Jahon | 17:02 / 12.05.2025
2465
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada xorijliklarga tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi o‘zgaradi

Chet el fuqarolari inson hayoti xavf ostida qolganida bepul tibbiy yordam olish huquqiga ega bo‘ldi.

Foto: Kommersant’

2025 yil 1 sentabrdan boshlab Rossiyada chet el fuqarolariga tibbiy yordam ko‘rsatishning yangi tartibi kuchga kiradi: agar inson hayoti xavf ostida bo‘lsa, davlat va xususiy klinikalar bepul yordam ko‘rsatishi shart.

Rossiya hukumati qaroriga ko‘ra, shoshilinch bepul tibbiy yordam kutilmagan o‘tkir kasalliklar, surunkali kasallikning kuchayishi, jarohatlar, zaharlanish va hayotga tahdid soladigan boshqa og‘ir vaziyatlarda ko‘rsatiladi.

Bundan tashqari, tasdiqlangan qoidalarga ko‘ra, «Rossiya Federatsiyasida majburiy tibbiy sug‘urta to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq sug‘urtalangan xorijlik shaxslar xizmatlardan bepul foydalanish huquqiga ega. Bunday holda, xizmatlar polisda ko‘rsatilgan sug‘urta hodisasi sodir bo‘lganda taqdim etiladi.

Shuningdek, tez yordam brigadalari xorijliklarga kasallik, baxtsiz hodisalar, jarohatlar, zaharlanish va shoshilinch tibbiy aralashuvni talab qiladigan boshqa holatlarda bepul yordam ko‘rsatadi. Biroq, bu talab faqat davlat tibbiy tashkilotlariga tegishli.

Qoidalarda chet el fuqarolariga shoshilinch tibbiy yordam (tez yordam mashinalaridan tashqari) pulli xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq yoki ixtiyoriy tibbiy sug‘urta polisi asosida ko‘rsatilishi belgilab qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya hududida xorijliklarga tibbiy yordam ko‘rsatishning yangi qoidalari 2031 yil 1 sentabrgacha amal qiladi.

Mavzuga oid