O‘zbekiston | 23:06 / 16.07.2025
7167
3 daqiqa o‘qiladi

Ko‘kdaladagi portlash, Qoraqalpog‘istonda anomal harorat va Mirobodda ushlangan podpolkovnik – mahalliy dayjest

Mamlakat bo‘ylab yana harorat ko‘tarilmoqda, Xo‘jayli tumanidagi barcha davlat maktabgacha ta’lim muassasalari vaqtincha yopildi, Qashqadaryoda gaz to‘ldirish stansiyasida portlash yuz berdi, OAVlar O‘zkomnazorat nazoratiga o‘tadi. Kun davomida Kun.uz yoritgan shu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Mirobodda IIB podpolkovnigi pora bilan ushlandi

Toshkent shahar Mirobod tumani ichki ishlar bo‘limi podpolkovnik unvonidagi xodimi ayblanuvchining qarindoshidan 18 ming dollar pora olgan. U jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan shaxsga nisbatan qo‘llangan qamoq ehtiyot chorasini yengillashtirib berishni va’da qilgan. Ammo va’dasini bajara olmay, pulning bir qismini qaytarayotgan paytda ushlangan. Hozirda unga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Jazirama bog‘chalarni yopishga sabab bo‘ldi

17–19 iyul kunlari O‘zbekistonga janubdan juda issiq havo oqimi kirib kelishi kutilmoqda. Harorat ko‘p joylarda +40…+43 darajagacha, ayrim cho‘l hududlarda esa +45 darajagacha ko‘tariladi. Shamol tezligi sekundiga 13–18 metrgacha yetishi, chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.

Shu bois Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli tumanidagi barcha davlat maktabgacha ta’lim muassasalari 16–18 iyul kunlari vaqtincha yopiladi.

Qashqadaryoda «gaz zapravka» yondi

Ko‘kdala tumanining Yettitom shaharchasi Oltindala mahallasidagi gaz quyish shoxobchasida portlash sodir bo‘ldi. Kun.uz kuzatuvchilarining so‘zlariga ko‘ra, portlash va yong‘indan keyin alanga o‘nlab metr balandlikka ko‘tarilgan. Voqea joyiga favqulodda vaziyatlar vazirligining tegishli bo‘linmalari yetib borgan. Soat 17:30 holatiga jabrlanganlar haqida ma’lumot berilmagan.

Axborot nazorati O‘zkomnazoratga o‘tkazildi

Faoliyati yakunlangan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining axborot sohasidagi nazorat va monitoring vazifalari O‘zkomnazoratga o‘tkazildi. Shuningdek, AOKA huzuridagi Ommaviy kommunikatsiyalar markazi va Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Prezident administratsiyasi tarkibiga o‘tkazildi.

Qo‘shma mashg‘ulot: Rossiya harbiylari Termizda

14 iyuldan boshlab «Hamkorlik-2025» qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari start oldi. O‘zbekiston va Rossiyaning 400 nafarga yaqin harbiylari, shu jumladan, maxsus bo‘linmalar 10 kun davomida «Termiz» poligonida mashg‘ulotlar olib borishadi. Mashg‘ulotlar davomida shartli dushmanga qarshi kurash, chegarani himoya qilish va maxsus operatsiyalarni birgalikda olib borish ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid