Jahon | 12:00 / 14.07.2022
8242
2 daqiqa o‘qiladi

Shri-Lankada favqulodda holat e’lon qilindi

Respublika prezidenti vazifasini bajaruvchi favqulodda holat joriy etilishini maxsus xizmatlarning parlament va hukumat qarorgohiga bo‘lajak hujum haqidagi ma’lumot bilan izohladi. Shri-Lanka 1948 yildan beri eng yomon iqtisodiy inqirozni boshdan kechirmoqda.

Foto: Reuters

Respublikaning muvaqqat prezidenti etib tayinlangan Shri-Lanka bosh vaziri Ranil Vikramasingxe mamlakatda favqulodda holat e’lon qildi va komendantlik soati joriy etdi. 13 iyul, chorshanba kuni yozib olingan telemurojaatida u bu qadamlarni parlament va mamlakat hukumati qarorgohiga bo‘lajak hujum haqidagi maxsus xizmatlarning ma’lumotlari bilan izohladi.

Shri-Lanka prezidenti Gotabaya Rajapaksa o‘sha kuni ertaroq mamlakatni tark etdi, deya xabar beradi dpa. News First xabariga ko‘ra, u avvalroq mamlakat parlamenti rahbari Mahinda Yape Abeyvardenega iste’foga chiqishini ma’lum qilgan. Yangi prezident uchun ovoz berish 20 iyul kuni bo‘lib o‘tadi. 

Hindiston janubida joylashgan, 22 million aholiga ega orol davlat 1948 yilda Britaniyadan mustaqillikka erishganidan beri eng og‘ir iqtisodiy inqirozga yuz tutmoqda. Orolda oziq-ovqat, dori-darmon va yonilg‘i yetishmayapti. Shri-Lankada inflatsiya 54,6 foizga yetdi, mamlakatning tashqi qarzi 51 milliard dollarni tashkil qilyapti. 

9 iyul kuni namoyishchilar mamlakatning eng yirik shahri Kolombodagi prezident saroyiga bostirib kirib, bosh vazir Vikramasingening shaxsiy qarorgohiga o‘t qo‘ydi. Ular, shuningdek, hukumat rahbarining iste’fosini talab qilishdi. 

Mavzuga oid