O‘zbekiston | 18:53 / 01.04.2025
5193
2 daqiqa o‘qiladi

Temu O‘zbekistonda ishlashi uchun 46 mlrd so‘m soliq to‘lashi kerak - Soliq qo‘mitasi

“Temu bo‘yicha dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 46 mlrd so‘m soliq to‘lanmagani aniqlandi. Biz e’tiroz xati berganmiz. Qachon soliqni to‘lasa, ularning faoliyatini qonuniylashtirib beramiz”, dedi Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev.

Xitoyning Temu marketpleysi O‘zbekistonda blokdan yechilishi uchun 46 mlrd so‘m soliq to‘lashi kerak. Bu haqda Coliq qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev ma’lum qildi.

«Biz internet orqali savdo qilish tizimini to‘liq tahlil qildik. Tahlillar natijasida juda ko‘plab elektron savdo tashkilotlari soliq to‘lamayotgani aniqlandi. Nafaqat Temu, balki Wildberries ham soliq to‘lamagan. Bu yerda savol tug‘ilyapti, nima uchun aynan Temu? Biz barcha elektron platformalarga soliq majburiyatlarini bajarish bo‘yicha ogohlantirish xatini berganmiz», dedi u.

Shu bilan birga, Mirzayev Rossiyaning Wildberries marketpleysi allaqachon 52 mlrd so‘m soliq to‘lab berganini aytdi.

«Temu bo‘yicha dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 46 mlrd so‘m soliq to‘lanmagani aniqlandi. Biz e’tiroz xati berganmiz. Qachon soliqni to‘lasa ularning faoliyatini qonuniylashtirib beramiz», dedi Mubin Mirzayev.

Eslatib o‘tamiz, Temu marketpleysi O‘zbekistonda 20 martdan e’tiboran bloklangan. Bu sanadan bir necha kun oldin Xitoy kompaniyasi o‘z oldiga qo‘yilgan asosiy talablardan biriga ko‘nib, O‘zbekistonda yuridik shaxs tashkil etgan. Ammo rasmiylar Temu'dan mamlakatda norasmiy ishlagan davri uchun ham soliqlarni to‘lab qo‘yish majburiyatini qo‘ymoqda.

Mavzuga oid