1 iyundan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida 30 kunlik vizasiz rejim kuchga kiradi
O‘zaro vizadan ozod qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo Bitimga ko‘ra, 2025 yil 1 iyundan O‘zbekiston va Xitoy fuqarolar ikki davlat hududlariga kirish, undan chiqish yoki tranzit qilish uchun 30 kundan oshmaydigan muddatda viza talablaridan ozod qilinadi. Vizasiz rejim mehnat faoliyati, o‘qish va media faoliyati bilan shug‘ullanishga nisbatan tatbiq etilmaydi.

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida o‘zaro vizadan ozod qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo Bitim (Chendu, 2024 yil 1 dekabr) kuchga kirishi uchun davlat ichki protseduralari tugallandi. Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, ko‘rsatilgan xalqaro shartnomaning qoidalariga binoan, bitim 2025 yil 1 iyundan e’tiboran kuchga kiradi.
Bitim O‘zbekiston va Xitoy fuqarolarining ikki davlat hududiga o‘zaro vizasiz safarlariga doir masalalarni tartibga soladi.
Bitimga muvofiq, O‘zbekiston va Xitoy davlatlari fuqarolari ikki davlat hududlariga kirish, undan chiqish yoki tranzit qilish uchun har bir alohida bo‘lish muddati 30 kundan oshmaydigan muddatda va har qanday 180 kunlik davr ichida jami 90 kundan ortiq bo‘lmagan muddatda viza talablaridan ozod qilinadi.
Bunda ikki davlat fuqarolari davlatlari hududiga har bir kirish va bo‘lish muddati 30 kundan oshmasligi lozim. Agar fuqarolar 30 kundan ortiq qolishlari kerak bo‘lsa, ular kirish vizasini oldindan olishlari lozim.
Vizasiz rejim mehnat faoliyati, o‘qish va media faoliyati bilan shug‘ullanish, shuningdek, boshqa Tomon vakolatli organlarining oldindan roziligini talab qiladigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Ko‘rsatilgan bitim Xitoyning Gonkong va Makao maxsus ma’muriy hududlariga tashrif buyurishga nisbatan amal qilmaydi.
Mavzuga oid

09:39 / 14.05.2025
AQSh Xitoy tovarlariga bojlarni 120 foizdan 54 foizga pasaytiradi

23:29 / 13.05.2025
Xitoyda yo‘lovchi toza havodan nafas olish uchun samolyotning avariyaviy eshigini ochib yubordi

20:52 / 13.05.2025
Xitoy Ukrainadan Moskvadagi parad vaqtida hujum qilmaslikni so‘ragan

18:45 / 13.05.2025