Alonso «Real»da. Endi kim o‘zgaradi – klub yoki murabbiy?
Klub yangi murabbiy uchun kerakli futbolchilarni olib beradimi? Murabbiy Leverkuzenda ish bergan uslublarini Madridda qo‘llashda davom etadimi?

Foto: Real Madrid
Madridning «Real» klubi Habi Alonso bilan kelishuvni rasman e’lon qildi. Ispaniyalik murabbiy 2028 yilgacha jamoani boshqaradi va iyun oyida boshlanadigan klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidayoq murabbiy sifatida rasman ishga kirishadi.
Iqtiboslar
«...Men uyga qaytdim. Bu klub bilan rishtalar hech qachon uzilmagan, Valdebebasga qaytishim bilan tuyg‘ular jonlandi»
«...Men bu yerga o‘z talablarim bilan emas, jamoa bo‘lib birga ishlash uchun keldim»
«...Istaymanki, odamlar bizning o‘yinimizga qarab, mana bu haqiqiy jamoa, deyishsin va zavq olish umidida stadionga oshiqishsin» (Habi Alonso)
«Sen 2018 yilda „Real“ning yoshlar tarkibini boshqarib yurgan paytingdayoq qayerga bo‘lishingni bilardik. Shu yerda. Bu sening taqdiring» (Florentino Peres)
Muqarrar voqea
Habi Alonso va «Real» yana topishishi vaqt masalasidek tuyulgandi va shunday bo‘ldi ham. Uning «Real» bilan umumiy o‘tmishi borligi har ikki tomon uchun masofani yaqinlashtirgani tabiiy – Habi «Bayyer» bilan kelishuvlarda agar o‘zi o‘ynagan klublardan taklif chiqsa, xayrixohlik qilinishini shart qilib qo‘ygan bo‘lsa, Florentino Peresning so‘zlarini yuqorida o‘qidingiz.
Peres 2018-19 yillar haqida gapirgan bo‘lsa, orada o‘tgan mana shu olti yil ichida «Real» ham, Alonso ham bu uchrashuv uchun kerakli qadamlarni tashladi, deyish mumkin. Habi Alonso Madriddan ketgach, uch yil «Sosiyedad»ning yoshlar jamoasini boshqargan bo‘lsa, 2022 yilda mavsum yarmida jar yoqasida turgan «Bayyer» boshqaruvini oldi. Qisqa vaqt ichida u leverkuzenliklarni avval peshqadamlardan biriga, keyin esa Bundesliga chempioniga aylantirdi. Aynan o‘sha chempionlik, ya’ni o‘tgan mavsumdan boshlab murabbiy Alonso haqida eng yuqori doiralarda gaplasha boshlashdi. «Liverpul», «Bavariya», «Real» va yana bir qator top-klublar Alonsoni taklif qilish uchun navbatga turdi. Mana shu Alonsoning «Real» tomon tashlagan qadamlari edi, zero futbolda shunaqa, eng zo‘r bo‘ldingizmi, sizni «Real» kutadi. Qisqasi, «Bayyer»da muvaffaqiyat qozonayotgan Habi Alonso «Real» uchun go‘yoki Chexov hikoyalaridagi devorda osig‘liq turgan miltiq edi va bu qachon otilishini, ya’ni murabbiy qachon Madridda paydo bo‘lishini kutish qolgandi, xolos.
«Real» esa o‘z navbatida tizimli futbolga qarshi kurashib charchadi. Boshqa top-klublar turli taktikalar, tizimlar ustida bosh qotirayotgan bir paytda «Real» eng sodda yo‘l bilan yil sayin eng muvaffaqiyatli klub sifatida namoyon bo‘lar, bu ham Madrid uchun qo‘shimcha unikallik yaratardi. Lekin so‘nggi mavsum bu qarash ham doim natija bermasligi ko‘rinib qoldi. «Real» shu paytgacha individual mahoratga, shuningdek ulardan hosil bo‘lgan Kroos – Modrich, Vinisius – Mbappe kabi bog‘lamlarga tayangan bo‘lsa, yildan yilga ketganlarni almashtirish qiyinlashib ketmoqda. Chunki Modrich ham, Kroos yoki Benzema ham o‘ziga yarasha unikal, ularning ketishi tabiiy ravishda jamoa o‘yinidan nimanidir yulib ketadi. Doim izlanishda bo‘lish, individual yulduzlarning o‘rnini bosishga urinish ham qimmat, ham doim ham o‘xshamaydi. O‘z-o‘zidan Florentino Peres soat kabi ishlaydigan va arzimas tuzatishlar bilan uzoq yillarga yarashi mumkin bo‘lgan tizimli jamoaga ehtiyoj seza boshladi.
Alonso esa buning uchun ideal nomzod. Ham o‘z tizimi va uslubi bilan tanilgan, ham natija ko‘rsatgan, shu bilan birga, tipaj sifatida ham ayni muddao – muxlislar yoqimtoyi, futbolchi sifatida katta tajribasi bor, deyarli hamma yulduzlar bilan birga to‘p surgan, ya’ni yangi avlod yulduzlari bilan qanday gaplashishni biladi.
Bundan tashqari, ayniqsa ilk mavsumlarda kerak bo‘ladigan fazilat – yetarli darajada moslashuvchan. U futbolchilik paytidayoq ham pragmatika qiroli Joze Mourinio, ham taktik Pep Gvardiola ostida to‘p surib, kerakli tahsillarni olgan.
3-4-3 – yangi «Real»mi?
Shu kunlarda hatto ba’zi jiddiy nashrlarda ham qandaydir xavotirli mulohazalar yangray boshladi. Bu Alonsoning taktik sxemasi bilan bog‘liq. Habi yosh murabbiy, katta futbolda faqat «Bayyer»dagi ikki yillik tajribasi bor va ahamiyatlisi, uning barcha yutuqlari 3-4-3 sxemasi bilan bog‘liq. Shundoq ham ma’lum bir taktik qoliplarga o‘rganmagan «Real» futbolchilari uchun endi yanada murakkabroq davr kelmoqdami? Ayniqsa, Ruben Amorimning «MYu»dagi muammolari vaziyatni yanada muhim masalaga aylantiradi, zero to‘rt himoyachi bilan o‘ynayotgan jamoaning qisqa fursatda uch himoyachiga o‘tishi ancha og‘riqli jarayon deb aytilmoqda.
Keling, «Real» tarkibini ko‘rib chiqamiz va mabodo Alonso o‘zining eng yaxshi bilgan uslubini qo‘llamoqchi bo‘lsa, qanday muammolar paydo bo‘lishi mumkinligini taxmin qilamiz.
Markaziy himoya: Menimcha, uch markaziy himoyachi «Real»da bemalol topiladi. Alaba, Ryudiger kabi futbolchilar biroz oldinga chiqib o‘ynay olishi hatto 3-4-3 «Real» himoyasi uchun yanada mosroq degan xulosaga olib kelishi ham mumkin.
Qanot futbolchilari: Bu birinchi muammo. Ham hujumda, ham himoyada birdek foydali harakat qiladigan futbolchilar kerak. Bu sxemada qanot futbolchilari markazlashib emas, maydonni kengaytirishi, ya’ni yanada qanotda o‘ynashini e’tiborga olsak, Valverde va Kamavingadan hozirgidek foydalanish qiyinlashib ketadi.
Tayanch zona. To‘p uchun kurashadigan va yaxshi pasga ega bo‘lgan futbolchilar kerak. Menimcha, Sebalios, Valverde, Bellinhem, Kamavinga, Tchuameni kabilar bilan eng komplektlashgan pozitsiya.
Hujumkor yarimhimoyachilar. Odatda «Bayyer»da yaqqol hujumchi ortida ikki nafar «o‘nlik»lar to‘p suradi. Virs masalan bu sxema uchun ideal futbolchi. Nafaqat tezkor va dribling bilan o‘zi gol uradigan, balki o‘tkir paslarga usta, o‘yinni boshqarish xususiyati bo‘lishi lozim. «Real»da uchlikda to‘p suradigan na Vini, na Rodri, na Dias to‘liq bu profilga tushadi. Ikki «o‘nlik»dan boshqacharog‘i sifatida o‘ynashlari mumkin, ammo ikkinchi futbolchi uchun albatta kerakli tipaj kerak. Hozirgi tarkibdan faqat Arda Gulerdan kerakli futbolchi yasash mumkin. Ammo Guler qanchalik tayyor, bu mavsum javob bermadi.
Hujumchi. Bu tizimdayam Kilian Mbappe har qanday hujumchidan foydaliroq bo‘lishiga ishonish mumkin. Ammo bir muhim jihat bor. Bu sistemada hujumchi doim kerakli paytda jarima maydonida ochilishi, doim yakunlash uchun tayyor turishi lozim. Ortga qaytib, kombinatsiyalarda ishtirok etish talab etilmaydi. Agar Alonso tizimi Mbappega har o‘yinda 3-4 vaziyat yaratib berishga qodir bo‘lsa, ya’ni Mbappe har o‘yinda 1-2 gol urib tursa, mana shu statistika uchun ham u berilgan rolga rozi bo‘lishi, dribling yoki chiroyli gollar ketidan quvmasligi mumkin. Masalan, kechki Ronaldu tezligi va driblingni yo‘qotgach, moslashib, yaqqol hujumchiga aylangan. Avvalgidek «rohatlanib o‘ynamagan» bo‘lsa-da, gollar soni kompensatsiya bo‘lib xizmat qilgan. Yoki Manchesterga kelgan Erling Holandni olaylik. Bir safar u butun o‘yin davomida 9 marta to‘pga tegib, 3 gol urgandi. Agar Mbappe futbol o‘ynash emas, gol urishga rozi bo‘lsa, bemalol mashinaga aylanishi mumkin.
Demak, «Real» yoz bo‘yi tranfer bozorida faol bo‘lishi, kamida qanotga ikki futbolchi, shuningdek, kamida bir nafar hujumkor yarimhimoyachi sotib olishi shart bo‘ladi.
Habi Alonso aslida ancha moslashuvchan murabbiy ekani, uning asosiy yutug‘i mavjud ijrochilardan kelib chiqib tizim yaratishi ko‘p bor aytilmoqda. Ammo uning bu borada Anchelotti kabi tajribali emasligini ham tan olish kerak. Ha, «Bayyer»da u aynan o‘sha paytdagi tarkibdan kelib chiqib 3-4-3 sxemasini tanlagan bo‘lishi mumkin, ba’zi katta o‘yinlarda 4 himoyachi bilan ham muvaffaqiyatli to‘p surgani («Bavariya», «Borussiya», «Inter»ga qarshi) ham fakt, ammo aynan top-murabbiy sifatida uzoq muddatli muvaffaqiyatlar hozircha baribir 3-4-3 bilan bog‘liq va agar Alonso boshqa shartlar va sxemada ham o‘zini ko‘rsatishi ehtimol bor, lekin bu haqida hozircha aniq bilmaymiz.
Transferlar
«Real»da Habi Alonso kelishi bilan o‘zgarayotgan yana bir jihat transfer siyosatidir. Shu paytgacha Florentino Peres o‘zi istaganini, «Real» imiji va moliyaviy daromadlari uchun xizmat qiladigan har qanday futbolchini sotib olar va uni tarkibga moslashtirish, qay tariqa foydalanish butunlay murabbiyning zimmasidagi ish bo‘lib qolardi. Shuning uchun ham aytaylik, Kamavinga, Tchuameni kabi futbolchilar ancha iste’dodli bo‘lishsa-da, «Real»da odatiy o‘rniga ega bo‘lishmadi, asosan kemtik nuqtalarni yopish bilan shug‘ullanib kelishdi.
Katta ehtimol bilan, Alonso bunga ko‘nmaydi. Yosh murabbiy o‘z tizimi ishlashi uchun ma’lum profildagi futbolchilarga ehtiyoj sezadi va rahbariyatdan ularni olib berishni so‘rashi tabiiy. Muzokaralarda ham bu yetarlicha kelishib olingani shubhasiz.
Habi Alonsoning Madriddagi ilk transferi Din Hausen bo‘lmoqda. Ispaniyalik 20 yoshli markaziy himoyachi APL kashfiyotlaridan biri bo‘ldi. To‘pni yaxshi nazorat qila oladi, maydonni ko‘rish va turli masofalarga to‘pni yetkazib berish xususiyati top-darajada. Hujumlarni boshlashda va odatda uzoq davom etadigan «alonsocha» bild-aplarda asosiy figuralardan biri bo‘lishi shubhasiz.
Ikkinchi transfer ham aynan himoya chizig‘iga – Trent Aleksandr-Arnold. Bu futbolchini ortiqcha tanishtirish shart emas. Portugaliya kubogi finalidan so‘ng esa «Real» chap qanot uchun «Benfika» bilan Alvaro Karreras bilan muzokalarni boshladi. 22 yoshli futbolchi aslida Madrid tarbiyalanuvchisi hisoblanadi, 2017-20 yillarda «Kastilya»da shug‘ullanib, keyinchalik Manchester akademiyasiga yo‘l olgan.
«Real» ko‘rib chiqayotgan yana bir futbolchi – Anjyelo Shtiller. 24 yoshli markaziy yarimhimoyachi bir necha yildan beri top-klublar ko‘z ostida. «Shtutgart» tarkibida bu mavsum nafaqat Bundesligada, balki kuchli beshlik chempionatlarida ko‘p ko‘rsatkichlar bo‘yicha eng yaxshilardan bo‘ldi. Aytishlaricha, Shtillerni jamoaga Toni Kroos tavsiya qilgan.
«Arsenal» bilan deyarli kelishuvga erishgani aytilayotgan Martin Subimendi uchun ham «Real» kurashib ko‘rishi mumkin ekan. Habi Alonso o‘z vaqtida Subimendini «Sosiyedad» yoshlar jamoasidan asosiy tarkibga uchirma qilganini unutmasligimiz kerak.
E’tibor bersangiz, bu nomlar asosan to‘pni nazorat qilishga usta bo‘lgan va elit darajada uzatmalarni amalga oshiradigan ijrochilar. Ayniqsa, Trent, Hausen va Shtiller. Shu bilan birga jismoniy tomondan, katta zonalarni yopish, yakkakurashlar borasida muammolar bo‘ladi. Xuddi Kroosni Kazemiro, Bellinghemni Valverde doim qo‘llagani singari, mazkur futbolchilar uchun ham o‘ziga yarasha mos tizim va kerakli sharoitlar juda muhim hisoblanadi. Habi Alonso o‘z sistemasini qurishda Tchuameni, Valverde kabi mehnatkash futbolchilarning ahamiyati ham katta bo‘lishini hozirdan taxmin qilish mumkin.
Bundan tashqari, ma’lum bo‘lishicha, Habi Alonso «Komo»da ijarada to‘p surgan «Real» tarbiyalanuvchisi Niko Pasni jamoaga qaytarish tarafdori ekan. Italiyaliklar Nikodan rozi va ijara muddatini yana bir yilga cho‘zishni so‘rayotgan bo‘lishsa-da, murabbiy jamoani tark etgan Luka Modrichning o‘rnida Niko Pasdan foydalanmoqchi. Umuman, Habi qayerda ishlamasin, yoshlarga ko‘proq e’tibor qaratadi va tarkibga faol tarzda jalb qilib keladi. Bu jihatdan Endrik, Guler kabi yetarlicha imkoniyatga ega bo‘lmayotgan yoshlar uchun ham ayni muddao.
Shuningdek, matbuot anjumanida Alonso kelajak haqida juda ko‘p to‘xtaldi va jumladan, Bellinghem jamoada asosiy figuralardan biri bo‘lib qolishi, Vinisius va Mbappening juftlikda to‘p surishi muammo emasligi, shuningdek, Rodrigo hech qayerga ketmasligi haqidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Xulosa
Har qancha taxmin bildirilmasin, «Real»ning kuchayishi yoki ortga qaytishi haqida turlicha fikrlar yangramasin, jamoa yangi mavsumda boshqacha bo‘ladi. Ayniqsa, Alonsoning dinamik futbolga tayanishi, faol pressing va to‘p nazorati o‘rtasidagi muvozanat jihatidan Flik, Slot kabi murabbiylarga yaqin ekani hammaga ma’lum va Alonso Madridda ham bu asosiy prinsiplaridan voz kechmaydi. Axir u Madridga ulardan voz kechish uchun emas, o‘z g‘oyalarini kattaroq maydonda, kattaroq futbolchilar bilan namoyish qilish uchun kelyapti.
Demak, futbol uchun bu ajoyib yangilik. Chempionlar Ligasida endi kim yutadi, klasikolar taqdiri qanday o‘zgaradi, buni aytish qiyin-u, lekin bir narsa aniq – endi hammasi yanada qiziqroq bo‘ladi.
Mavzuga oid

16:55 / 23.05.2025
«Real» Karlo Anchelotti ketishini e’lon qildi

19:12 / 18.05.2025
«Cho‘ksang kattaroq dengizda cho‘k». Gulerning onasi, Madriddagi sarguzashtlari va zilziladan omon qolgan muxlisi haqidagi hikoyasi

18:18 / 09.05.2025
Alonso «Bayer»dan ketishini e’lon qildi. U «Real»ga keladi

12:45 / 27.04.2025