O‘zbekiston | 16:08 / 24.05.2025
11993
3 daqiqa o‘qiladi

82 milliard so‘mlik QQS tadbirkorlarga noqonuniy qaytarilgani aniqlandi – DXX

Xususan, Davlat xavfsizlik xizmati o‘tkazgan tezkor tadbirda 5,5 mlrd so‘m QQS summasini budjetdan noqonuniy qaytarilgani bo‘yicha Soliq qo‘mitasining 2 nafar xodimi va fuqarolar tergovga jalb qilinib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi. Ushbu shaxslarga tegishli obektlarda o‘tkazilgan tintuvda 79 ming dollar, 3 ta Li9 elektromobili va boshqa qimmatliklar rasmiylashtirib olingan.

Foto: DXX

O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari doirasida bir qancha holatlarni aniqladi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xususan, tadbirda soliq idoralarining ayrim mansabdor shaxslari moddiy manfaatdorlik evaziga «Barqarorlik reytingi» dasturidagi ma’lumotlarni soxtalashtirish orqali 18 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga baholarni sun’iy ravishda qo‘shish hamda xavf darajasini olib tashlashlari oqibatida jami 82 mlrd so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘ining manfiy summasi budjetdan noqonuniy qaytarilgan.

Ushbu holat yuzasidan DXX tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ushbu jinoyat ishi doirasida yog‘och importi bilan shug‘ullanuvchi MChJ hisobiga 5,5 mlrd so‘m QQSning manfiy summasi budjetdan noqonuniy qaytarilgani holati bo‘yicha Soliq qo‘mitasining 2 nafar xodimi ushlangan. Shuningdek, ushbu MChJ direktori va hisobchisi hamda 2 nafar norasmiy rahbari gumonlanuvchi tariqasida tergovga jalb qilingan. Ularning barchasiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Mazkur shaxslarga tegishli bo‘lgan jami 16 ta obektda o‘tkazilgan tintuv-tergov harakatlari davomida 79 ming AQSh dollari, 161 mln so‘m, 3 ta Li9 elektromobil, 2 ta Gentra, 1 ta Nexia 3 avtomashinasi, 1268 blokda «TEREA» nomli elektron sigaret tayoqchalari, 27 ta elektron kalitlar, shuningdek, muhr, kompyuter va telefon apparatlari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

DXXga ko‘ra, jinoyat ishi doirasida qolgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan noqonuniy o‘zlashtirilgan budjet mablag‘lari bo‘yicha ham tergov harakatlari davom etmoqda.  

Soliq qo‘mitasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur huquqbuzarlik holatlari bevosita qo‘mita ichki xavfsizlik tuzilmasi tomonidan aniqlangan va tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda fosh etilgan.

Ayni vaqtda sodir etilgan holat yuzasidan qonuniy choralar ko‘rilmoqda. Qo‘mita bunday holatlarga nisbatan «o‘z ichida» ham keskin chora ko‘rishini bildirgan.

Mavzuga oid