Jahon | 13:52 / 26.02.2024
3886
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh HAMAS bilan kelishuv bo‘yicha muzokaradagi «o‘zaro tushunish» haqida ma’lum qildi

Isroil, AQSh, Misr va Qatar vakillari garovga olinganlarni ozod qilish va vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha yangi kelishuvning «asosiy konturlari»ni muhokama qilmoqda, dedi Oq uy vakili.

Foto: Mohammed Salem / Reuters

Isroil, AQSh, Misr va Qatar vakillari Parijdagi muzokaralar chog‘ida HAMAS bilan garovga olinganlarni ozod qilish va G‘azo sektoridagi urushda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv haqida «o‘zaro tushunish»ga keldi. Bu haqda 25 fevral, yakshanba kuni milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Jyeyk Sallivan ma’lum qildi.

«Isroil, AQSh, Misr va Qatar vakillari Parijda uchrashib, garovga olinganlarni ozod qilish va vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvning asosiy konturlari qanday bo‘lishi haqida kelishuvga erishdi», — dedi Sallivan.

Muzokaralar hali ham davom etmoqda va «bu masala bo‘yicha qat’iy va yakuniy kelishuvga» «yaqin kunlarda» erishish mumkin, dedi Oq uy vakili.

Isroil G‘azo sektorida yangi operatsiya tayyorlamoqda

Isroil tomonidan «Mossad» rahbari Devid Barnea muzokaralarda ishtirok etdi. Bosh vazir Benyamin Netanyahu muzokaralarda aniq kelishuvga erishiladimi yoki yo‘qmi, bu aniq emasligini aytib, HAMAS jangchilari «o‘ziga kelishi» kerakligini ta’kidladi.

Netanyahu CBS News telekanaliga bergan intervyusida harbiy rahbarlar bilan G‘azo sektoridan tinch aholini evakuatsiya qilish rejasi va HAMASning qolgan batalonlarini yo‘q qilish operatsiyasini muhokama etish uchun uchrashishini bildirdi. «Agar bizda kelishuv bo‘lsa, u (operatsiya) biroz kechiktiriladi, lekin baribir bo‘ladi. Agar kelishuv bo‘lmasa, biz buni qilamiz», dedi u CBS telekanaliga. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 29 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid

E`lonlar