Tibbiy o‘quv muassasalari bitiruvchilari va shifokorlar tayyorgarligini baholash milliy markazi tashkil etiladi
O‘zbekistonda tibbiyot sohasidagi talabalarning yakuniy attestatsiyasi bilan endi faqat oliy o‘quv yurtlari shug‘ullanmaydi. Tibbiyot sohasida Milliy baholash markazi tashkil etilib, u tibbiyot oliygohlari bitiruvchilari va ishlayotgan shifokorlar o‘rtasida diagnostika va davolash usullarini o‘zlashtirishni alohida baholaydi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
So‘nggi yetti yilda tibbiyot oliygohlariga qabul 4,5 barobar ko‘payib, yiliga 25 ming nafar yoshlar o‘qishga kirmoqda. Ularning 40 foizi xususiy oliygohlarda o‘qimoqda.
Bitiruv imtihonini oliygohning o‘zi olishi, bilim va ko‘nikmalarni baholovchi shaffof tizim yo‘qligi oqibatida mutaxassislar yetarli bilim va amaliy ko‘nikmasiz mehnat bozoriga kirib kelayotgani qayd etildi.
Endilikda tibbiyot oliygohlari va texnikum bitiruvchilarining zamonaviy diagnostika va davolash usullarini o‘zlashtirishi shaffof tizim asosida alohida baholanadi. Bu tizim ishlayotgan vrach va hamshiralarga ham tatbiq etiladi.
Shu maqsadda Tibbiyot sohasini baholash milliy markazi tashkil qilinadi. Ushbu markazga xalqaro tan olingan xorijiy tashkilot jalb qilinadi. Davlat va xususiy klinikalar esa akkreditatsiyadan o‘tadi.
Tibbiyot xodimlari malakasini oshirish vazifasi davlat va xususiy tibbiyot oliygohlari, ixtisoslashgan markazlar va viloyat muassasalariga beriladi.
Mutasaddilarga shifokor va hamshiralarni tayyorlash bo‘yicha yagona malaka talablarini ishlab chiqish topshirildi.
Dual ta’lim to‘liq joriy qilish mumkin bo‘lgan soha tibbiyot ekani ta’kidlandi.
Lekin tibbiyot oliygohlari qoshidagi birorta klinika ularning balansida emasligi bunga to‘sqinlik qilayotgani qayd etildi.
Mutasaddilarga Qoraqalpog‘iston, Farg‘ona va Urganch tibbiyot oliygohlariga moliyaviy mustaqillik berish, Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona va Urganch tibbiyot oliygohlari klinikasini ham ularning tarkibiy tuzilmasiga o‘tkazish topshirildi.
Oliygohlarning tegishli kafedralari klinika bo‘limlaridagi davolash ishlarini boshqaradi.
Tibbiyot oliygohlari rektorlari o‘z tizimidagi klinik bazasi bo‘lgan boshqa muassasalarni ham ta’mirlash-jihozlashga mas’ul bo‘ladi.
Tibbiyotni rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda aytilgan katta tashabbuslarning ijrosi joylarda, eng avvalo, birlamchi bo‘g‘inda so‘zsiz ta’minlanishi shartligi qayd etildi.
Har bir vazir, hokim, deputat va senator joylardagi sharoitni o‘z ko‘zi bilan ko‘rsa, qolaversa, o‘zi va oila a’zolari o‘z hududidagi oilaviy poliklinikaga chiqib, hududiy shifoxonasida davolansa, bu islohotlarning tezroq pastga tushishiga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Mutasaddi rahbarlarga dori-darmon ishlab chiqarish, olib kelish, retseptli dorilarni dorixonada sotish, bu jarayonlarni raqamlashtirish, tibbiyot tizimida mablag‘larni to‘g‘ri ishlatish, raqamlashtirish va sug‘urtani joriy etish, korrupsiyani yo‘qotish, sodda qilib aytganda, odamlarni rozi qilish bo‘yicha islohotlar ijrosi ustidan to‘liq nazorat o‘rnatish topshirildi.
Har bir poliklinika, shifoxona, markazda odamlarni tibbiyotdan rozi qilish, qat’iy intizom o‘rnatish va madaniyat olib kirish, buning ijrosini muntazam muhokama qilib, rahbarlarning javobgarligini ko‘rib chiqish uchun mas’ullar belgilandi.
Yig‘ilish davomida soha va hududlar rahbarlarining hisobotlari va qo‘yilgan vazifalar ijrosini tashkil etish bo‘yicha rejalari tinglandi.
Mavzuga oid

20:39
Shavkat Mirziyoyev maktab bitiruvchilarini tabrikladi

13:51
Tibbiyot birlashmalari negizida sog‘liqni saqlash bo‘limlari tashkil etiladi

08:00
O‘zbekiston prezidenti Sloveniyaga tashrifini yakunladi

23:48 / 22.05.2025