O‘zbekiston | 16:04 / 22.03.2020
69550
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyadan kelgan yana bir o‘zbekistonlikda koronavirus aniqlandi

O‘zbekistonda yana bir kishida koronavirusdan zararlanish holati qayd etildi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, ushbu infeksiya aniqlangan fuqaro Turkiyada bo‘lib qaytgani ma'lum bo‘ldi.

«O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni ayni paytgacha yana bittaga oshib, 43 nafarga yetdi. Ushbu infeksiya aniqlangan fuqaro Istanbulda bo‘lib qaytgani ma'lum bo‘ldi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotida.

22 mart kuni Shveytsariyadan kelgan o‘zbekistonlikda ham koronavirus aniqlangani ma'lum bo‘lgandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda virusdan zararlanishning ilk holati 15 mart kuni qayd etilgan, Parijdan uchib kelgan ayolga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgandi. Keyinroq London, Istanbul va Dubaydan kelgan aviareyslar yo‘lovchilarida hamda ular bilan aloqada bo‘lganlarda virus aniqlandi. Shveytsariyadan kelgan reys O‘zbekistonga virus kirib kelgan beshinchi yo‘nalish bo‘ldi.

  • So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, butun dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 311 mingdan ortiqni tashkil qilmoqda, 95 mingdan ortiq kishi tuzalgan, qurbonlar soni 13 mingdan ortiq.
  • Ayni vaqtda virusdan eng ko‘p jabr chekayotgan davlatlar (Xitoydan keyingi o‘rinlarda, virus o‘chog‘i bo‘lgan bu davlatda virus tarqalishiga deyarli barham berildi) Italiya (53578 bemor, 4825 qurbon), AQSh (26867 bemor, 348 qurbon), Ispaniya (25364 bemor, 1381 qurbon), Germaniya (22364 bemor, 84 qurbon), Eron (20620 bemor, 1556 qurbon) va Fransiya (14459 bemor) bo‘lib turibdi.

 

Mavzuga oid