O‘zbekiston | 16:55 / 19.11.2022
12771
13 daqiqa o‘qiladi

Muzlatkichimizning qadrli mehmonlari

Foto: Pure Milky

Odatda hammaga barobar yoqishning iloji yo‘q, deyishadi. Ammo mahsulotlar haqida bunday deb bo‘lmaydi. Ayniqsa, gap ko‘pchilik tan olgan, 7 yoshdan, yo‘g‘ye, bir yoshdan yuz yoshgacha bo‘lgan, barchaga ma’qul kelayotgan mahsulot haqida ketganda e’tirozga o‘rin qolmaydi. Bu o‘rinda biz ko‘nikib qolgan 7 yoshdan 70 yoshgacha degan iborani qo‘llash ham to‘g‘ri kelmaydi, deb o‘yladik. Birinchidan, ushbu mahsulotlarni iste’mol qilgan insonlarning umr davomiyligi oshishi aniq, buni olimlar isbotlab berishgan, ikkinchidan rostdan ham ularni tug‘ilganimizdanoq iste’mol qilamiz.

Pure Milky mahsulotlari haqida gap ketar ekan, ular bugun aksariyatimizning muzlatkichimiz “qadrli mehmon”iga aylanib qolganini aytmay ilojimiz yo‘q. Xo‘sh, ushbu sut mahsulotlari nega buncha qisqa muddat ichida sevimli yeguligimizga, nonushtamizga aylandi? Buning siri nimada? Maqolamizda ushbu savollarga javob topishga harakat qilamiz. Ya’ni Samarqand viloyati, Toyloq tumanida joylashgan Pure Milky korxonasidan reportaj tayyorlaganmiz.

Foto: Pure Milky

Sigirlar uchun musiqiy tanaffus

Korxona juda katta hudud, bir necha gektar maydonni egallagan. To‘g‘risi, korxonaga borganda darhol sutni qayta ishlovchi sexlarni ko‘ramiz, deb o‘ylagandik ammo biroz adashdik. 

Foto: Pure Milky

-Har bir mahsulotning sifatli tayyorlanishida eng muhimi - xomashyo, - deydi korxona bosh laboranti Suvonov Abror. Shunday ekan, biz ushbu muhim jarayonni boshqalarga ishonib qo‘ya qolmaymiz. Mahsulotlarimizning asosiy xomashyosi bo‘lgan sut, biz bilgan, doim nazorat, e’tiborda bo‘ladigan sog‘lom sigirlarniki bo‘lishi lozim.

Ha, tushunganingizday, Pure Milky o‘z shaxsiy yirik fermalari mavjud bo‘lib, tashkilotni to‘liq sut bilan ta’minlaydi. Bittagina chorvachilik fermasida 2100 ta sigir parvarishlanadi, jami tashkilotga tegishli 8 ming bosh chorva mavjud.

E’tiborlisi, ular orasida oddiy sigirlar yo‘q, hammasi zotdor, “golshteyn” zotli, Yevropadan keltirilib, ko‘paytirilgan sigirlar.

-Ushbu sigirlar kuniga 8 litr sut beradigan mahalliy sigirlardan farqli tarzda bir kunda 30-35 litr sut beradi, - deydi fermer xo‘jalik rahbari – Hojiqulov Sardor.

Sigir sog‘ish tizimi avtomatik tarzda tashkillashtirilgan bo‘lib, hatto qo‘l bilan sog‘ishga qaraganda jonivorlarni ancha avaylashi va jarohat yetkazmasligi bilan ahamiyatli. 

Foto: Pure Milky

Ko‘pincha xalq orasida zotdor sigirlarning parvarishi qiyinligi haqida gap boradi. Ularga qarov o‘ziga xos tarzda bo‘lishi kerakligini ko‘pchilik bilgan taqdirda ham unga amal qila olmasligi mumkin. Ammo va’da qilingan miqdorda sut olishni rejalashtirgan ekansiz, ularga yetarlicha qarov va e’tibor bilan yondashish lozim. Pure Milkyʼga qarashli fermalarda parvarishlanayotgan sigirlar o‘z vaqtida uqalash muolajalarini oladi, musiqiy tanaffusdan bahramand bo‘lib, eng yaxshi ozuqa hamda vitaminlar bilan oziqlantiriladi. 

Tekshiruv juda ko‘p

Darvoqe, gap to‘yimli ozuqa haqida ketganda bir masalaga e’tibor qaratishingizni istardik. Pure Milky sigirlar ozuqasi bilan bog‘liq masalani ham o‘z hududida hal etgan: axir uning o‘ziga nisbatan talabi katta. Mahsulotlari bir yoshdan yuz yoshgacha bo‘lgan aholining sevimlisi bo‘lishini maqsad qilgan ekan, sigirlari sifatli sut berishi, ularning bu talabni bajarishlari uchun esa ozuqa yaxshi bo‘lishi lozim. Hayotning asosiy talabi bo‘lgan ushbu zanjirning bir qismiga darz yetsa yoki o‘sha qismida muammolar bo‘lsa, tamom, siz istagan maqsad ro‘yobida kemtikliklar yuzaga chiqaveradi. Pure Milky esa buni oldindan ko‘ra bilgan holda ish tutadi. Ya’ni sigirlar uchun ozuqa ularning o‘z dalalarida yetishtiriladi.

Foto: Pure Milky

Tabiiyki, bunday parvarish natijasiz qolmaydi, kompaniya o‘zi kutgan sifatli sutni iste’molchi uchun tayyorlayotgan mahsulotlari sari yo‘naltiradi.

Darvoqe, fermadagi buzoqlarning barchasi zotdor buqalar orqali sun’iy urug‘lantirish bilan dunyoga keladi. Shuning uchun yetilib kelayotgan buzoqlar yuz foizli zotdor chorva mollari sanaladi.

Sut mahsulotga aylantirilishi paytida nazoratdan o‘tishi barobarida har bir fermaning o‘z laboratoriyasi mavjud bo‘lib, bu yerda ushbu ichimlik bir necha xil tekshiruvlardan o‘tadi. Odatda ko‘pchiligimiz zotdor sigirlar doimiy ravishda dori-darmonlar bilan emlanadi, bu esa sutning sifatiga ta’sir ko‘rsatadi, deya shubha qilamiz. Vaholanki, agar sigirlar domiy nazoratda bo‘lsa, ularning kasal bo‘lish ehtimoli kamayadi. Qolaversa, sigirlar antibiotik yoki turli emlashlar qabul qilgan paytda ulardan juda oz miqdorda sut olinadi va u sog‘ligi uchun ayni muddao bo‘lgan buzoqlarga beriladi.

Darvoqe, chorvaga qarash, unga qanday ozuqa berishdan tortib, ularning parvarishi bilan tegishli mutaxassislar shug‘ullanadi. Shu o‘rinda kompaniyaning yana bir sirini bilib oldik: u tashkilotga doir har bir ishni, u xoh boshqaruv bo‘lsin yoki oddiy bir yumush, tanish-bilishga emas, professional mutaxassis va ekspertga ishonadi hamda ularni ishga olishga harakat qiladi.  

Oqlik – tozalik degani

Foto: Pure Milky

Mana, nihoyat, muzlatkichlarimizning doimiy mehmoni bo‘lgan Pure Milky mahsulotlari ishlab chiqariladigan sanoat hududi. E’tiborimizni ilk tortgan jihat, haddan tashqari tozalik bo‘ldi. Ehtimol, jurnalistlar uchun shunday tozalik tayyorlangandir, degan kinoyamizga ular «Biz oppoq sut bilan ishlaymiz. Bu yerda nopoklik bo‘lishining o‘zi mumkinmas», deya yelka qisib qo‘ya qolishdi. Ana, biz farzandlarimiz bilan sevib iste’mol qiladigan smetana, kefir, allaqachon dasturxonimiz ko‘rkiga aylangan yumshoq pishloq, qatiq, ehhe, qay birini aytay.. Tvoroglarning xilma-xilligi, eng nozik didli iste’molchining ham e’tiborini qozona oladigan pishloqlar… Ularning nomlari allaqachon iste’molchiga yod bo‘lib ketgan nazarimizda: Samarqand, Gauda, Kostromskiy, Xorazm… Darvoqe, ushbu pishloqlar bugungi kunda qo‘shni Qozog‘istonga ham eksport qilinadi.

Mahsulotlarni joylashtirishdan tortib, qadoqlashgacha bo‘lgan jarayonning asosan avtomatlashtirilgan, inson omili kam ishlatiladi. Ammo nazorat tabiiyki lozim. Yana bir muhim nazorat, mahsulot sifatiga qaratilgan. Bu yerda xomashyo bir necha usullar bilan tekshirilishi barobarida, tayyor mahsulot ko‘plab turdagi nazoratlardan o‘tishga majbur. Shundan so‘nggina u bizning muzlatkichimizgacha yetib keladi. Agarda, mahsulotning sifatiga nisbatan shubha tug‘ildimi tamom, uning sexdan chiqishiga ijozat yo‘q. Bu masalada korxonada umuman bahslashilmaydi. 

Manzillar aniq

Pure Milky anchadan beri mahsulotlari realizatsiyasi uchun manzil izlamaydi. Yuzlab savdo markazlari hamda do‘konlar allaqachon ularning asosiy buyurtmachilariga aylanib ulgurgan. Shu buyurtmalarni amalga oshirish uchun ham korxona to‘la quvvat bilan ishlaydi. Korxona mahsulotlari nafaqat Samarqand, balki butun respublika bo‘ylab tarqatiladi. Boshqa viloyatlardan ularning mijozlari kundan kunga ortib bormoqda. Shuningdek, korxonaning Toshkent, Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax, Sirdaryo hamda Farg‘ona vodiylarida filiallari ham mavjud. Buxoro va Navoiy viloyatlarida esa rasmiy dilerlar faoliyat ko‘rsatadi. 

Foto: Pure Milky

Pure Milky mahsulotlari namoyishi hamda tatib ko‘rish uchun imkon berilgan xona naq sut mahsulotlari do‘konining o‘zi edi. Bu yerda yangicha ta’m, ko‘rinish, yog‘lilik darajasi-yu, boshqa parametrlarga ko‘ra bitta mahsulotning o‘nlab turlari ishtahangizni qitiqlaydi. Yangidan yangi mahsulotlar ishlab chiqarilishiga bo‘lgan turtki haqida so‘raganimizda mutasaddilar «bu bozor talabi», deb javob berishdi. «Talab bor ekan, nega u mahsulot chetdan kelishi lozim? Eng muhimi imkoniyat bor ekan, nega o‘z bozorimizni import bilan to‘ldirishimiz kerak? Qolaversa, o‘zimizda ishlab chiqarilgach, aholi u mahsulotni bir necha barobar arzon sotib olishi mumkin bir paytda qo‘l qovushtirib turishimiz qanday bo‘larkan?» Savolga munosib savol bilan javobni davom ettirishdi ular.

Har bir fikr e’tiborda

Foto: Pure Milky

Korxona mutaxassislari bilan gaplashar ekanmiz, beixtiyor ularning yoshi e’tiborimizni tortdi. Aksariyati 40 yoshga ham to‘lmagan yoshlar. Bizga korxonani bir boshdan tanishtirib kelgan yigit esa Pure Milky rahbari ekan! Shu o‘rinda biz ushbu tashkilotdagi ishga nisbatan o‘ziga xos yondashuv, xodimlar bilan muomala-munosabatdagi erkinlik sabablarini tushunganday bo‘ldik. Bunday yondashuv tabiiyki, ish tizimiga, sifatli mahsulotlar ishlab chiqarilishidagi eng muhim omillardan bo‘lishi kerak, deya korxonaning yana bir «sir»ini o‘zlashtirdik.

Foto: Pure Milky

Korxona bo‘limlarini aylanar ekansiz, bunday «sir»lar juda ko‘p ekaniga amin bo‘lasiz. Eng muhimi, hammasi oshkora, shaffof, har bir xodimning fikri e’tiborli, ayniqsa, u korxona rivojiga hissa qo‘shsa, inchunin.

Vaqti-vaqti bilan korxonaga xorijlik mutaxassislar ham jalb etilib, zarur tavsiyalarni berishadi. 

Foto: Pure Milky

Pure Milky fakt va raqamlarda

Keling, shu o‘rinda Pure Milky nima ekanligini raqamlarda ifodalab bersak.

U 30 ga yaqin nomdagi yuqori sifatli, pasterizatsiyalangan sutdan tortib qaymoqqacha bo‘lgan turlarni jamlagan sut mahsulotlaridir.

Mahsulotlari tarqatilishi hamda geografiyasi allaqachon aniqlashgan tizim.

Xalqaro andozalarga javob beruvchi, sut mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zamonaviy uskunalarga ega.

Bugungi kunda korxonada keng ko‘rinishdagi sut mahsulotlari tayyorlanadi. Pure Milky brendi ostida qatiq, smetana, qaymoq, ayron, yogurt, eritilgan pishloq, tvorogli massa, syrok, ryajyenka, brynza, O‘zbekistondagi eng mazali pishloqlardan biri ishlab chiqariladi.

«PureMilky Works» xususiy korxonasi o‘zining xususiy sutni qayta ishlovchi 3 ta fermasiga ega bo‘lib, ishlab chiqarish to‘la Yevropa andazalariga mos keladi. Kunlik sog‘im sut 100 tonnani tashkil etib, bu raqam yuqori dovonlarni ko‘zlagan kompaniya uchun boshlanishi sanaladi. Bu yerda faqat oliy navli sut ishlatiladi.

Sog‘ilgan sut filtrlardan o‘tib, liniyalarda sovitiladi. So‘ng maxsus idishlarga tushadi. Bu esa sutni uzoq muddat davomida sovitishning oldini oladi. Tez va vaqtida sovitilgan sut mikrobiologik jihatdan juda toza sanaladi.

Sut mahsulotlari ishlab chiqarilishi yuqori texnologiyali uskunalar bilan jihozlangan korxonada amalga oshiriladi. Mazkur uskunalar Italiya, Germaniya, Bolgariya kabi Yevropa davlatlaridan keltirilgan. 

Shuningdek, sut mahsulotlari ishlab chiqarilishi bilan bog‘liq texnolog mutaxassislar ham Germaniya, Polsha, Avstriya, Rossiya, Bolgariya, va Ukrainadan vaqti-vaqti bilan korxonaga tashrif buyurib, tajribalari bilan o‘rtoqlashadi. Zavoddagi texnologik jarayon yopiq turda amalga oshiriladi va bu holat mahsulotlarning sifatiga putur yetkazmagan holda yaroqlilik muddati uzoq vaqtga qadar saqlanib qolishini ta’minlaydi.

PureMilky brendi ostidagi mahsulotlar davlat standartlariga to‘liq amal qilingan holda sotuvga chiqariladi.

“Potrebitel.uz” feysbuk ijtimoiy tarmokda va telegramm kanaldagi faol a’zolarining “Pure Milky» korxonasiga o‘tkazilgan ekskursiya bo‘yicha taassurotlari

Reklama

Mavzuga oid