O‘zbekiston | 22:31 / 08.03.2025
15006
12 daqiqa o‘qiladi

Sektor boshqaruvining tugashi, metanning ochilishi va Bobojonov iste’fosi - hafta dayjesti

Ichki ishlar vaziri lavozimidan olindi: iste’fo sababi haqida izohlar bo‘lmadi. Korrupsiya mavzusida yig‘ilish: amaldorlar boyligini deklaratsiyalash kun tartibiga qaytdi. Sektor boshqaruvi tugatilmoqda: ayrim organlar o‘z sohasiga kirmaydigan ishlardan qutuladi. Va eng asosiysi: metan-shoxobchalar nihoyat ochila boshladi. Ortda qolayotgan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid eng muhim xabarlari – Kun.uz dayjestida.

IIVda rahbar almashdi

O‘zbekistonda siyosiy vazni eng og‘ir lavozimlardan yana birining egasi o‘zgardi. Po‘lat Bobojonov 7,5 yillik faoliyatidan keyin, ichki ishlar vazirligidan ketdi. 64 yoshli general prezident administratsiyasiga ishga o‘tkazilgan. U davlat rahbarining kadrlar siyosati bo‘yicha maslahatchisiga o‘rinbosar etib tayinlandi. Bobojonov bilan birga, ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari – Tezkor-qidiruv departamenti boshlig‘i Shavkat Rahmonov ham ishdan olindi.

Yangi vazir sifatida Aziz Toshpo‘latov ish boshladi. U 5 yildan beri Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasini boshqarib kelayotgandi. 47 yoshli Toshpo‘latov bunga qadar Namangan va Samarqand viloyatlarida IIB boshlig‘i bo‘lgan, bir muddat ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan, 2021 yilda generallar safiga qo‘shilgan. Vazir tayinlovning ertasiga yig‘ilish o‘tkazib, o‘zining sobiq lavozimiga kadr tayinladi: Xorazm viloyati IIBni boshqarib kelgan Ravshan Sultonxo‘jayev Toshkent shahar IIBBga boshliq bo‘ldi.

IIV rahbariyati nega almashtirilgani haqida hozircha izohlar bo‘lmadi. Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishlaridan birida boshqa bir vazirning iste’fosi haqida gapirdi. Prezidentning aytishicha, o‘tgan hafta favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev va uning o‘rinbosarlari ishdan olinishiga – qurilish uchun ruxsat berish, binoni topshirishda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha byurokratiya va qonunbuzishlar ko‘payib ketgani sabab bo‘lgan.

Hududlarni sektorlarga bo‘lib boshqarish tugatilmoqda

“Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i uyma-uy yurib, chorvachilik va parrandachilikni rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi”. “Bosh prokuror o‘rinbosari mahallalarga chiqib, aholi tomorqalaridan unumli foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi”. Bu kabi xabarlar, qanchalik g‘alati tuyulmasin, 7 yildan buyon o‘zbekistonliklar uchun odatiy holga aylanib qolgandi. 2017 yildan boshlab yo‘lga qo‘yilgan tartibga asosan, hududlar to‘rtta sektor – hokim, prokuratura, ichki ishlar va soliq idoralariga bo‘lib berilgan va ular sektorni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun mas’ul deb belgilangan edi. 5 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev boshqaruvning bunday tizimi bekor qilinishini e’lon qildi.

“Uzoq o‘ylab bir qarorga keldik. Bundan buyon sektorlar faoliyati bilan prokuror, ichki ishlar va soliq shug‘ullanmaydi. Ularning o‘rniga endi bosh vazir o‘rinbosarlari o‘zining resursi va tizimini ishlatsin”, dedi prezident.

Davlat rahbari bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy komissiyasi yig‘ilishida aytib o‘tdi. Yig‘ilishda yangragan muhim bayonotlardan yana biri – davlat xizmatchilarining daromadini deklaratsiyalash haqida bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, bu haqdagi qonunni qabul qilish vaqt-soati kelgan. Qonun loyihasini tez fursatda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yib, 1 aprelgacha kiritish topshirig‘i berildi. Qonunchilikka noqonuniy boylik orttirish haqida modda kiritilishi kutilmoqda. Ya’ni, davlat xizmatchisi deklaratsiya qilgan daromadiga mos kelmaydigan mol-mulkini qayerdan olganini isbotlashi kerak bo‘ladi.

Amaldorlarning boyligini deklaratsiyalash masalasi kun tartibiga qaytgani quvonarli. Yodingizda bo‘lsa, noqonuniy boylik orttirish jinoyat kodeksiga kiritilishi haqida 2020 yilda xabar berilgan edi. 2021 yilda imzolangan farmonga ko‘ra, davlat xizmatchilari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining mol-mulki va daromadlarini deklaratsiyalash 2022 yil 1 yanvardan boshlanishi kerak edi. “Deklaratsiyalash boshlangach, qaysi amaldorning qancha boyligi borligi hamma uchun ochiq bo‘ladi”, degandi o‘shanda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov. O‘tgan vaqt davomida agentlik tegishli qonun loyihasi ishlab chiqilgani, tizimning texnik asoslari ham tayyorligi haqida bir necha bor ma’lumot bergan, xalqaro tashkilotlar ham O‘zbekiston rasmiylariga buni eslatib kelayotgan, lekin masala dolzarbligini yo‘qotgandek taassurot bor edi.

Chorshanba kungi yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, 117 ta vazirlik va idoradagi “korrupsiyaga qarshi ichki nazorat” tuzilmalari rahbarlari ishdan olinadi. Sog‘liqni saqlash, qurilish va suv xo‘jaligi vazirliklari, “O‘zbekneftgaz” va “O‘zsuvta’minot” kompaniyalarining korrupsiyaga qarshi komplayens nazorati Aksilkorrupsiya agentligiga o‘tkaziladi. Tendersiz davlat xaridlarini 2 barobarga qisqartirish, amaldorlarning xizmat avtomobilida yurishini keskin kamaytirish, davlat idoralari milliy avtomobil va milliy mebellarga o‘tishi kerakligi ta’kidlandi. Prezident ichki ishlar organlarida statistikani yaxshilash uchun jinoyatlar yashirilayotganini yana bir bor tanqid qildi, advokatlar duch kelayotgan to‘siqlarni bartaraf etishga oid qonun loyihasini 3 oy ichida kiritish topshirig‘ini berdi.

Soxta eksportdan milliardlar

Korrupsion shart-sharoitlar hatto o‘nlab a’zolarga ega jinoiy guruhlar paydo bo‘lishi uchun zamin yaratib beryapti. Kuni kecha Davlat xavfsizlik xizmati salkam 40 kishidan iborat uyushgan jinoiy guruh faoliyati fosh etilganini xabar qildi. Aniqlanishicha, guruh tarkibida 17 nafar soliqchi, tuman hokimining birinchi o‘rinbosari, bojxona, bank xodimlari va boshqalar bo‘lgan. Ular soxta kompaniyalar ochib, Qirg‘izistonga go‘yoki mebel eksport qilingani haqida hujjatlar rasmiylashtirgan va QQSni qaytarib olish orqali 24,5 mlrd so‘mni talon-toroj qilgan. Mirzo Ulug‘bek tuman sudining hukmi bilan, 38 nafar sudlanuvchidan 14 nafari 5,5 yildan 7,5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilingan. Ayni paytda, jinoyatchilardan hech birining na shaxsi, na aniq lavozimi ochiqlandi. O‘g‘ri soliqchilardan eng kattasi qanaqa mansabda ishlagani, qaysi tuman hokimining birinchi o‘rinbosari jinoiy guruhga bosh qo‘shgani kabi savollar ochiq qolmoqda.

Hafta davomida, Toshkentda ichki ishlar tergovchisi 500 dollar pora bilan ushlanib, 2 yilga qamalgani, Milliy gvardiya xodimlaridan biri 5500 dollar, yana biri 1500 dollar bilan qo‘lga tushgani ma’lum bo‘ldi. Romitanda milliardlarni o‘marishni reja qilib, soxta hujjatlar tayyorlagan “rayono” mudiri va uning sheriklari ustidan sud hukmi o‘qildi. Ohangaronda esa Kun.uz surishtiruvidan keyin mahkumning uyini o‘zlashtirib olgan hokim o‘rinbosari ishdan olindi.

Eksklyuziv huquqlar berish cheklandi

O‘zbekistonda endi xohlagan kompaniyaga boshqa hech kimda yo‘q eksklyuziv huquqni cheksiz muddatga berib bo‘lmaydi. Har holda, qonunchilikka ko‘ra endi shunday. Prezident farmoni bilan bu borada cheklovlar belgilandi. Unga ko‘ra, bundan buyon eksklyuziv huquqlar uzog‘i 3 yil muddatga, faqat xavfsizlik maqsadlaridagina berilishi mumkin. Farmon bilan, Raqobat qo‘mitasiga eksklyuziv huquq berilgan sub’yektlar ro‘yxatini 1 aprelgacha ochiqlash topshirig‘i berildi.

Raqobat mavzusida oxirgi kunlarning eng ko‘p muhokama qilingan mavzularidan biri – Xitoydan arzon tovarlar yetkazib beruvchi Temu marketpleysining bloklanishi bo‘lmoqda. Bu hafta Soliq qo‘mitasi va Istiqbolli loyihalar agentligi bayonot berib, 20 martdan e’tiboran Temu'ga cheklovlar kiritilishini e’lon qildi. Aholiga bu platformada buyurtma bermaslik, hali yetib kelmagan tovarlar uchun to‘lovni esa qaytarib olish tavsiya etilyapti. Temu'ning bloklanishi, avval xabar berganimizdek, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tmagan xorijiy savdo platformalarining faoliyati taqiqlangani bilan bog‘liq.

Tarmoqlarda bu qarorning benefitsiari va ehtimoliy lobbisti kimligi haqidagi muhokamalar davom etarkan, Soliq qo‘mitasi marketpleyslar faoliyati ustidan tekshiruvlar o‘tkazmoqda. Qo‘mitaga ko‘ra, bu tekshiruvlar doirasida Rossiyaning Wildberries marketpleysidan 51 mlrd so‘m yoki qariyb 4 mln dollar qo‘shimcha soliq undirilgan. Wildberries'ning O‘zbekistondagi faoliyati soliq qonunchiligidagi “ayrim talablarga mos kelmasligi” aniqlandi, deyiladi soliq organining bayonotida.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Bahor kelishi bilan, nihoyat metan-zapravkalar ochila boshladi. Energetika vazirligi gaz quyish shoxobchalariga qo‘yilgan cheklovlar 6 martdan boshlab bosqichma-bosqich olib tashlanishini e’lon qildi. Qizig‘i, vazirlik bayonotida bunga “o‘tgan kunlar mobaynida olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida” erishilgani aytiladi. Shunchaki bahor kelib, kunlar ilib qoldi, degan rost gapni esa vazirlik bayonotida uchratmaysiz.

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida erkin savdo rejimi amal qila boshladi. Ikki mamlakat o‘rtasida bu borada erishilgan kelishuv 25 fevraldan boshlab kuchga kirdi Natijada ayrim turdagi mahsulotlardan tashqari ikki mamlakatda ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan bojxona bojlari bekor qilinib, savdo tartibotlari soddalashtirildi. Bungacha Turkmaniston MDH doirasidagi erkin savdo zonasining a’zosi bo‘lmagani uchun turkman mahsulotlari O‘zbekistonda, o‘zbek mahsulotlari esa Turkmanistonda yuqori stavkalarda bojga tortib kelingan.

Quvasoydagi yuzlab daraxtlar noqonuniy ko‘chirib o‘tkazilganini Ekologiya vazirligi ham tasdiqladi. Vazirlik hisob-kitoblariga ko‘ra, tabiatga yetkazilgan zarar 2 mlrd so‘m atrofida baholanyapti. Yanada achinarlisi, ko‘chirilgan daraxtlar kelgusida nobud bo‘lishi xavfi yuqori bo‘lgan yer maydonlariga ekilgan, ya’ni ularning qurib qolishi ehtimoli katta. Avvalroq Kun.uz bu daraxtlar bevosita Quvasoy shahar hokimining tashabbusi bilan, ko‘chirish bahonasida qo‘porib tashlanganini ma’lum qilgandi. Keyingi o‘rganishlarimiz, quvg‘in qilingan 270 tup ko‘pyillik sog‘lom daraxtlar joylashgan joy yashil jamoat parki bo‘lganini ko‘rsatdi. Bog‘ni buzganlarga hozircha biror chora ko‘rilgani yo‘q.

Madaniyat vazirligi, huquq organlari va diniy qo‘mita vakillari san’atkorlarni yig‘ib, majlis o‘tkazdi. Rasmiy xabarga ko‘ra, majlisda san’atkorlarga odob-ahloqdan ma’ruza qilingan. Yaqinda qabul qilingan diniy siyosat konsepsiyasi tushuntirilib, “u yoki bu dinni targ‘ib qilmaslik” uqtirilgan. Mas’ullar artistlarga murojaat qilarkan, ularni qonunlarga so‘zsiz rioya qilishga, o‘zbekona qadriyatlarni unutmaslikka chaqirgan. San’atkor shohona hayotini ko‘z-ko‘z qilmasligi kerakligi ham qo‘shimcha qilingan.

Mavzuga oid