Jahon | 17:27 / 07.05.2025
9000
3 daqiqa o‘qiladi

Tashqi dushman obrazi siyosiy maqsadlarda bo‘rttirilyapti - tahlilchilar Hindiston–Pokiston nizosi haqida

Hindistonning Kashmirdagi teraktlar vaji bilan suv shartnomasidan chiqib, Pokistonga zarbalar yo‘llashi, Pokiston bunga samolyotlarni urib tushirish bilan javob qaytarishi – vaziyat so‘nggi o‘n yilliklardagi eng keskin nuqtaga borganidan darak bermoqda. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar mavzu borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Bektosh Berdiyev: Bugungi kunda Pokiston tomoni bir qancha davlatlarga murojaat qilib, Kashmirda sodir bo‘lgan terroristik akt bilan bog‘liq voqealarni tergov qilishni so‘rayapti. Hindiston tomoni esa aksincha, bu yerda aniq Pokistonning qo‘li bor degan da’vo bilan chiqyapti. Hindiston deyarli barcha sohalarda Pokistondan ustun, lekin muammoning murakkab jihati – ikki davlat ham yadro qudratiga ega.

Kecha tunda Hindiston raketa zarbalari yo‘lladi. Hindistondagi hozirgi siyosiy muhitga qarasak, Narendra Modi – millatchi “Bharatiya Janata” partiyasi lideri, u o‘z saylovchilari oldidagi obro‘yini ko‘tarish, tashqi dushman obrazini yaratishga urinayotgan bo‘lishi mumkin. Modi Eron orqali katta urushni istamasligi haqida Islomobodga xabar yo‘lladi degan gap-so‘zlar ham tarqaldi.

Ta’kidlash keraki, yuqoridagi kabi motivlar Pokistonda ham bor: ko‘plab ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy muammolar mavjud bo‘lib turgan bir paytda, siyosatchilarga tashqi dushmanning borligi qo‘l keladi.

Kamoliddin Rabbimov: Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi konflikt bugun boshlangani yo‘q. Bu ikki davlat mustaqil bo‘lganidan buyon davom etyapti. Bugun Hindiston aholi soniga ko‘ra dunyodagi eng katta davlat. Statistikalarga ko‘ra, Hindistonni dunyoning eng yirik iqtisodiyotiga aylanish istiqboli kutayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin Hindistonda fundamental muammolar ham bor: juda katta kambag‘allar sinfi mavjud.

Hindiston hokimiyati salkam 20 yildan beri ultra millatchilar qo‘lida. Hindiston siyosiy elitasida tarixiy kompleks mavjud, bu davlatni bir vaqtlar musulmonlar – Boburiylar boshqargan, keyingi asrlarda esa Buyuk Britaniya mustamlaka qildi. Bugun Hindiston siyosiy elitasida mana shu komplekslar uchun o‘ch olish intilishlari ko‘zga tashlanadi. Jumladan, ko‘plab katta-katta tarixiy masjidlar yopildi, faqat ba’zilariga teginolmayapti, chunki ular bugun Hindiston ramzlari.

Hindiston aholisi tarkibining 15 foizini musulmonlar tashkil qiladi. Keyingi davrda Hindiston Isroilning, Amerika Qo‘shma Shtatlarining va anglosaksonlarning yirik ittifoqchilaridan bittasi. Shuningdek, Rossiya bilan ham o‘zaro aloqalari sovet davridan buyon mavjud. Bugun Hindiston haqiqatda ko‘p vektorli siyosat yuritadi, faqatgina bir davlatni raqib deb biladi, bu – Xitoy.

Suhbatni to‘liq shaklda YouTube sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid