Jahon | 22:41 / 12.07.2025
5003
3 daqiqa o‘qiladi

Fransiya tarkibida Yangi Kaledoniya davlati tashkil qilinadi

Yangi davlatga mustaqil xalqaro siyosat yuritish vakolatlari beriladi, ammo Fransiyadan to‘liq mustaqillikka erisholmaydi.

Foto: Ludovic Marin/EPA

Yangi Kaledoniya (Fransiyaning chet el hududi) siyosiy harakatlari yangi davlat tuzilishi haqida kelishuvga erishilganini e’lon qildi. U avtonomiyaga ega bo‘ladi, ammo Fransiyadan to‘liq mustaqillikka erisholmaydi.

Yangi Kaledoniya mustaqilligi tarafdorlari va muxoliflari o‘rtasida murosa kelishuvi 12 iyul kuni Parijda imzolandi, deb yozdi Politico.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron o‘n kundan ortiq davom etgan muzokaralar natijasida erishilgan «tarixiy kelishuvni» olqishladi.

«Respublika tarkibidagi Yangi Kaledoniya davlati: bu ishonch garovi... Umumiy kelajakni qurish uchun hurmat, barqarorlik va xayrixohlikni birlashtirish vaqti keldi», deb yozdi u ijtimoiy tarmoqda.

Kelishuv Yangi Kaledoniya aholisi alohida fuqarolikni olishini va ikkita pasportga ega bo‘lishini nazarda tutadi. Yangi davlatga mustaqil xalqaro siyosat yuritish vakolatlari ham beriladi va Fransiya Yangi Kaledoniyaning iqtisodiy rivojlanishiga yordam berish majburiyatini oladi.

Yangi davlat haqidagi kelishuv kuchga kirishidan oldin u Fransiya parlamenti va Yangi Kaledoniyada o‘tkaziladigan referendumda ma’qullanishi kerak.

Yangi Kaledoniya - Tinch okeanidagi arxipelag, xuddi shu nomdagi katta orol va bir nechta kichik orollardan iborat bo‘lib, Avstraliyaning sharqiy qirg‘og‘idan taxminan bir yarim ming kilometr uzoqlikda joylashgan. Uning aholisi taxminan 250 ming kishi. Ularning 40 foizidan sal ortig‘i kanaklar – tarixan bu orollarda yashagan melaneziyaliklar, 25 foizga yaqini yevropaliklar, qolganlari esa mestizolar va boshqa xalqlar vakillaridir.

Fransiya 1853 yilda Yangi Kaledoniyani o‘zining xorijdagi hududi deb e’lon qildi. Fransiya tarkibiga kirgan Yangi Kaledoniya rasmiy ravishda «maxsus maqomga ega ma’muriy-hududiy birlik» hisoblanadi. 2018, 2020 va 2021 yillarda Yangi Kaledoniyada uchta referendum o‘tkazildi, ammo unda aholining aksariyati Fransiyadan mustaqillikka qarshi ovoz berdi.

2024 yil may oyida Fransiya parlamenti saylov tizimini o‘zgartirish va orollarda yashovchi fransuzlarga mahalliy saylovlarda ovoz berish huquqini kafolatlashni taklif qilganidan keyin Yangi Kaledoniyada ommaviy tartibsizliklar yuz berdi. Mahalliy aholi buni Yangi Kaledoniya mustaqilligi uchun harakatni zaiflashtirishga urinish sifatida qabul qildi.

Mavzuga oid