Toshkentda popkorn sotuvchilarini “panohiga olgan” profilaktika inspektori pora olganlikda ayblandi
Profilaktika inspektori Magic City va Xalqlar do‘stligi san’at saroyi hududida popkorn savdosi bilan shug‘ullanuvchi 5 nafar shaxsdan ularga chora kŭrmaslik, reĭd tadbirlari haqida oldindan ogohlantirib turish, qŭlga olingan taqdirda yengil jazo choralarini qŭllash evaziga 1,5 mln so‘m olgan. Boshqa bir holatda bodroq sotuvchisini IIBga olib bormaslik uchun 100 ming so‘m pora talab qilgan va bu pullarni o‘zining foydalanuvidagi plastik kartasiga tushirtirib olgan.

Toshkentda popkorn sotuvchisidan pora olgan profilaktika inspektoriga sud hukmi o‘qildi. Jinoiy ish JIB Chilonzor tuman sudida ko‘rib chiqildi.
Kun.uz tanishgan sud hujjatida keltirilishicha, 1992 yilda tug‘ilgan Abdulaziz Abdullayev Chilonzor tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 2-sonli IIB HPB profilaktika inspektori lavozimida ishlab kelgan.
Abdulaziz Abdullayev o‘z xizmat mavqeyidan foydalangan holda 2024 yil 24 avgust kuni Magic City bog‘i oldida popkorn savdosi bilan shug‘ullanayotgan fuqarodan uni IIBga olib ketmasdan qo‘yib yuborish evaziga 100 ming so‘m so‘ragan. Profilaktika inspektori so‘ragan pulini o‘zi foydalanib kelgan bank plastik kartasiga o‘tkazib olgan.
Bundan tashqari, Abdulaziz Abdullayev fuqaro A.N.ga Magic City bog‘i va “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyi atrofida popkorn savdosi bilan shug‘ullanib kelgan 4 nafar ishchisiga “tanka”lik qilishini aytgan. Ya’ni ularga nisbatan chora ko‘rmaslik, reyd tadbirlari haqida oldindan ogohlantirib turish, mabodo qo‘lga olingan taqdirda yengil jazo choralarini qo‘llashni va’da qilgan. Bu “xizmati” uchun esa 2024 yilning 13 sentabr kuni fuqaro A.N.dan pora tariqasida 1,5 mln so‘m olgan.
Shundan so‘ng fuqaro A.N. holat yuzasidan IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Toshkent shahar boshqarmasining ishonch telefoniga murojaat qilgan. Uning murojaati asosida shu kuni shaxsiy xavfsizlik xodimlari tomonidan profilaktika inspektoridan 1,5 mln so‘m pul mablag‘lari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Abdulaziz Abdullayev sud majlisida aybiga iqror bo‘lmagan. U olgan 1,5 mln so‘m puli aslida o‘zining popkorn savdosiga tikkan puli ekanini bildirgan. Foydalanuvidagi bank plastik kartasiga 100 ming so‘m pul o‘tkazgan yigitni esa tanimasligini ma’lum qilgan.
Profilaktika inspektori o‘z aybiga iqror bo‘lmasa-da, uning qilmishi guvohlar ko‘rsatmalari va boshqa dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topgan.
Sud hukmi bilan Abdulaziz Abdullayev Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilgan. Unga 2 yil huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli hisoblanib, 3 yil sinov muddati belgilangan.
Mavzuga oid

19:36 / 14.03.2025
«Har bir tizimda bunaqalar bor» – IIV mas’uli nopok xodimlar haqida

10:57 / 03.03.2025
“Pora emas, rahmat sifatida bergandi” – Toshkentda pora olgan IIB tergovchisi qamaldi

09:12 / 02.02.2025
Qashqadaryoda oilani yarashtirishga borgan profilaktika inspektori pichoqlandi

00:41 / 27.01.2025