O‘zbekiston | 23:38 / 09.11.2023
10733
3 daqiqa o‘qiladi

Shuhrat Vafoyev SIA rahbari lavozimini tark etadi - OAV

Shuningdek, Strategik islohotlar agentligi qayta tashkil qilinishi aytilmoqda. 

Foto: Germaniya iqtisodiyotining Sharqiy qo‘mitasi

Shuhrat Abdusharifovich Vafoyev O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi (SIA) bosh direktori lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Prezident administratsiyasi xodimi Bahodir Rahmatov egallashi kutilmoqda. Bu haqda Gazeta.uz yozdi.

Manbaga ko‘ra, prezident Shavkat Mirziyoyev 8 noyabr kuni SIA faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzolagan. Endi agentlik bosh direktori bir vaqtning o‘zida Prezident administratsiyasining Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil departamenti boshlig‘ining o‘rinbosari bo‘ladi. Agentlik rahbari bundan keyin ham prezident tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

SIA rahbari o‘rinbosarlari maqomi bo‘yicha Prezident administratsiyasi sektori mudiriga tenglashtirilib, prezident yordamchisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.

Qayd qilinishicha, yangi tashkil qilingan agentlik bosh direktorining bir o‘rinbosari bo‘ladi (hozir bir nafar birinchi o‘rinbosar va o‘rinbosar mavjud). Shuningdek, qariyb barcha boshqarma va bo‘limlar, jumladan, Strategik tashabbuslarni ilgari surish boshqarmasi, Davlat dasturlari monitoringi boshqarmasi, Xalqaro moliya institutlari va xalqaro tashkilotlar bilan ishlash boshqarmasi, Soha va tarmoqlarda islohotlarni muvofiqlashtirish boshqarmasi, Islohotlarni baholash va tizimli muammolarni aniqlash boshqarmasi, Davlat boshqaruvini takomillashtirish boshqarmasi va boshqalar ham qisqartiriladi.

Ular o‘rniga ilg‘or xorijiy tajriba va reytinglarni o‘rganish asosida muhim tashabbuslarni ishlab chiqish guruhi, amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini baholash va monitoring qilish guruhi, xalqaro va xorijiy tashkilot hamda institutlar bilan o‘zaro hamkorlikka asoslangan muhim tashabbuslarni ishlab chiqish guruhi, xorijiy ekspertlar va maslahatchilar bilan o‘zaro hamkorlik guruhi, ilmiy tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik asosida muhim tashabbuslarni ishlab chiqish guruhi, loyihalarni boshqarish guruhlari tashkil etiladi.

Agentlik Prezident administratsiyasi binosiga ko‘chadi, shtatlar soni 50 dan 20 kishiga qisqartirildi.

Strategik rivojlanish agentligi 2021 yil iyul oyida tashkil etilgan edi. Uning vazifalari qatoriga investitsiyalarni jalb qilish, tarmoqlar va hududlar bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish kiritildi. 2022 yil sentabr oyida mazkur organ Strategik islohotlar agentligi etib qayta tashkil etildi va unga Shuhrat Vafoyev rahbar bo‘lgan edi.

Mavzuga oid