, HAMASni esa qoniqtirmaydigan jihat ham shunda aslida. Isroilga bu takliflar ma’qul keldi. Birinchidan, Isroil bugungi kunda butun xalqaro hamjamiyatning tanqid nishoniga aylandi, ya’ni xalqaro maydonda Isroilga nisbatan bosimlar ko‘payib ketdi. Hattoki Amerika Qo‘shma Shtatlarida Isroil elchixonasining xodimlari otib tashlanishi, boshqa Yevropa davlatlarida Isroilning elchilari biror bir restoranga chiqsa yo biror bir tadbirga borsa, unga nisbatan doimiy bosimlarning ortib borayotganligi katta bosimlar bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Isroilning azaliy va doimiy hamkorlari bo‘lgan Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniyaning ham doimiy Isroilni tanqid qilishi Isroilni juda qiyin vaziyatga soldi. Isroil bu vaziyatdan chiqishi kerak, shuning uchun ham Netanyahu g‘arb davlatlari tomonidan taklif qilingan sulhga rozilik berishga majbur.
Reuters manbalariga ko‘ra HAMASga yuborilgan takliflar quyidagicha:
- 60 kunlik jangovar harakatlarni to‘xtatish;
- Doimiy sulhga olib boruvchi jiddiy muzokaralarga kafolat;
- Isroil garovdagilar ozod qilinganidan keyin urushni qayta boshlamasligi haqida kafolat;
- Isroil armiyasi mart oyidagi sulh paytidagi pozitsiyalariga qaytishi;
- Hamas bu 60 kunlik tanaffus davomida 10 nafar tirik garovdagi kishini va bir nechta jasadlarni ozod qiladi. Buning evaziga Isroil tomonidan 1100 dan ortiq falastinlik mahbuslar ozod etiladi;
- Bu muddat davomida har kuni yuzlab gumanitar yordam yuk mashinalari G‘azoga kirishiga ruxsat beriladi.
Shuningdek, tahlilchilar suhbat davomida xalqaro maydonda sodir bo‘lgan muhim jarayonlar yuzasidan ham o‘z fikrlarni bildirishdi. Suhbatni to‘liq shaklda YouTube platformasida tomosha qilish mumkin.

Mavzuga oid

11:15
🔴 LIVE: AQSh-Eron urushi: bo‘rondan avvalgi sokinlikmi?

16:30 / 22.06.2025
“Eronga zarba – Xirosima va Nagasakiga atom bombasi tashlangani bilan bir xil ahamiyatga ega” – kunning eng muhim mavzusida suhbat

14:47 / 21.06.2025
“Eronning javob hujumlari AQShni o‘ylantirib qo‘ydi” - ekspertlar

10:15 / 18.06.2025