Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Navbatdagi cho‘pchak: O‘zbekistonda kriptovaluta “qazib oluvchi” uskuna ijarasidan daromad olish taklif etilmoqda
Firibgarlik va moliyaviy piramidalardan toliqqan odamlar hayotiga Veemine nomi ostida oson pul topish va’da qilinayotgan yangi cho‘pchak kirib keldi. Yolg‘on ekani yaqqol ko‘rinib turganiga qaramay ushbu loyihaga ishonib, pul tikayotganlar ko‘paymoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ariza tushishini kutib tursa, O‘zbekistonda moliyaviy piramidaga aldanganlarning yangi to‘lqini paydo bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda VM, ya’ni Veemine nomi ostida yana bir moliyaviy piramida paydo bo‘ldi. Ushbu loyiha oxirgi bir oyda vodiy viloyatlari va Xorazmda faol targ‘ib qilinmoqda.
VM nima?
Veemine bundan oldin minglab odamlarni chuv tushirib, pulini o‘margan boshqa moliyaviy piramidalardan umuman farq qilmaydigan navbatdagi yolg‘on. Faqat shakl, ya’ni loyihaning moliyaviy piramida ekanini o‘rab turuvchi “to‘n” biroz o‘zgargan.
Masalan, odamlar “Parker” moliyaviy piramidasida powerbank ijarasiga pul tikish orqali katta daromad olishga ishontirilgan bo‘lsa, “Sun Eco”da quyosh panellariga investitsiya kiritib, qisqa fursatda yirik foyda ko‘rish aytilgan. VM’da ayni shu nuqta – odamlarni aldash sxemasi kriptovaluta “qazib oladigan” Veemine nomli uskuna bilan bog‘liq.
Kompaniya 2013 yilda tashkil etilgani va shtab-kvartirasi Buyuk Britaniyada joylashgani aytiladi.
“Blokcheyn sohasida 10 yillik professional tajribaga ega bo‘lgan VM kriptovaluta qazib olish, konchilik hovuzi operatsiyalari va ma’lumotlar markazi xizmatlarini qamrab olgan. Kompaniya BTC, ETC, LTC va boshqalar kabi bir nechta valutalar uchun samarali va xavfsiz qazib olish yechimlarini ta’minlovchi global biznes tarmog‘ini muvaffaqiyatli qurdi. Sanoat mezoni sifatida VM har doim global kriptovaluta bozori va yangi texnologiyalarni barqaror rivojlantirish orqali uzoq muddatli qiymat yaratishga sodiq bo‘lib kelgan”, deya cho‘pchak to‘qilgan ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarda.
VM kompaniyasi 2023 yilda O‘zbekistonda milliy strategik tadqiqot loyihasini ishga tushirgani bildirilgan. Biroq birorta rasmiy OAVda ushbu kompaniya va uning O‘zbekistondagi faoliyati haqida xabarlar uchramaydi. Aslida shuning o‘ziyoq VM navbatdagi moliyaviy piramida ekaniga dalil.
“Ish o‘rni yaratamiz”
VM ham oldingi shu kabi loyihalardek O‘zbekistonga “katta maqsadlar bilan kirgani”, “kompaniya bu yerda ko‘plab ish o‘rinlari yaratishi kutilayotgani” ma’lum qilingan.
“VM O‘zbekistondagi uzoq muddatli investitsiya rejasida mahalliy aholiga tog‘-kon mashinalarini ishlatish va texnik xizmat ko‘rsatish, foydani hisoblash va aktivlarni boshqarish kabi to‘liq zanjirli bandlikni qo‘llab-quvvatlashni onlayn va modulli ko‘nikmalarni o‘qitish tizimi orqali taqdim etishni va’da qilmoqda. Bevosita raqamli iqtisodiyot bo‘yicha ko‘proq ish o‘rinlarini yaratishi kutilmoqda”, deyiladi loyiha targ‘ib qilinayotgan kanallardan birida.
VM “yangi ish o‘rni ochish” jumlasini “kompaniyaga a’zo bo‘lish orqali onlayn ishlab daromad olish” fikri bilan asoslaydi. Go‘yoki bu yangi ish o‘rni, ya’ni a’zolik “mijozni” kompaniya xodimiga aylantiradi.
Shuningdek, a’zo bo‘lish uchun ariza berganlarni “kafolatlash hamda ularning kelib chiqishini tekshirish” bahonasida ayrim ma’lumotlarni taqdim etishi kerakligi ko‘rsatilgan. Bu orqali loyiha ortida turganlar ko‘plab insonlarning shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritishi xavfi ham yuzaga kelmoqda.
“Pul tikasiz va daromad ko‘rasiz”
VM odamlarga Veemine qurilmasi “qazib olgan” kriptovalutani haqiqiy pulga aylantirish orqali katta daromad ko‘rishni va’da qilmoqda. Ayni shu nuqtada mazkur moliyaviy piramida ortida turganlarning asl maqsadi O‘zbekistonda “yangi ish o‘rinlarini yaratish” emas, odamlarning pulini o‘marish ekani yaqqol oydinlashadi.
Taklif qilinayotgan daromad ko‘rish sxemasi oldingilari bilan bir xil: qancha ko‘p pul tiksangiz shuncha ko‘p daromad olasiz.
Mijozlarga pul tikish orqali bir necha turdagi qurilmalarni ijaraga olish taklif etilgan. Masalan, ASIC-40 qurilmasi 400 ming so‘mga ijaraga olinsa, 50 kun mobaynida kuniga 18 400 so‘mdan jami 920 ming so‘m daromad ko‘rish va’da qilingan. Ushbu tarifga taklif qilingan har a’zo uchun 40 ming so‘m mukofot puli ham berilishi aytilgan.
Shu tariqa uskunalarning ijara narxi oshib borgan. ASIC-800 qurilmasini 8 mln so‘mga ijaraga olib, kuniga 440 ming so‘mdan 54 kunda 23 mln 760 ming so‘m foyda ko‘rish mumkinligi keltirilgan.
Oddiy mantiq: kompaniya shuncha qurilmaga ega ekan, ular tinmay kriptovaluta “qazib olarkan”, unda nega taklif etilayotgan foydani o‘zi olmay, ijara puliga ko‘z tikmoqda?! Chunki VM orqali aynan ana shu “ijara pullari”ni milliardlarga aylantirib, o‘marish maqsad qilingan.
“Turtkilanayotgan” hislar...
O‘zbekistonda Veemine’ning o‘nlab guruh va kanallari faol yuritilmoqda. Ularga minglab odamlar a’zo bo‘lgan. Ushbu moliyaviy piramida ayniqsa oxirgi bir oyda faol targ‘ib qilina boshlandi.
Hatto ba’zilar odam qo‘shish orqali pul topish maqsadida jamoaviy tadbirlar o‘tkazib, o‘zi bilib-bilmay boshqalarni ham pul tikishga undamoqda.
Bundan tashqari, guruhlarda og‘ir ahvolga tushib qolib, Veemine qurilmasini ijaraga olish orqali boyib ketgan insonlar hayoti misol qilib keltirilmoqda. Albatta, bularning bari yolg‘on. Maqsad – odamlarning hislarini “turtkilash” orqali ularni moliyaviy piramida domiga tortishdir.
Masalan, guruhlardan birida Rustam ismli qashqadaryolik yigit yozilgan. Unda Rustam Veemine kompaniyasida 6 oydan beri ishlashi aytilgan.
“Yarim yil avval uning hayoti parokanda edi: kasal xotini, yig‘layotgan go‘dak, keksa va nogiron ota-ona... Balki uni ijobiy kayfiyatda ushlab turgan hayot tazyiqlari bo‘lgandir. U mening jamoamning eng mehnatkash a’zolaridan biri. Shu olti oyda 300 mln so‘mga yaqin daromad qilganini aytdi. Bugun 38 yoshga to‘ldi va u o‘ziga ikkinchi qurilmani sotib oldi.
Hech kimning hayoti silliq kechmaydi. Xudo bizga hayotimizni yaxshilash uchun ko‘p imkoniyatlar beradi. Ularni qo‘lga kirita olmaganlar doimo o‘zlariga tasalli berish uchun orzu qiladilar”, deyiladi Rustam haqidagi hikoyada.
Aldanuvchi bor ekan, aldovchi topiladi
So‘nggi 2-3 yilda O‘zbekistonda turli moliyaviy piramidalar avj oldi: powerbank ijarasini taklif etgan “Parker”, video ko‘rish orqali pul topishni targ‘ib qilgan HNK, Whats va Aif, tabiat g‘amxo‘ri niqobidagi “Blue culture”, sovg‘a ulashuvchi “Dari poluchay” kabi moliyaviy piramidalarga minglab odamlar aldandi. Hatto chet davlat fuqarolari kelib, o‘zbekistonliklarni millionlab dollarga chuv tushirishdi.
Ba’zi yurtdoshlarimiz “boshlanishida pul beradi, ishlab olaman” degan o‘yda ushbu loyihalar moliyaviy piramida ekanini, ma’lum muddatdan so‘ng yo‘qolib qolishini bilgan holda ularning tegirmoniga suv quyyapti. Bu kabi harakatlar esa yanada ko‘proq odam aldanishiga sabab bo‘lmoqda.
Kun.uz yurtdoshlarimizni doim ogoh bo‘lishga, har bir ma’lumotni tekshirib ko‘rishga, o‘z mablag‘larini shubhali loyihalarga tikmaslikka chaqiradi.
Ruslan Saburov,
Kun.uz
Tavsiya etamiz
Navoiyni kimlar zaharlayapti? – ekologiya vaziri izoh berdi
O‘zbekiston | 11:23 / 25.07.2025
Ishdagi ishqning yakuni: selektorda “qo‘lga tushgan” amaldor ishdan olindi
O‘zbekiston | 10:42 / 25.07.2025
Fransiya Falastin davlatini tan oladi - Makron
Jahon | 09:46 / 25.07.2025
Nihoyat: kelayotgan haftada salqin havo oqimi kirib kelishi kutilmoqda
O‘zbekiston | 20:03 / 24.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Maldiv – Muslim friendly formatida dam olish uchun ideal tanlov
Jamiyat | 19:00 / 25.07.2025
-
Andijondagi fabrika oqova suvlari bilan kanalni ifloslantirdi
Jamiyat | 23:09 / 26.07.2025
-
iPhone va avtosug‘urtada yangi narxlar, Navoiyda qalin smog - hafta dayjesti
O‘zbekiston | 22:40 / 26.07.2025
-
Yaponiya ayollarning umr ko‘rish davomiyligi bo‘yicha navbatdagi rekordni o‘rnatdi
Jahon | 22:38 / 26.07.2025
Mavzuga oid

17:49 / 26.07.2025
Belarus kiberfiribgarlari pullarning bir qismini O‘zbekistonga yuborgani ma’lum bo‘ldi

22:48 / 25.07.2025
«Bilol's motors» avtosaloni rahbari ustidan sud boshlandi

15:33 / 23.07.2025
Germaniyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holati aniqlandi

16:30 / 21.07.2025