Jahon | 09:22 / 01.08.2023
8448
2 daqiqa o‘qiladi

Rinat Axmetovning Rossiyadagi mol-mulki xatlovga olindi

Moskvaning Basmanniy tuman sudi ukrainalik milliarder Rinat Axmetovning «terrorizmni moliyalashtirish» to‘g‘risidagi jinoiy ish bo‘yicha aktivlarini xatlovga oldi. 

Rinat Axmetov / Foto: informator

Ish materiallariga ko‘ra, 2022 yil aprel oyidan buyon Axmetovning SCM Holdings Limited kompaniyasi rahbariyati (u «Metinvest» kon-metallurgiya guruhini o‘z ichiga oladi) Ukraina armiyasi va «Azov» diviziyasiga homiylik qilib kelgan. 

Sud Sevastopol va Belgoroddagi o‘nlab ko‘chmas mulk obektlarini, «Metinvest Yevraziya»ning Rossiyadagi shu’ba korxonalarida ulushlarini, bir nechta avtomobillarni, shuningdek, ishda nomi qayd etilgan tashkilotlar hisobidagi o‘n millionlab rubllarni xatlab qo‘ydi.

Avvalroq Rinat Axmetov Rossiyaga qarshi da’vo arizasi bilan Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga murojaat qilgandi. 

Axmetov o‘zining mulkka egalik huquqlari qo‘pol ravishda buzilgani uchun Rossiyadan kompensatsiya talab qilgan. Bundan tashqari, u SCM korxonalari tomonidan tayyorlangan g‘alla va po‘lat mahsulotlari Rossiya tomonidan olinishi va yo‘q qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun shoshilinch choralar ko‘rilishini so‘ragandi.

Mavzuga oid