Jahon | 13:31 / 12.05.2025
1344
2 daqiqa o‘qiladi

Eron va AQSh yadro dasturi bo‘yicha muzokaralarni qayta boshladi

Eron va AQSh rasmiylari Ummonda Tehron yadroviy dasturi bo‘yicha maslahatlashuvlarning to‘rtinchi bosqichini o‘tkazmoqda. Qo‘shma Shtatlar yadroviy inshootlarni to‘liq demontaj qilishni talab qilmoqda. Eron «yadroviy huquqlardan» voz kechmasligini bildirdi.

Foto: Eron TIV

Eron va AQSh muzokarachilari 11 may, yakshanba kuni Ummon sultonligi poytaxti Maskatda Eron yadro dasturi bo‘yicha muzokaralarni davom ettirdi. Eronning ISNA axborot agentligining qayd etishicha, bu muzokaralarning to‘rtinchi bosqichidir.

Uchrashuvda Tehrondan tashqi ishlar vaziri Abbos Aragchi, Vashingtondan esa maxsus vakil Stiv Uitkoff ishtirok etmoqda. To‘rtinchi raund dastlab 3 mayga belgilangan edi, biroq «logistik va texnik sabablarga ko‘ra» qoldirildi, dedi Eron vaziri.

8 may kuni Uitkoff Breitbart News nashriga bergan intervyusida Qo‘shma Shtatlar Erondan uranni boyitishdan voz kechishni va yadroviy inshootlarini butunlay demontaj qilishni talab qilishini, aks holda Vashington «boshqa yo‘ldan borishiga to‘g‘ri kelishini» bildirganini aytdi. Aragchi 10 may kuni Eron o‘zining «yadroviy huquqlaridan» «hech biridan voz kechmasligini» ta’kidladi.

Avvalgi AQSh-Eron maslahatlashuvlari 12, 19 va 26 aprel kunlari Maskat va Rimda bo‘lib o‘tgan. Donald Tramp 13-16 may kunlari Saudiya Arabistoni, Qatar va BAAga tashrif buyurmoqchi.

Mavzuga oid