Isroil armiyasiga yangi qo‘mondon tayinladi va G‘arbiy sohildagi amaliyotlarni faollashtirdi
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu general-leytenant Eyal Zamirni mamlakat mudofaa armiyasining yangi qo‘mondoni etib tayinladi va G‘azoda Hamas ustidan g‘alaba qozonishga qat’iy qaror qilganini ma’lum qildi.
«Sizning zimmangizga juda katta mas’uliyat tushmoqda, urush yakunlari ko‘plab avlodlar uchun ahamiyatga ega bo‘ladi, biz g‘alabaga erishishga qat’iy qaror qildik», – dedi Netanyahu Zamirga qurolli kuchlar shtab-kvartirasidagi inauguratsiya marosimida.
Mudofaa vazirligida o‘tkazilgan marosimda Zamir general-mayor unvonini olgan. Yangi qo‘mondon hali Hamas ustidan g‘alabaga erishilmaganini qayd etib, garovdagi isroilliklarni ozod etish ustida ish olib borishga va’da berdi. U 2025 yil faol harbiy harakatlar yili bo‘lishini aytib o‘tgan.
Zamir Bosh shtab boshlig‘i lavozimida general-leytenant Hersi Halevining o‘rnini egalladi – u Hamasning 2023 yil 7 oktyabrdagi hujumini qaytara olmagani tufayli iste’foga chiqqandi. Halevining iste’fosi haqida 2025 yil yanvar oyi oxirlarida ma’lum bo‘lgandi. U o‘z bayonotida muvaffaqiyatsizlik uchun javobgarlikni zimmasiga olib, armiyadan ketishini ta’kidlagan edi. Halevining ortidan TSAHAL Janubiy qo‘mondonligi boshlig‘i general-mayor Yaron Finkelman ham iste’foga chiqishini e’lon qilgan.
G‘arbiy sohildagi amaliyot
Isroil Iordan daryosining g‘arbiy sohilidagi qochqinlar lagerlarida operatsiyalarni kengaytirdi.

Yanvar oyi oxirida boshlangan «Temir devor» amaliyoti Isroilning G‘arbiy sohildagi so‘nggi yigirma yillikdagi eng yirik operatsiyasi hisoblanadi.
Isroil harbiylari seshanba kuni ishg‘ol ostidagi G‘arbiy sohilda Jyenin shahrida o‘tkazilgan reyd chog‘ida Hamasning mahalliy guruhi rahbari Aysar al-Sa’diy o‘ldirilganini ma’lum qildi.
Isroil qo‘shinlari shu paytgacha falastinliklarga asosan shimoldagi «Jyenin», «Tulkarim», «Nur-Shams» va «Far’a» qochqinlar lagerlarida zarbalar bergan. Yakshanba kuni TsAXAL Jyeninga tank vzvodi tashlangani va operatsiyalar qo‘shni Kabatiya shahrigacha kengaytirilganini ma’lum qildi.
Ikki kun avval Isroil qo‘shinlari okkupatsiya ostidagi Iordan daryosining G‘arbiy sohilida joylashgan «Nur-Shams» qochqinlar lageridagi uylarni vayron qilib, bu yerdan o‘tgan keng yo‘lni tozalagandi.

Bir necha haftadan beri davom etayotgan amaliyot davomida G‘arbiy sohil shimolidagi ba’zi eng yirik qochqinlar lagerlari deyarli bo‘shab qoldi. Ba’zi falastinliklar bu amaliyotni kelajakda qochqinlar lagerlarini yanada keng ko‘lamda tozalash uchun sinov bosqichi sifatida ko‘rishmoqda.
Tulkarim shahridan tashqarida joylashgan «Nur-Shams» aslida Isroil davlati paydo bo‘lishi bilan 1948 yilgi urush paytida o‘z uylarini tashlab ketgan yoki quvg‘in qilingan falastinliklarning avlodlari yashaydigan qishloqdir. O‘z vaqtida taxminan 13 ming kishi yashagan bu joyda hozir deyarli aholi qolmagan.
Avvalroq isroilliklar Jyenin va Tulkarimning o‘zidagi lagerlarni tozalagandi.
Falastinlik shifokorlar ma’lumotlariga ko‘ra, Tulkarimdagi amaliyot davomida kamida 12 kishi halok bo‘lgan, ular orasida qurollangan jangchilar ham, tinch aholi vakillari ham bor.
Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, lager hududida harbiy texnikalar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida keng yo‘l tozalangan.
«Lagerda 3 mingga yaqin odam yashayotgandi va bugungi kunda ularning barchasi ketgan, — dedi „Nur-Shams“ lageriga xizmat ko‘rsatish qo‘mitasi rahbari Nihad ash-Shavish. — Chekka joylarda hali odamlar bor, lekin lagerda hech kim qolmagan».
Isroil tomonidagilar qochqinlar lagerlaridagi operatsiyalar G‘arbiy sohil shimolidagi lagerlarda joylashgan Hamas va «Islom jihodi» kabi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan guruhlarga mansub bo‘lgan jangarilarni yo‘q qilish uchun zarurligini ta’kidlamoqda.
Isroil harbiylari so‘nggi haftalarda G‘arbiy sohil shimolida yuzlab kishilar hibsga olingani, 120 ta qurol musodara qilingani va yuzlab portlovchi qurilmalar yo‘q qilinganini aytishdi.
O‘tgan haftada isroillik harbiylar bilan birga Jyenindagi lagerga tashrif buyurgan Financial Times nashri 15 mingdan ortiq odam lagerni tark etganini tasdiqladi. Isroilliklarning hisob-kitoblariga ko‘ra, lagerda atigi 1000 ga yaqin odam qolgan, lagerning katta qismi — asosiy yo‘llar, maktablar, masjidlar va kamida yigirmata bino harbiy harakatlar natijasida vayron bo‘lgan.
Isroil harbiylariga ko‘ra, Jyenindagi Hamas, «Islom jihodi» va boshqa guruhlar a’zolarini birlashtirgan mahalliy brigada ularning nishoni bo‘lgan.
Isroil harbiylari falastinliklarni ko‘chirish niyatida emasligini ta’kidladi.
Ammo Isroil mudofaa vaziri Israel Kats avvalroq harbiylarga o‘z yashash joyini tark etganlar uyiga qaytishiga yo‘l qo‘ymaslikni buyurganini aytgan edi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, TsAXAL egallab olingan hududlarda kamida bir necha oy qolishni rejalashtirmoqda.
«Biz o‘tmishdagi reallikka qaytmaymiz. Biz jangarilar batalyonlari va ekstremistlarning terrorchilik infratuzilmalarini yo‘q qilish uchun qochqinlar lagerlari va boshqa terrorchilik markazlarini tozalashda davom etamiz», — deya qo‘shimcha qildi Kats.
Juma kuni Netanyahu «Tulkarim» qochqinlar lageriga tashrif buyurdi va u ham G‘arbiy sohildagi hujumni kengaytirishga va’da berdi. «Biz terrorizm tayanchlariga kiramiz, terrorchilar foydalanadigan butun boshli ko‘chalarni va ularning uylarini yer bilan yakson qilamiz, shuningdek, terrorchilar va qo‘mondonlarni yo‘q qilamiz», dedi u.
Netanyahu fevral oyi oxirida olti nafar isroillik rejaga muvofiq qaytarilgan bo‘lsa ham, 600 dan ortiq falastinlik mahbusni qo‘yib yuborishni kechiktirganidan so‘ng, Isroil va Hamas o‘rtasidagi G‘azoda AQSh vositachiligida erishilgan nozik sulh shubha ostida qolgandi.
Bosh vazir idorasi Hamasni o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvni «bir necha bor buzish»da, jumladan, «garovga olinganlardan surbetlarcha propaganda maqsadlarida foydalanganish»da ayblab, shunday qarorga kelgandi.
Mavzuga oid

12:25
Isroil G‘azoga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatdi

21:58 / 09.03.2025
Isroil G‘azo bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish uchun Dohaga delegatsiya yuboradi

18:20 / 07.03.2025
HAMAS Isroil harbiy harakatlar boshlasa, garovga olinganlarni o‘ldirish bilan tahdid qildi

12:12 / 04.03.2025