O‘zbekiston | 11:16 / 16.08.2023
18744
3 daqiqa o‘qiladi

1-sinf o‘quvchilariga beriladigan prezident sovg‘asida qanday o‘zgarishlar bor?

2023/2024 o‘quv yilida 1-sinfga 732 960 nafar o‘quvchi chiqishi rejalashtirilgan. Odatga ko‘ra,  bu yil ham bolalarga maktab o‘quv-qurollaridan tashkil topgan prezident sovg‘asi topshiriladi. Kun.uz sovg‘alarning hududlarga qanday yetkazilayotgani bo‘yicha reportaj tayyorladi.

Har o‘quv yilida 1-sinfga chiqadigan o‘quvchilarga beriladigan “Prezident sovg‘asi”ning texnik talablari qaytadan ishlab chiqilgan. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bosh mutaxassisi Qahramon Alimardonovga ko‘ra, o‘tgan yili o‘g‘il va qiz bolalar uchun alohida ranglar tanlangan. Bu safar esa hammaga bir xil ranglar tanlangan va bunda o‘quv-qurollarining og‘irligi ham hisobga olingan.

“Rejaga muvofiq “Prezident sovg‘asi” jamlanmasi ichida bo‘lgan 12 nomdagi o‘quv qurollariga buyurtma berilgan. Bu yilgi sovg‘alar o‘tgan yilgilardan farqli ravishda texnik talablari qayta ishlab chiqildi. O‘tgan yili o‘g‘il va qiz bolalar uchun alohida rang tanlangan. Yangi o‘quv yilga hammaga bir xil, yoshiga xos va mos yorqin ranglar tanlab olindi. Qolaversa, og‘irligi va boshqa texnik tomonlari hisobga olingan. Sovg‘alarni qabul qilish jarayonlari mikrohududlar bo‘yicha 20 iyundan boshlangandi. Mikrohududdan tashqari 1—15 avgust kunlari davom etadi”, deydi Qahramon Alimardonov.

 

Foto: Kun.uz 
Foto: Kun.uz 

1-sinf o‘quvchilariga beriladigan jamlanma tarkibida 12 turdagi o‘quv qurollari mavjud: o‘quvchi sumkasi, 12 dona daftar, rasm daftari, akvarel bo‘yoqlari, rangli qog‘oz, qalamdon, sharikli ruchka, rangli qalam, 2 dona oddiy qalam, plastilin, yelim va 2 dona o‘chirg‘ich.

 

Foto: Kun.uz 
Foto: Kun.uz 

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 2023/2024 o‘quv yilida 1-sinfga 732 960 nafar bola chiqishi rejalashtirilgan. 

Joriy yilning 25 avgustiga qadar prezident sovg‘alari vazirlikning adm.maktab.uz elektron bazasiga kiritilgan bolalar soniga mos ravishda umumta’lim maktablariga to‘liq yetkazilishi qayd etilgan.

Mavzuga oid