Jahon | 21:35 / 28.05.2025
18245
5 daqiqa o‘qiladi

Chet ellik jangchilar, xususan o‘zbeklar Suriyadan quviladimi?

Suriyadagi fuqarolik urushida minglab markaziy osiyoliklar turli guruhlar safida jang qilib keldi. Xo‘sh, ularni qaysi kuchlar harakatga keltirdi? Ash-Shara Tramp va boshqalarning xorijlik jangarilarni chiqarib yuborish talabini bajaradimi? “Geosiyosat”ning shu mavzudagi sonida siyosatshunoslar Farhod Karimov va Bektosh Berdiyev mehmon bo‘ldi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

— Suriyadagi markaziy osiyoliklar asosan qaysi guruhlar safida?

Farhod Karimov: Markaziy Osiyo aholisi Suriyada nima sodir bo‘layotgani, qanday siyosiy maqsadlar yotgani, u yerdagi asosiy harakatga keltiruvchi kuchlar kimlar ekanini bilib olishi kerak. Suriyada fuqarolik urushi boshlanganda, turli xil mintaqalardan, turli xil millat va elatlardan tashkil topgan guruhlar shakllandi. Markaziy osiyoliklar eng ko‘p to‘plangan guruhlardan ko‘zga ko‘ringani “Katibat at-Tavhid val-Jihod”, aynan shu guruh 2014 yildan faoliyati sezila boshlagan. Birinchi navbatda ular “Al-Qoida” bilan hamkorlikda, keyinchalik esa Jo‘loniy (Ash-Shara) lideri bo‘lgan “Tahrir ash-Shom” bilan yaqin hamkorlikda faoliyat yuritgan. Guruh Suriyaning asosan Halab va Idlib atroflarida faol bo‘lgan.

Ularning asosiy motivi – shariat asosiga qurilgan xalifalik davlatini barpo etish, shu orqali birinchi navbatda Isroilga qarshi kurashish edi. Lekin Ahmad Ash-Shara hokimiyatni qo‘lga kiritganidan keyin, bunday yo‘l bilan xalqaro darajada tan olinmasligini bildi. Chunki uni qo‘llab-quvvatlagan, uning hokimiyatini tan olgan ayrim davlatlar, hatto mintaqa davlatlari ham uning bunday shiorlar va maqsadlardan voz kechishini talab qilishdi.

Yevropa davlatlarining bir qator tashqi ishlar vazirlari, yetakchi siyosatchilari Damashqqa kelib, Ash-Shara bilan muloqot o‘rnatishdi. Global hamjamiyat Suriyaning o‘tish hukumatiga yagona bir din emas, balki barcha dinlarni hurmat qiluvchi, vijdon erkinligiga asoslangan, millatlararo totuvlikni ta’minlaydigan hukumat shakllantirishni talab qilgan.

Shu tariqa, 2014 yilda “Tahrir ash-Shom” tashkiloti tuzilgandagi shiorlardan Ahmad Ash-Shara voz kechdi, u mujohid sifatida emas, zamonaviy dunyoviy siyosatchi sifatida namoyon bo‘la boshladi.

Bektosh Berdiyev: Mintaqada tashkil etilgan asosiy guruh bu IShID edi. Shuningdek, “Al-Qoida”ning transformatsiyalashuvi natijasida vujudga kelgan “Jabhat an-Nusra” (bu guruhga ham Jo‘loniy boshchilik qilgan) ham kuchli tashkilot edi, lekin bir vaqtning o‘zida IShIDga bo‘ysunishini e’lon qilgan, keyinchalik esa 2013 yilda Ayman al-Zavohiriy bu guruhni “Al-Qoida”ning filiali sifatida tan oldi. Bu tashkilot tarkibida ham ko‘plab markaziy osiyoliklar ishtirok etgani haqida ma’lumotlar bor.

2017 yilda “Jabhat Fath al-Sham” boshqa guruhlar bilan birlashib, “Tahrir ash-Shom”ni shakllantirdi. Shuningdek “Katibat al-Imom al-Buxoriy” va “IShID viloyati Xuroson” degan guruhlarda ham markaziy osiyoliklar mavjud.

— Ushbu guruhlarda Markaziy Osiyoning qaysi davlatlaridan ketganlar ko‘proq?

Bektosh Berdiyev: Mamlakat aholisining sonidan kelib chiqsak, vaziyat turlicha. Masalan, Qirg‘iziston aholisi kichik bo‘lsa-da, Suriyada qirg‘izistonliklar juda ko‘p. Milliy tarkib bo‘yicha qaraydigan bo‘lsangiz, qirg‘izistonlik etnik o‘zbeklar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ularning ko‘pchiligi ijtimoiy tarmoqlarda gapirganida o‘zbekzabon auditoriyani nishonga oladi va o‘zbek auditoriyasi hayron qoladi, axir bu o‘zbek tilida gapiryapti-ku, deb. Lekin ularning aksariyati Qirg‘iziston fuqarolari.

Markaziy osiyoliklar ichida son jihatdan ikkinchi o‘rinda, tan olib aytishimiz kerak, O‘zbekiston fuqarolari. Uchinchi o‘rinda tojikistonliklar turadi. Tojikiston fuqarolari orasida ham tojiklar, ham etnik o‘zbeklar bor.

Suriyada Qozog‘iston fuqarolari yo‘q emas, lekin ancha kam. Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan, Kavkazdan borganlar, shuningdek, uyg‘urlarga nisbatan, qozoqlarning soni sezilarli kam. Turkmanistonliklar esa eng kam deyishimiz mumkin.

Suhbatni to‘liq shaklda YouTube'da tomosha qilishingiz mumkin.

Normuhammadali Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid