Jahon | 18:55 / 17.05.2025
6014
3 daqiqa o‘qiladi

Putin Ukrainaga oid AQSh tinchlik rejasini Uitkoff bilan muhokama qilishni istamadi

Rossiya rahbari AQSh, Ukraina va Yevropa ishtirokida ishlab chiqilgan 22 banddan iborat ro‘yxatni rad qildi.

Foto: Kristina Kormilitsyna/Pool/AFP/Getty Images

Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan Vashingtonning Ukraina kelishuviga oid tinchlik rejasini rad qildi. Financial Times (FT) xabariga ko‘ra, u rejani hatto muhokama qilishni istamagan.

Uitkoffga Rossiyaning yuqori martabali amaldorlari Vladimir Putin tinchlik rejasini muhokama qilishni istamagani haqida ma’lum qilgan. Gap AQSh, Ukraina va Yevropa ishtirokida ishlab chiqilgan 22 banddan iborat ro‘yxat haqida ketmoqda. Tinchlik rejasi 25 aprel kuni Uittkoffning Moskvaga tashrifi chog‘ida Putin bilan muhokama qilinishi rejalashtirilgan edi.

22 banddan iborat reja ertasi kuni Ukraina va AQSh rasmiylari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon suhbatida batafsil muhokama qilindi, dedi FT manbalari. Ukraina tomonidan Zelenskiy ma’muriyati rahbari Andrey Yermak va Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov, AQSh tomonidan Uitkoff, davlat kotibi Marko Rubio va Trampning Kiyevdagi maxsus vakili Kit Kellog ishtirok etgan.

Vladimir Putin taqdim etilgan tinchlik rejasini muhokama qilishdan bosh tortgach, Uitkoff o‘tgan ish haftasida (12-16 may) Rossiya prezidenti bilan uchrashish rejalarini bekor qildi. U fevral oyidan beri Putin bilan to‘rt marta uchrashgan. Yangi uchrashuv hali rejalashtirilmagan.

FT ta’kidlaganidek, Putinning mazmunli tinchlik muzokaralarida qatnashishni istamasligi hatto Oq uyda unga moyillik bildirayotganlarga ham ayon bo‘ldi. AQSh prezidenti Donald Tramp bir kun avval, 16 may kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng, Putin muzokaralarni xohlayotganiga ishonchi komil ekanini va «bularning barchasidan allaqachon charchaganini» aytdi.

«Har doim uchrashuvni mensiz o‘tkazib bo‘lmasligini his qilganman, chunki kelishuvga erishib bo‘lmaydi deb o‘ylayman... Har ikki tomonda nafrat ko‘p <...> Putin bilan yaxshi munosabatdaman. O‘ylaymanki, biz kelishuvga erishamiz. Biz uchrashishimiz kerak va menimcha, tez orada uchrashuv tayinlaymiz... Menimcha, Putin bularning barchasidan charchagan. Va uning ko‘rinishi yaxshi emas, ammo ko‘rinishi yaxshi bo‘lishini istaydi», dedi Tramp.

Stiv Uitkoff esa muzokara uslubi uchun qattiq tanqid qilindi, deb yozdi The New York Post. Masalan, u 25 aprel kuni Putin bilan uchrashuvga yolg‘iz o‘zi, hech qanday «maslahatchilar, ekspertlar va harbiy ofitserlarsiz» bordi. «Yaxshi yigit, lekin beso‘naqay ahmoq. U buni yolg‘iz qilmasligi kerak», deb ta’rifladi nashr manbalaridan biri Uitkoffni.

Mavzuga oid