Jahon | 21:18 / 29.04.2025
3542
2 daqiqa o‘qiladi

Ispaniyada blekaut sabab besh kishi halok bo‘ldi

Qurbonlarning uch nafari bir oiladan. Er-xotin va ularning farzandi nosoz generatordan chiqqan is gazi tufayli vafot etgan.

Foto: El Pais

Ispaniyada 28 aprel kuni elektr energiyasi ta’minoti uzilishi sabab kamida besh kishi halok bo‘ldi, deb xabar beradi El Pais nashri.

Politsiya Oranse provinsiyasida bir oilaning uch a’zosi — er-xotin va ularning farzandi o‘limi bo‘yicha tergov olib bormoqda. Ularning jasadi 29 aprel kuni ertalab topilgan. Dastlabki versiyaga ko‘ra, ular nosoz generatordan chiqqan is gazidan vafot etgan bo‘lishi mumkin.

Alsira shahrida esa 46 yoshli ayol kislorod uzatish apparati ishlamay qolishi oqibatida vafot etgan.

Bundan tashqari, Madriddning Karabanchel tumanida yong‘in oqibatida halok bo‘lgan ayolning jasadi topilgan. Yong‘in sham tufayli yuzaga kelgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Ispaniya va Portugaliyada elektr energiyasi 28 aprel kuni kunduzi o‘chdi. Shundan keyin temiryo‘l transporti faoliyatida uzilishlar kuzatildi, yuzlab aviareyslar bekor qilindi, do‘konlar va shifxonalar o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Blekautga nima sababdan yuzaga kelgani noma’lum. 29 aprel kuni Ispaniyaning Red Elekctrica elektr tarmoqlari operatori mamlakatdagi energiya ta’minotining 99 foizi tiklanganini ma’lum qildi. Portugaliyada esa elektr energiyasini yetkazib berish 28 aprel oqshomida bosqichma-bosqich tiklana boshlagan.

Avvalroq Ispaniya Ichki ishlar vazirligi blekaut fonida mamlakatda favqulodda holat e’lon qilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid