Jahon | 22:37 / 29.06.2025
4708
2 daqiqa o‘qiladi

Avstraliya Tuvalu aholisi uchun maxsus iqlim vizasini beradi

Ushbu arxipelag global isish tufayli suv ostiga g‘arq bo‘lmoqda. Aholisi qariyb 11 mingga yetadigan orol davlatning uchdan bir qismidan ortig‘i viza olish uchun ariza bergan.

Foto: Reuters

Tuvalu aholisining uchdan bir qismi arxipelag sekin-asta suv ostida qolib borayotgani bois Avstraliyadan maxsus iqlim vizasini olish uchun murojaat qildi. Bu haqda Tuvaluning BMTdagi elchisi Tapugao Folefuga tayanib, Reuters xabar berdi.

Avstraliya va Tuvalu arxipelag aholisi uchun iqlim vizasini berishni nazarda tutuvchi kelishuvni 2023 yilda imzolagan edi. Endi esa shu turdagi vizalar uchun ariza berish imkoniyati paydo bo‘ldi va allaqachon 1124 kishi bundan foydalandi. Ariza beruvchilar soni oila a’zolari bilan birga 4052 kishini tashkil etadi — Tuvalu aholisi esa 11 ming kishidan kamroq.

Avstraliya iqlim vizasini olgan tuvaluliklar mamlakatda yashash, ishlash va o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi, shuningdek, ular avstraliyaliklar bilan bir qatorda sog‘liqni saqlash va ta’lim xizmatlaridan foydalana oladi. Ularga har yili atigi 280 ta viza ajratiladi, ariza berganlar o‘rtasida viza uchun lotereya o‘tkaziladi. Folefuning ta’kidlashicha, u «bunday imkoniyatni ko‘rib chiqayotgan odamlar soni ko‘pligidan hayratga tushgan».

Tuvalu — maydoni 26 ilometr kvadratga yetadigan to‘qqizta kichik atolldan (halqa shaklidagi marjonlar orollar) iborat orol davlat bo‘lib, u yerda 10,6 ming kishi istiqomat qiladi. Olimlarning baholashicha, global isishning hozirgi tendensiyasi saqlanib qoladigan bo‘lsa, 2100 yilga borib mamlakat hududining 95 foizi suv ostida qoladi. Shu bilan birga, ayrim mutaxassislarning ta’kidlashicha, arxipelag 2050 yilga borib yashash uchun yaroqsiz bo‘lib qoladi. 2023 yilda Tuvalu o‘z konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritgan bo‘lib, unga ko‘ra, agar butun hududi suv ostida qolsa ham, davlat o‘z mavjudligini davom ettiradi.

Mavzuga oid