Jahon | 01:48
726
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Yaman husiylariga qarshi harbiy amaliyot boshlashni buyurdi

Husiylar Amerika va boshqa davlatlarning kemalari, samolyotlari va dronlariga qarshi qaroqchilik, zo‘ravonlik va terrorizmning tinimsiz kampaniyasini olib bormoqda, dedi AQSh prezidenti.

Foto: EPA

AQSh armiyasiga Yamandagi husiylarga qarshi harbiy harakatlar boshlash buyrug‘i berildi, dedi AQSh prezidenti Donald Tramp.

«Bugun men Amerika Qo‘shma Shtatlari harbiylariga Yamandagi husiy terrorchilarga qarshi qat’iy va kuchli harbiy chora ko‘rishni buyurdim. Ular Amerika va boshqa davlatlarning kemalari, samolyotlari va dronlariga qarshi qaroqchilik, zo‘ravonlik va terrorizmning tinimsiz kampaniyasini olib bormoqda», deb yozdi u Truth Social sahifasida.

The New York Times gazetasining ikki yuqori martabali amerikalik mulozimga tayanib xabar berishicha, Qo‘shma Shtatlar Yaman husiylari nazoratidagi o‘nlab obektlarga keng ko‘lamli harbiy zarbalar berishni boshlagan.

Husiylar – yamanlik shia jangari harakati bo‘lib, rasman «Ansorulloh» nomi bilan tanilgan. Ular Yaman hukumatiga qarshi, shuningdek, Saudiya Arabistoni va uning ittifoqchilariga faol qurolli qarshilik ko‘rsatadi.

Harakat 1990-yillarda Husayn Al-Xusiy ta’sirida paydo bo‘lgan va uning nomi bilan atalgan.

Husiylar 2014 yildan beri Saudiya Arabistoni va G‘arb davlatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Yaman hukumatiga qarshi fuqarolar urushi olib bormoqda. Ular Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi va bu ularni Eron va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi kengroq mintaqaviy qarama-qarshilikning bir qismiga aylantiradi.

2024–2025 yillarda husiylar Qizil dengizdagi kemalarga hujum qilib, buni Isroilning G‘azodagi harakatlari uchun o‘ch deb da’vo qilishmoqda.

Mavzuga oid