Jahon | 08:10 / 10.05.2025
1914
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya, Fransiya, Germaniya va Polsha rahbarlari 10 may kuni Kiyevga keladi

Ukrainaning Yevropadagi ittifoqdoshlarining to‘rt yetakchisi – Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Fridrix Mers, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va Polsha bosh vaziri Donald Tusk 10 may, shanba kuni Kiyevga tashrif buyuradi. 

Foto: AP

Ular Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazishni va Rossiyani 30 kunlik otishmani to‘xtatishga rozi bo‘lishga chaqirishni rejalashtirmoqda.

Tashrif haqida e’lon qilar ekan, Makron to‘rtlikning qo‘shma fotosuratini e’lon qildi va uni fransuz, ingliz, nemis va polyak tillarida: «Biz Kiyevga ketyapmiz. Ukraina uchun, Yevropa uchun» yozuvi bilan chop etdi.

AFP agentligining ta’kidlashicha, to‘rt Yevropa yetakchisining Ukrainaga bir vaqtning o‘zida kelishi misli ko‘rilmagan hodisa.

Tashrif arafasida Kiyevning Yevropadagi ittifoqchilari rahbarlari Moskvani «30 kunlik to‘liq va so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatishga» chaqirdi. 8 may kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Zelenskiy bilan suhbatdan so‘ng AQSh Rossiyadan 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishini talab qilishini ma’lum qildi.

Bir kun avval Reuters agentligi diplomatik manbaga tayanib, AQSh va Yevropadagi ittifoqchilar Moskvaga Ukrainada 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha taklifni yakunlashayotgani, agar Rossiya rad etsa, Yevropa Ittifoqi va AQSh tomonidan yangi sanksiyalarga duchor bo‘lishi haqida xabar bergan edi.

Mavzuga oid