Jahon | 23:12 / 21.07.2025
8864
6 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqining 18-sanksiyalar paketi Rossiyaga qanday ta’sir qiladi?

Fon der Lyayyen yangi paketni “Rossiyaning urush mashinasiga zarba” deb atadi. Kaya Kallas esa “eng kuchli sanksion paketlardan biri” kiritilganini aytdi. Xo‘sh, Ukrainaga bosqin uchun Rossiyani jazolashni ko‘zlovchi Yevropa sanksiyalarining yangi to‘plami amalda qanday ahamiyatga ega? Kun.uz'ning jonli efirdagi “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar shu haqda so‘z yuritdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Yevropa Ittifoqi 18 iyul kuni Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 18-paketini e’lon qildi. Shu orqali ittifoq Kremlni Ukrainaga bostirib kirgani uchun jazolamoqda.

Yangi paketdagi sanksiyalar, jumladan, quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • Rossiya nefti uchun cheklangan narx chegarasi 15 foizga – 47,6 dollargacha tushirildi;
  • Rossiya neftining YeI hududiga uchinchi davlatlar orqali kirib kelishi bloklandi;
  • “soyadagi flot” tankerlaridan yana 105 tasi qora ro‘yxatga kiritildi;
  • “Rosneft”ning Hindistondagi neftni qayta ishlash zavodi sanksiyaga uchradi;
  • “Shimoliy oqim–1” va “Shimoliy oqim–2” loyihalari bo‘yicha har qanday tranzaksiyalarni amalga oshirish taqiqlandi;
  • Rossiyaning 22 ta banki va To‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar fondi bilan bog‘liq tranzaksiyalar to‘liq taqiqlandi;
  • ham fuqaroviy, ham harbiy maqsadlarda ishlatilishi mumkin bo‘lgan tovarlar, texnologiyalar, kimyoviy moddalar va plastik materiallarning Rossiyaga eksportiga qo‘yilgan taqiq kengaytirildi;
  • Ukraina suverenitetiga tahdid solishdagi mas’uliyati tufayli 14 ta jismoniy shaxs va 41 ta kompaniya qora ro‘yxatga kiritildi.

Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar bu choralarning ta’siri haqida so‘z yuritdi.

Abduvali Soyibnazarov: E’lon qilingan 18-sanksiyalar paketiga ko‘ra, Rossiyaning 22 ta banki xalqaro SWIFT to‘lov tizimidan uzib qo‘yildi va “soyadagi flot”ning 100 dan ortiq tankeriga qarshi sanksiyalar joriy etildi. Slovakiya va Malta dastlab bunga qarshi bo‘lgan, ammo muayyan imtiyozlar evaziga rozilik berishdi.

Menimcha, sanksiyalarning 18-paketi ham Rossiyaning harbiy harakatlariga u qadar katta ta’sir ko‘rsatmaydi. Aksincha, keyingi paytlarda Rossiya iqtisodiyoti o‘ziga xos immunitetni namoyon qila boshladi. Chunki Rossiyani Xitoy, Shimoliy Koreya, Eron va aytish joizki, global janub davlatlari qo‘llab-quvvatlayapti, bu esa Rossiyaning talafotlarini kamaytirishga sabab bo‘lmoqda. Lekin “sanksiyalar umuman ish bermadi” deb aytish ham to‘g‘ri emas.

Ukraina urushi boshlanganidan buyon bu kabi sanksiyalar ketma-ket e’lon qilinyapti, lekin ular Rossiyani bir qadam ham ortga chekintirmadi. O‘ylaymanki, sanksiyalarning bu galgi paketi ham Rossiyani orqaga chekintira olmaydi.

Shuhrat Rasul: Sanksiyalar Rossiya rahbariyatini urush harakatlari bo‘yicha qarorlariga ta’sir qilmayotgan bo‘lsa-da, mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy zarar keltiryapti. Retsessiya boshlanganini Rossiya Markaziy banki va Moliya vazirligi mutasaddilarining o‘zlari ham tan olishyapti.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 53 mingta kompaniya bankrotlik yoqasida. Shuningdek, Rossiyada metallurgiya sohasi 15 foizga qisqargan. Bundan tashqari, Rossiya qishloq xo‘jaligida ham sanksiyalar natijasi sezilyapti. Masalan, boshoqli don, dukkakli o‘simliklar, pomidor, qulupnay kabi ekinlarning urug‘lari Gollandiya, Belgiya va Daniya kabi mamlakatlardan import qilingan. Lekin G‘arb davlatlari bugungi kunda urug‘ yetishtirib berish bo‘yicha ham sanksiyalarga amal qilmoqda.

Bu yil qishloq xo‘jaligi hosildorligi o‘tgan yilga nisbatan 20 foizga kamaygan. Bu juda katta ko‘rsatkich. Hatto Rossiyaning qishloq xo‘jaligidagi asosiy eksport mahsuloti – boshoqli don ham bu yil 25 foizga qisqargan. Shu bois “sanksiyalar Rossiyaga ta’sir qilmadi” degan fikr juda katta xato.

Jahongir Akramov: Bu sanksiyalar urushning o‘ziga emas, balki Rossiyaga strategik zarba berish uchun qo‘llanmoqda.

Yangi paket bilan, Rossiyadan kelayotgan neft uchun narx limiti 60 dollardan 47,6 dollarga tushirildi. “Soyadagi flot”, ya’ni yashirin tankerlar tizimi yanada kengroq nishonga olindi. Moliyaviy sektorda, Rossiyaning yana 22 ta banki sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi. Shuningdek, Rossiya To‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya jamg‘armasi bilan hamkorlik qilish qat’iyan taqiqlandi.

Yangi sanksiyalar “Rosneft”ning Hindistondagi yirik zavodiga ham ta’sir qilishi juda katta ahamiyatga ega. Undan tashqari, taqiqlar olti oylik muddat bilan vaqtinchalik emas, balki doimiy qonuniylashtirish bosqichiga o‘tayotgani ham ma’lum. Bu sanksiyalarning yanada qat’iy va uzoq muddatli maqsadlar bilan ishlab chiqilayotganini ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, Rossiya neftiga nisbatan eng yuqori narx chegarasi 15 foizga pasaytirilayotgani Rossiya uchun iqtisodiy zararni kuchaytiradi. Bu choralar nafaqat iqtisodiy ta’sir, balki Yevropaning siyosiy pozitsiyasini namoyon etish uchun ham joriy qilingan. Ya’ni 18-sanksiyalar paketining mavjudligi kelgusi muzokaralarda Yevropa Ittifoqining pozitsiyasini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Suhbatni to‘liq shaklda YouTube platformasida batafsil tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid