O‘zbekiston | 13:35 / 28.12.2024
7589
2 daqiqa o‘qiladi

Alisher Qodirov: Rossiya havo hududi xavfsizligi bo‘yicha Transport vazirligiga so‘rov yuboriladi 

“Milliy tiklanish” partiyasi raisiga ko‘ra, Uzbekistan Airways kompaniyasi birinchi o‘rinda vatandoshlar xavfsizligini o‘ylashi kerak.

Deputat Alisher Qodirov Rossiya havo hududi xavfsizligi  yuzasidan Transport vazirligidan tushuntirish so‘ralishini bildirdi.

Uning ta’kidlashicha, “Milliy tiklanish” fraksiyasi bu mavzuda Transport vazirligiga “asosli tushuntirish berish” so‘rovini yuboradi. Shuningdek, bu so‘rov Uzbekistan Airways aviakompaniyasiga ham beriladi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” birinchi o‘rinda vatandoshlarimiz xavfsizligi haqida o‘ylashi kerak, deya yozdi Alisher Qodirov. 

Eslatib o‘tamiz, Azerbaijan Airlines aviakompaniyasi samolyoti 25 dekabr kuni Boku — Grozniy yo‘nalishida parvoz qilib, Qozog‘iston g‘arbidagi Oqtov shahri yaqinida qulagandi. 26 dekabr kuni Euronews telekanali o‘z manbasiga tayanib, samolyotning Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilgani haqida xabar berdi.

Jurnalistlarning Ozarboyjon hukumatidagi manbalari samolyot halokatiga Rossiyaning «yer-havo» sinfidagi raketasi sabab bo‘lganini aytishgan. Manbalarga ko‘ra, Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari Grozniyda dronlar «faollashgan» vaqtda (shu vaqtda Kavkazdagi regionlarga ukrain dronlari hujum qilayotgandi) AZAL samolyoti tomonga raketa uchirgan. Raketa samolyot yaqinida portlab, uning qoplamasiga zarar yetkazgan.

Bokudagi AnewZ nashri Ozarboyjon hukumati manbalariga tayanib, raketa Pansir-S havo hujumidan mudofaa tizimidan otilganini xabar qilgan.

Mavzuga oid