O‘zbekiston | 15:05 / 16.07.2025
755
2 daqiqa o‘qiladi

Eskalatorlar xavfsizligi to‘g‘risidagi texnik reglament tasdiqlanadi 

"Eskalatorlar va harakatlanuvchi yo‘laklarning xavfsizligi to‘g‘risidagi texnik reglamentni tasdiqlash haqida"gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Eskalatorlar va harakatlanuvchi yo‘laklar xavfsizligi to‘g‘risidagi texnik reglamentga ko‘ra, u kuchga kirgunga qadar ishlab chiqarilgan va o‘rnatilgan eskalatorlar va harakatlanuvchi yo‘laklarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Eskalator va harakatlanuvchi yo‘laklar ushbu texnik reglamentga muvofiq bo‘lganda muomalaga chiqarishga ruxsat etiladi.

Eskalator va harakatlanuvchi yo‘laklar egasi o‘rnatish, foydalanishga topshirish, davriy ko‘rikdan o‘tkazish va texnik xizmat ko‘rsatish, shuningdek texnik ko‘rik va sinovdan o‘tkazish ishlarini belgilangan tartibda tashkil etadi.

Eskalator va harakatlanuvchi yo‘lakchani tayyorlash uchun ishlatiladigan elementlar belgilangan xavfsizlik talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.

Eskalator va harakatlanuvchi yo‘laklar ularni foydalanish sharoitlariga (iqlim omillari, ifloslanganligi, muhitning agressivligi va portlash xavfi, o‘rnatilgan hududning seysmikligi va h.k.) muvofiq loyihalashtirilishi, ishlab chiqarilishi va o‘rnatilishi kerak.

Eskalator va harakatlanuvchi yo‘laklarni loyihalashda xavfsizlik asoslari ishlab chiqilishi kerak. Xavfsizlik asosining asl nusxasi ishlab chiqaruvchida (loyihalovchida), nusxasi esa eskalator yoki harakatlanuvchi yo‘lakni ishlab chiqaruvchisida va eskalator yoki harakatlanuvchi yo‘lakdan foydalanuvchi tashkilotda saqlanadi.

Eskalator va harakatlanuvchi yo‘laklarni loyihalashtirish, tayyorlash, montaj qilish, modernizatsiyalash, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va ulardan foydalanishning ushbu Texnik reglament talablariga muvofiqligi uchun ushbu ishlarni bajargan tashkilotlar va korxonalar javobgar hisoblanadi.

Eskalator va harakatlanuvchi yo‘laklarining tarkibiy qismlari va detallari bir nechta korxonada ishlab chiqarilgan bo‘lsa, eskalator va harakatlanuvchi yo‘laklarni ishlab chiqarish yoki kapital ta’mirlash sifati va uning texnik hujjatlar talablariga muvofiqligi uchun eskalator va harakatlanuvchi yo‘laklarini yetkazib bergan yoki uni kapital ta’mirlagan korxona javobgar hisoblanadi.

Mavzuga oid