Noshaffof xususiylashtirishlar. Bu yana davom etadimi?
O‘zbekistonda o‘nlab yirik kompaniyalar sotuvga qo‘yilib, xususiylashtirishning ikkinchi to‘lqini boshlanish arafasida. O‘tgan oy oxirida bu haqdagi yangilik turlicha qarshi olindi. Jamoatchilikdagi shubha-gumonlar 2020-2024 yillardagi birinchi to‘lqin bilan bog‘liq. Chunki bu davrda bir qator yirik aktivlarning xususiy qo‘llarga o‘tishiga oid ko‘plab savollar haligacha javobsiz qolmoqda.

Foto: Kun.uz
Sovet Ittifoqi davrida barcha iqtisodiy faoliyat hukumat tomonidan rejalashtirilgan, korxonalar 100 foiz davlatga tegishli bo‘lgan. Bozor tamoyillari, raqobat, xususiy mulk tushunchalari deyarli yo‘q edi.
Shu sababdan ham mustaqillikdan keyingi yillarda possovet makonida davlat korxonalarini sotish eng muhim vazifalardan biriga aylandi. Chunki ular samarasiz, jamiyat uchun juda qimmatga tushadi va iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
O‘zbekiston misolida olib qarasak, keng masshtabli xususiylashtirish to‘lqiniga 2020 yilning oxiridan start berildi. Shu yilning 27 oktyabr kuni qabul qilingan «Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarorida sotilishi kerak bo‘lgan korxonalar, obektlar va davlatga tegishli boshqa aktivlarning kattagina ro‘yxati tasdiqlandi. «2021-2025 yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Vazirlar Mahkamasining qarorida esa davlat ishtirokidagi korxonalar sonini 75 foizga qisqartirish maqsad qilingandi. Ammo o‘tgan davr mobaynida bir qator sotuvlarning qanchalik shaffof kechgani doimiy tarzda savol ostiga olib kelinmoqda.
2025 yildan xususiylashtirishning ikkinchi to‘lqini boshlanadi. Bunda 29 ta davlat ishtirokidagi yirik korxonalar ustav kapitalidagi aksiyalar paketini ommaviy savdolarga chiqarish ko‘zda tutilgan. Ular orasida UzAuto Motors, UMS, Uzbekistan GTL, O‘zbekinvest, O‘zmetkombinat, Toshkent traktor zavodi, Texnopark va bir qancha IESlar bor.
Shuningdek, 12 ta davlat ishtirokidagi yirik korxona ustav kapitalidagi aksiyalar paketining xalqaro va mahalliy fond bozorlarida birlamchi yoki ikkilamchi ommaviy taklifini o‘tkazish ko‘zda tutilyapti. Ular qatoriga Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, Uzbekistan Airways, Navoiyuran, O‘ztelekom, O‘ztransgaz, Hududiy elektr tarmoqlari, Hududgazta’minot kabi yirik kompaniyalar kiritilgan.
Nega xususiylashtirish kerak?
Xususiylashtirishdan asosiy maqsad – davlat aktivlarini eng yuqori narxlarda mulkdorlarga topshirish. Mulkdor mulkni qancha qimmatga olsa, tabiiyki, tikkan pulini qaytarib olish uchun undan shuncha samarali foydalanadi.
Davlatning iqtisodiyotda yuqori darajada ishtirok etishi o‘zaro raqobatga xalaqit beradi, monopoliya va korrupsiyani urchitadi. Iqtisodiyotda shunday qoida bor: kim o‘z resurslaridan maksimal foyda olishni bilsa, o‘sha mamlakat boy bo‘ladi. Aksincha bo‘lsa, kambag‘allashadi. Shu jihatdan davlatning biznes bilan shug‘ullanmasligi hamma uchun foydali.
Bu yerda juda muhim shart bor: xususiylashtirish adolatli, raqobatli va xolis o‘tgandagina samarali hisoblanadi. Aks holda, davlat aktivini qing‘ir yo‘l bilan qo‘lga kiritgan shaxs yoki shaxslar guruhi istagan vaqtda, masalan siyosiy ob-havo o‘zgarib qolganida, olgan mulkidan ayrilib qolishi mumkinligini juda yaxshi tushunadi, shu sabab unga yetarlicha “mehr” bermaydi, uzoqni ko‘zlab yo‘l tutmasdan, korxonaning kelajagini o‘ylashdan ko‘ra maksimal tezroq foyda olish harakatida bo‘ladi.
Xususiylashtirish qanday bo‘lishi kerak edi?
Aslida, hukumat uchun asosiy maqsad – o‘ziga tegishli mulkni maksimal qimmat narxda sotish bo‘lishi kerak. O‘zbekistonda kuzatilayotgan sotuvlarda esa potensial xaridorlarga kelajakda investitsiya kiritish va ish o‘rinlarini yaratish kabi ijtimoiy majburiyatlar yuklashga ko‘proq urg‘u berilyapti. Ya’ni davlat aktivlari ko‘proq pul to‘laganlarga emas, balki istiqbolda nimadir qilishga va’da berganlarga berilyapti.
Sababi, davlat egaligidagi korxonalar ko‘pincha ish bilan ta’minlash vositasi sifatida ham ko‘riladi. Xususiy sektor esa zamonaviy texnologiyalar yordamida ish o‘rinlarini qisqartirishi yoki ko‘proq daromad olish maqsadida ish jarayonini transformatsiya qilishi mumkin. Natijada, ish o‘rinlarini qisqartirmaslik va boshqa shu kabi talablar kiritilgan xususiylashtirish jarayonlariga investorlarning qiziqishi yuqori bo‘lmasligi mumkin.
Eng ajablanarlisi esa, yaxshigina foydada ishlab turgan zavodlarning bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilishi.
Umuman olganda, bunday xususiylashtirish jarayonlaridan puli bor, xalqaro reputatsiyasi yaxshi investorlar uzoqroq yurishadi. Chunki investitsiya va ijtimoiy majburiyatlar yuklash kelgusida mulkni tortib olishning eng keng tarqalgan va ishonchli usullardan biri ekani amaliyotda ko‘p bor isbotlangan.
Quyida – so‘nggi yillarda xususiylashtirilgani ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan yirik davlat aktivlaridan ayrimlariga e’tibor qaratamiz.
Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi
2022 yilning may oyida “Sanoat energetika guruhi” MChJ (Saneg) FNQZning 100 foiz ulushini ayrim majburiyatlar bilan 100 mln dollarga xususiylashtirib olgandi. Shundan keyin zavod 2023 yilda 469,6 mlrd so‘m, 2024 yilda esa 236,1 mlrd so‘m sof foyda ko‘rgan. Ammo hamon FNQZning 58,5 foiz nazorat paketi Davaktiv ixtiyorida qolayotganiga qaraganda, 3 yildan beri kelishilgan pul davlatga to‘liq to‘lanmagan. Bitim qachon yopilishi, to‘lov yana necha yilga cho‘zilishi ma’lum emas. Bu vaqtda Saneg zavodning bir qismini 140 mln dollarga sotishga ham erishdi. Saneg'da qarzga olingan zavodni qayta sotish huquqi bo‘lgan yoki bo‘lmagani ma’lum emas.
UNG Petro AYoQShlari va Chinoz neftni qayta ishlash zavodi
“O‘zbekneftgaz”ga tegishli bo‘lgan UNG Petro yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i va ChNQZ ayni paytda sobiq tashqi ishlar vazirining o‘g‘li Doniyor Komilov egalik qilyapti. Nomi Carvon deya rebrending qilingan O‘zbekistondagi eng yirik AYoQShlar tarmog‘i qanday qilib davlatning egaligidan chiqib ketgani noma’lum. Bu oldi-sotdi jarayonlari bo‘yicha haligacha Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hech qanday rasmiy ma’lumot bermadi.
“Qizilqumsement” va “Kvars”
Bundan 3,5 yil oldin mamlakatdagi eng yirik sement zavodlardan biri – “Qizilqumsement” ustav kapitalidagi 86,92 foiz davlat ulushi 1,89 trillion so‘mga Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan United Cement Group'ga sotilgan edi. Bu sotuv zavodning bozor narxiga nisbatan 20 foiz arzonroq narxda amalga oshirilgani xalqaro investorlar noroziligiga sabab bo‘lgandi. Zavodning 31,8 foiz ulushi hozir ham “Qizilqumsement” AJning o‘ziga tegishli, bu esa UCG tomonidan shartnomada ko‘zda tutilgan pul hali ham davlatga to‘liq to‘lab berilmagan bo‘lishi mumkinligini anglatadi.
2025 yil fevralida “Quvasoysement” AJga uch yilga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan 265 mlrd so‘mga sotilgan “Kvars” shisha zavodi davlat ixtiyoriga qaytarildi. Bu xaridorning majburiyatlarini bajarolmagani bilan izohlandi. E’tiborli jihati, zavod xususiylashtirilmasidan oldingi yillarda foyda ko‘rib ishlagan: sof foydasi 2021 yilda 54,7 mlrd so‘m, 2022 yilda 64,3 mlrd so‘mni tashkil etgan. 2023 yil fevralidagi xususiylashtirishdan keyin kompaniya o‘sha yilni 21,7 mlrd so‘m, 2024 yilni esa 142 mlrd so‘m zarar bilan yakunlagan.
Angren shina zavodi va Hyatt Regency mehmonxonasi
Katta miqdordagi tashqi qarzlar hisobiga bunyod bo‘lgan aktivlarning qancha narxda sotilayotgani ham qiziq.
Qurilishi uchun Xitoydan 156,4 mln dollar kredit olingan Angren shina zavodi 2023 yil yanvarida “Tatneft”ga 80 mln dollar yoki qariyb 900 mlrd so‘mga sotildi. O‘sha vaqtda kompaniyaning ustav kapitali 658 mlrd so‘m, sof aktivlari qiymati esa bitim tuzilishidan oldingi oxirgi chorakda 2,3 trln so‘m edi. Rasmiylar bitim qiymatini izohlarkan, zavodning 153 mln dollarlik qarzlari borligi, xaridor tomon shu qarzlarni ham to‘lash majburiyatini olganini bildirdi.
Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasining 100 foizlik davlat ulushi Abu Dhabi Uzbek Investment fondi tomonidan 87 mln dollarga sotib olingani ham ijtimoiy tarmoqlarda turlicha qabul qilindi. Chunki mehmonxona 2013-2016 yillar oralig‘ida qurilgan va loyiha qiymati taxminan 205 million dollarni tashkil etgan.
Ipotekabank
2023 yilning iyun oyida Ipotekabankning 73,71 foiz aksiyalari Vengriyaning OTP guruhiga o‘tgan edi. Bitim qiymati 324 mln dollar bo‘lgani aytilgan. Oradan bir necha oy o‘tib, Vengriya kompaniyasi o‘z ulushini 79,6 foizgacha oshirib oldi. Bunga OTP foydasiga qo‘shimcha aksiya chiqarilgani, O‘zbekiston nomidan ish olib borgan Iqtisodiyot va moliya vazirligi esa bunga rozilik bergani sabab bo‘lgan.
Iqtisodchi Otabek Bakirov o‘shanda bloklovchi paketning yo‘qotilgani qolgan ulushlarni qimmatroq sotish bo‘yicha muzokaralarda davlat pozitsiyasining zaiflashishiga olib kelishi mumkinligiga e’tibor qaratgandi. Holat yuzasidan IMV bahsli savollarga javob berishdan bosh tortdi.
Aloqabank, Asakabank va O‘zsanoatqurilishbank kabi boshqa yirik banklarni xususiylashtirish bir necha yildan beri kechiktirib kelinyapti.
Ko‘plab savollar ochiq
Yuqorida sanab o‘tilgan bir qator holatlar bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va boshqa organlardan reaksiyalar bo‘lmadi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi esa, yirik xususiylashtirish jarayonlari bo‘yicha OAV savollarini javobsiz qoldirishni odat qilib olgan.
Faol xususiylashtirish boshlangan 2021 yildan keyingi davrda vakolatli organ atigi bir marta – 2023 yilning mart oyida kichik matbuot anjumani o‘tkazgan xolos.
Jamoatchilik bilan faol muloqotning yo‘qligi, savollarga namoyishkorona sukunat bilan javob berilayotgani vaqti-soati kelib, o‘zbekistonliklar milliylashtirish to‘lqiniga ham guvoh bo‘ladigandek taassurotni yuzaga keltirmoqda.
Unutmaslik kerakki, har bir noshaffof xususiylashtirish mamlakatning investitsion jozibadorligini pasaytirishi sabab, o‘zidan keyingi savdolarga ham bilvosita ta’sir ko‘rsatadi.
Investitsion jozibadorlik – oldinda kutilayotgan xususiylashtirishning ikkinchi to‘lqini qanchalik raqobatli o‘tishini belgilab beradi.
Xalqaro reputatsiyaga ega yirik investorlarning O‘zbekiston bozoriga kirishga qiziqishi susaysa, keyingi aktivlar asosan mahalliy sarmoyadorlar o‘rtasida taqsimlanadi, bu esa davlat budjetiga xususiylashtirishdan tushadigan tushumlarga jiddiy ta’sir qiladi.
Coca-Cola Uzbekistan'ning sotilganiga ham 4 yil bo‘ldi, xalqaro hamjamiyatga buni misol qilib ko‘rsatish ham eskirdi axir.
Doston Ahrorov
Tavsiya etamiz
Chigirtkalar bosqini: Bu ham iqlim bilan bog‘liq muammomi?
O‘zbekiston | 15:49 / 14.05.2025
«Eng kambag‘al prezident» Xose Muxika vafot etdi
Jahon | 08:03 / 14.05.2025
Toshkentda yo‘l o‘rtasidagi birinchi tezyurar yo‘lak qurilishi boshlanadi
O‘zbekiston | 19:08 / 13.05.2025
1 iyundan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida 30 kunlik vizasiz rejim kuchga kiradi
O‘zbekiston | 17:29 / 13.05.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Virgin Galactic kosmosga parvozlar narxini oshiradi
Fan-texnika | 01:39
-
Ukraina uchinchi F-16 qiruvchi samolyotidan ayrildi
Jahon | 00:06
-
16 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
O‘zbekiston | 22:31 / 16.05.2025
-
Qo‘qonda ammiak bilan bog‘liq favqulodda holat yuz berdi
O‘zbekiston | 22:26 / 16.05.2025
Mavzuga oid

17:21 / 30.04.2025
Toshkentning Shayxontohur tumani hokimligi binosi sotuvga qo‘yildi

20:36 / 28.04.2025
Bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obektlaridan samarali foydalanish tashkil etiladi

23:15 / 26.04.2025
Kamayadigan bojsiz limit, sotiladigan zavodlar va Lavrovning nolishi - hafta dayjesti

21:57 / 26.04.2025