Jahon | 22:19 / 16.07.2025
4629
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiya va AQSh Isroildan Suriyaga hujumlarni to‘xtatishni so‘radi

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi ushbu hujumlarini «tinchlikni ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarini sabotaj qilishga urinish» deb atadi. Ayni vaqtga kelib Damashqqa berilgan zarbalar oqibatida 3 kishi vafot etgan, 34 kishi yaralangan.

Foto: Reuters

Isroil armiyasi 16 iyul kuni Damashq shahrida joylashgan Suriya armiyasining shtab-kvartirasiga hujum uyushtirdi. Shu bilan birga, u janubiy Suvayda shahridagi Suriya kuchlariga qarshi zarbalarni ham davom ettirmoqda.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Isroilning Damashqqa uyushtirgan hujumlarini «Suriyaning tinchlikni ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarini sabotaj qilish urinishi» deb atadi.

«Suriyaliklar oldida tinchlikda yashash va dunyo bilan integratsiyalashish bo‘yicha tarixiy imkoniyat turibdi. Bu imkoniyatni qo‘llab-quvvatlaydigan barcha tomonlar Suriya hukumatining tinchlikni o‘rnatish yo‘lidagi harakatlariga hissa qo‘shishlari kerak», deyiladi bayonotda.

Suriya Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, Isroilning Damashqqa uyushtirgan hujumlari oqibatida halok bo‘lganlar soni avvalgi bir kishidan kamida uch nafarga yetdi. Shuningdek, kamida 34 kishi jarohat olgani bildirildi.

AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Isroilning Damashqqa hujumlari yuzasidan bergan savolga javoban AQSh «juda xavotirda» ekanini bildirdi.

«Bu masala ustida ayni paytda ishlayapmiz. Men endigina tegishli tomonlar bilan telefon orqali muloqot qildim. Bu bizni juda tashvishga solmoqda va umid qilamizki, bugun yangilangan ma’lumotlar bo‘ladi», - deya AQSh bosh diplomatining so‘zlarini keltirmoqda Reuters agentligi.

Rubio shuningdek, AQSh janubiy Suriyada hukumat kuchlari va druz jangchilari o‘rtasida tuzilgan sulhning buzilishi ortidan janglar darhol to‘xtatilishini xohlayotganini aytdi.

Axios nashrining xabar berishicha, Tramp ma’muriyati chorshanba kuni yana Isroildan Suriyaga uyushtirilayotgan hujumlarni to‘xtatishni va Damashq hukumati bilan muzokaralarga kirishni so‘ragan. Nashr ushbu so‘rov Damashqdagi harbiy shtab va prezident saroyi yaqinidagi zarbalardan oldin yoki keyin berilganiga aniqlik kiritmagan.

Damashqqa hujumlardan biroz o‘tib, Suriya Ichki ishlar vazirligi Suvaydoda sulh tuzilganini tasdiqladi. Shuningdek, druzlar diniy yetakchisi Yusuf Jarbou ham Suvaydo viloyatida hukumat bilan darhol kuchga kiruvchi yangi kelishuvga erishilganini bildirdi. U bu bayonotni davlat OAV orqali efirga uzatilgan videoda e’lon qildi. Hozircha kelishuv tafsilotlari oshkor etilmadi.

Druzlarning yana bir diniy rahbari Hikmat al-Hojari esa Suvaydo to‘liq ozod etilmaguncha janglar davom ettirilishi kerakligini aytgan.

Isroilning o‘ta o‘ng qanotga mansub milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir esa Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’ani yo‘q qilish kerakligini aytgan.

Mavzuga oid