O‘zbekiston | 18:43 / 05.03.2025
5513
2 daqiqa o‘qiladi

Kredit olishni o‘ziga taqiqlash imkonini beruvchi qonun qabul qilindi

Yangi qonunga ko‘ra, jismoniy shaxs o‘zining ishtirokisiz yoki xabarisiz kredit bitimi rasmiylashtirilishining oldini olish uchun o‘zi bilan kredit bitimini tuzishni kredit byurosiga ariza kiritish orqali taqiqlashi mumkin.

«Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Yangi qonunga ko‘ra, jismoniy shaxs o‘zining ishtirokisiz yoki xabarisiz kredit bitimi rasmiylashtirilishining oldini olish uchun o‘zi bilan kredit bitimini tuzishni kredit byurosiga ariza kiritish orqali taqiqlashi mumkin. Kredit bitimini tuzishni taqiqlash yoki bunday taqiqni olib tashlash ixtiyoriy amalga oshiriladi.

Shuningdek, kredit bitimi tuzish taqiqlangan shaxslar reyestri yuritiladi. Bu —kredit bitimi tuzishi taqiqlangan jismoniy shaxslar to‘g‘risidagi axborotni o‘z ichiga olgan va kredit byurolari tomonidan yuritiladigan yagona ma’lumotlar bazasidir. Markaziy bank bunday shaxslarning o‘zaro muvofiqlashtirilgan reyestrini kredit byurolari tomonidan yuritilish tartibini belgilaydi.

Shuningdek, kredit byurosi ustav fondining (ustav kapitali) eng kam miqdori 2 milliard so‘mni tashkil etishi shartligi belgilandi.

Kredit byurolariga nisbatan Markaziy bank quyidagi qoidabuzarliklar sodir etilganligi uchun choralar va sanksiyalarni qo‘llaydi:

  • kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risidagi va kredit byurolari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik talablariga rioya etmaganlik;
  • kredit byurolari xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini buzganlik;
  • litsenziya qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi fakti aniqlanganligi.

Markaziy bank mazkur qoidabuzarliklarni bartaraf etish uchun majburiy ko‘rsatmalar yuborish hamda BHM 5 ming baravarigacha (hozir 1,875 mlrd so‘m) miqdorda jarima qo‘llashga haqli.

Mavzuga oid