Jahon | 18:43 / 29.06.2025
17080
12 daqiqa o‘qiladi

Urush tugadi, rahbar bunkerdan chiqdi – hafta dayjesti

Assalomu alaykum. Bugun 29 iyun, yakshanba. Yozning eng issiq oyi boshlanmoqda. Barchamizga bu oyni blekautlarsiz, kommunal uzilishlarsiz o‘tkazib olishni tilayman. Ortda qolayotgan haftada Eron va Isroil o‘rtasidagi urush tugadi. Eron oliy rahbari bunkerdan chiqib, xalqini «AQSh va Isroil ustidan g‘alaba bilan» tabrikladi.

Keyinroq Eron Amerika bilan muzokara o‘tkazishga, Vashington esa Eron fuqaroviy yadro dasturiga 30 milliard dollar investitsiya kiritishni o‘ylayotgani haqida xabarlar chiqdi.

Zo‘r a? Siz «Ana, urush boshlandi, endi falon davlat falon davlatni qirib tashlaydi», deysiz, ertalab uyg‘onib Telegram-kanallardagi ko‘pi yolg‘on xabarlarni o‘qib, kun bo‘yi urush ta’sirida yurasiz. Bir davlat «qasos bayrog‘ini» ko‘tarib, boshqa davlatga «Endi seni okeaningga ko‘maman», deydi. Boshqa davlat qiruvchi samolyotlarini dushmani osmonida xuddi varrak uchirgandek uchirib, tonnalab bomba tashlaydi. Bir qarashda hammasi tushunarli: dushmanlik avjida, sizning yuragingiz yanada hapqirib uradi. Lekin...

Ajoyib kunlarning birida xuddi shu dushmanlar bir-biri bilan muloqot qilishga, hatto «yadro dasturiga investitsiya kiritishga tayyorligi» ma’lum bo‘ladi. Xuddi bu siyosatchilar boshqa dunyoda, biz esa boshqa – parallel dunyoda yashayotgandekmiz. Bir necha daqiqa vaqtingizni ayamasangiz, dunyoda hafta davomida nimalar bo‘lganini birgalikda yodga olamiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Urush tugadi

Demak, haftaning eng muhim voqeasi Eron – Isroil urushi tugagani bo‘ldi. Qisqacha 12 kun davom etgan urushda nimalar bo‘lganini eslasak. Demak, urushni Isroil boshladi. Tel-Aviv Eron yadro quroli yasashga yaqinlashdi, degan absurd iddao bilan Eron shaharlarini bombaladi. Hujumning birinchi to‘lqinida Isroil Eron yadro dasturining muhim odamlari ekani aytiladigan olimlarni o‘ldirdi. Ularning kvartirasi ichigacha aniq zarba berdi. Darvoqe, Isroil samolyotlari Eronga zarba berishidan avval Mossad agentlari Eron havo hujumidan mudofaa tizimiga mamlakat ichidan turib zarba bergani uchun Eron Isroil samolyotlariga qarshilik qilolmagan.

Keyin Eron Isroil shaharlarini bombalashni boshladi. «Temir gumbaz» birin-ketin raketalarni o‘tkazib yubordi, chunki Eron juda ko‘p raketa uchirdi. Shu tariqa ikki davlat 12 kun bir-biriga raketa otdi va... eng oxirida urushga Amerika degan davlat qo‘shildi. «B-2» bombardimonchi samolyotlari Amerikadan uchib borib Erondagi uchta yadro obekti, xususan, tog‘ ostidagi Fordo zavodiga zarba yo‘lladi. Bahaybat «B-2» va boshqa qiruvchi samolyotlar Eron osmonidan uchib o‘tishida hech qanday qarshilikka uchramagan.

Amerika hujumiga javoban Eron Qatardagi amerikaliklar bazasiga raketa uchirdi. Arab davlati barcha raketalar tutib qolinganini xabar qildi. Shu bilan urush tugadi. Amerika har ikki tomonni bas qilishga chaqirdi. Isroil samolyotlari Trampning postidan keyin navbatdagi zarba uchun uchib ketayotgan joyidan ortga qaytarildi.

Bu urushda hech kim yutmadi. Isroilda infratuzilma 3 milliard dollardan ortiq zarar ko‘rgani aytildi. Eron yadroviy obektlari jiddiy zarar ko‘rdi. Isroil va AQSh samolyotlari Eron osmonida bemalol parvoz qilib operatsiya o‘tkazganiga qaraganda, Tehron havo mudofaasi bilan bog‘liq jiddiy muammoga uchragan. Xullas, ikki tomon ham o‘z fuqarolariga urushda g‘alaba qozondik, deb maqtandi. Lekin urushda hech kim yutgani yo‘q.

Rahbar bunkerdan chiqdi

Eron oliy rahbari Ali Xominaiy urushning oxirgi kunlarida ko‘rinmay qolgandi. Umuman, urush boshlangach, rahbar faqat ikki marta chiqish qildi. Darvoqe, Eronda Xominaiyni rahbar deyishadi. Rahbar urush boshlangach bunkerda jon saqlagani haqida ko‘plab nashrlar yozdi. Bu orada Xominaiy atrofida mish-mishlar ko‘paydi. Biroq AQSh vositachiligi va bosimidan keyin urush tugab, Eron lideri yana paydo bo‘ldi, keyin barcha eronliklarni «Isroil va AQSh yakson qilingani bilan» tabrikladi.

Donald Tramp tezda Xominaiyning tabrigiga munosabat bildirib, uni o‘limdan qutqarib qolganini aytdi. «Men uni dahshatli va sharmandali o‘limdan qutqarib qoldim. Bu uchun «rahmat, prezident Tramp», demasa ham mayli», deb yozdi Tramp o‘z sahifasida.

Shuningdek, Amerika prezidenti urushdan avval Erondan ba’zi cheklovlarni olib tashlashni o‘ylagani, lekin bunga javoban g‘azabnok bayonotlarni eshitgach, fikridan qaytganini qo‘shimcha qildi. Aftidan, Reutersʼning Tramp Isroildan Xominaiyni o‘ldirmaslikni so‘ragani haqida xabari rostga o‘xshaydi...

Eron AQSh bilan muzokaraga tayyor

Endi haftaning eng qiziq xabariga yetib keldik. Kechagina «AQSh ustidan g‘alaba qozonganini» e’lon qilgan Eron Vashington bilan muzokaraga tayyor ekan. Bu mening emas, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchining gapi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokara boshlanishi uchun mister Tramp ohangini yumshatishi kerak ekan.

O‘z navbatida AQSh ham Eron bilan yadroviy kelishuv borasida muzokara o‘tkazmoqchi. Ya’ni Eron yadro dasturidan, uranni boyitish fikridan qaytib, faqat tinch yadro dasturinigina saqlab qolsa, amerikaliklar Tehronni pulga ko‘mmoqchi. Tramp NATO sammiti vaqtida Eron bilan tez orada muzokara o‘tkazilishini e’lon qildi.

Avvalroq CNN Tramp ma’muriyati vakillariga tayanib agar Eron uranni boyitishni taqiqlasa, AQSh mamlakatdagi fuqaroviy yadro dasturlariga 30 milliard dollargacha investitsiya kiritishni o‘ylayotgani haqida yozgandi. Bu hali taklif va o‘rganish jarayonida. Tramp bu ma’lumotni feyk deb atadi, lekin janob Tramp ikkinchi muddatida doim ham rost gapirmayapti. CNN bilan suhbatlashgan mulozimning aytishicha, Eron tinch atom dasturi uchun investitsiyani AQSh kiritmaydi. Mulozim bu arab davlatlaridan birortasi bo‘lishiga ishora qilgan.

Tramp NATO sammitiga bordi

Hafta davomida Niderlandiyaning Haaga shahrida NATO sammiti o‘tkazildi. Bu chinakam muhim voqea bo‘ldi, chunki Shimoliy Atlantika alyansining bu galgi yig‘ilishiga AQSh prezidenti Tramp, Pentagon rahbari Hegset va davlat kotibi Rubio ham bordi. Avvalgi yig‘ilishlarga Tramp o‘zi borishi tugul mulozimlarini ham videoformatda qatnashtirayotgandi.

Ikkinchi muddatini boshlagan mister Tramp butun dunyo tartibotini o‘zgartirishga urinib, ochiqchasiga AQSh ortiq Yevropa davlatlari uchun turib bermaydi, NATOni yopish kerak, u yerdagilar bizning pulimizni yeb yotibdi, degan mazmunida gapirdi. Lekin orada nimadir o‘zgargan ko‘rinadi, Tramp yana NATO sammitiga borib, yana kollektiv mudofaaga sodiqligini aytdi.

Sammitda Rossiya alyansning eng katta dushmani sifatida gapirildi. Tramp Rossiya hech qachon NATOga hujum qilmasligiga so‘z berdi. Yig‘ilishning eng muhim voqeasi esa NATO a’zolari 2035 yilgacha mudofaa xarajatlarini YaIM hajmining 5 foizigacha yetkazishga kelishib olgani bo‘ldi. Tramp bu uchun Yevropa davlatlariga anchadan buyon bosim o‘tkazib kelayotgandi.

Zelenskiy va Tramp uchrashdi

NATO sammiti doirasida Donald Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashdi. 50 daqiqa davom etgan uchrashuvda ikki prezident Ukrainadagi urushni muhokama qilgan. Zelenskiy Patriot komplekslari sotishni so‘radi. Tramp uchrashuvdan keyin Zelenskiyni ajoyib yugit deb atadi. Uchrashuv davomida ikki prezident biror marta urushib talashishmadi, hech kim Zelenskiy kostyum kiymaganini iddao qilmadi. Bilasizmi nega? Chunki uchrashuvda AQSh prezidenti Jyey Di Vens qatnashmadi.

Kongo va Ruanda kelishuv imzoladi

AQSh prezidentlari ichida birinchi bo‘lib Eronga hujum qilgan Donald Tramp ikkinchi muddatida o‘zini tinchlikparvar deb atab keladi. Tramp ma’muriyati Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tugata olmagan bo‘lsa-da, boshqa ikki davlat o‘rtasida sulh imzolanishiga erishdi.

Afrikada nizoli hududlar juda ko‘p. Xususan, Kongo va Ruanda 30 yildan buyon nizo holatida. 27 iyun kuni har ikki davlat tashqi ishlar vazirlari Vashingtonda tinchlik kelishuvi imzoladi. Ular ishtirokidagi marosimni Marko Rubio boshqardi. Kelishuvga ko‘ra, Ruanda 90 kun ichida Kongo sharqidan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketadi.

Tramp Kongo va Ruanda o‘rtasidagi to‘qnashuvni eng yomon urushlardan biri deb atadi. Trampga ko‘ra, kelishuv evaziga AQSh Kongodagi noyob konlardan foydali qazilmalarga haqdor bo‘ladi. U kelishuv buzilsa, jiddiy sanksiyalar va boshqa ko‘rinishda javob bo‘lishini eslatdi.

Tramp Putin bilan uchrashmoqchi. Yana

AQSh prezidenti Tramp NATO sammiti doirasida Turkiya prezidenti Erdo‘g‘an bilan ham uchrashdi. Bu uchrashuvdan keyin janob Erdo‘g‘an navbatdagi marta Tramp Turkiyada Putin bilan uchrashishga tayyorligini aytgandi. Turkiya lideri avval ham bunday chiqish qilgandi. O‘shanda Putin Ukraina bilan muzokarani tiklashga tayyorligini aytgach, Zelenskiy Turkiyaga borib Putinni yakkama-yakka uchrashuvda kutishini aytgandi. Lekin janob Putin kutilganidek uchrashuvga bormay, o‘rniga yordamchisi va bir guruh ekspertlarni yuborgandi. O‘shanda ham Tramp Putin borsa, Istanbulga men ham boraman, degandi. Ko‘ramiz, butun dunyo liderlarining Putinni Istanbulga olib borishga qaratilgan ikkinchi urinishi nima bilan tugarkin.

Pentagon Fordoga zarba videosini ko‘rsatdi

AQSh Erondagi tog‘ ostida joylashgan Fordo uranni boyitish zavodiga zarba berishi amalda Isroil va Eron urushidagi hal qiluvchi nuqta bo‘lgandi. Bu hujumdan ikki kun o‘tib Eron Qatardagi Amerika bazasiga zarba yo‘llab, urush tugagandi. OAVda AQShning «B-2» qiruvchilari bilan Fordoga zarba yo‘llagani amalda Eron yadro dasturiga zarar yetkazmagani haqida xabarlar chiqqandi. Shu bois Pentagon butun boshli matbuot anjumani o‘tkazib, Fordoga berilgan zarba yozib olingan barcha kadrlarni ko‘rsatdi. Donald Tramp Situation Roomʼda turib operatsiyani qanday kuzatgan bo‘lsa, amalda jurnalistlarga ham xuddi shunday imkoniyat yaratildi. Ko‘rsatilgan kadrlar bombardimonchi samolyotdan, qiruvchi samolyotlardan, ba’zi kadrlarga qaraganda hatto obektdagi xavfsizlik kameralaridan ham yozib olingan.

Pentagon ko‘rsatgan videoda tog‘ ostidagi binoning bunkerga o‘xshagan eshigidan raketa tashlangach olov burqib chiqqani ko‘rinadi. Operatsiyani boshqarishda ishtirok etgan harbiyning aytishicha, zarba amalga oshirilgan tunda zavod atrofi xuddi kunduz kuniday yorishib ketgan.

Ana shunaqa gaplar. Bizda hozircha shular. Bu sizlarga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimizning oxirgisi edi. Haftalik dayjest ko‘rsatuvi bilan keyingi yakshanbada ko‘rishguncha. Umid qilamiz, keyingi haftada xabarlarimiz urush haqida emas, ilm-fan, ijtimoiy hayot va kommunal yangiliklar haqida bo‘ladi. Ichida urush haqida gap yo‘qligi uchun video ko‘p ko‘rilmasa ham mayli.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid