Qochqinlar inqirozi: Polsha Belarus bilan chegarada qurolli nizo ro‘y berishidan xavfsiramoqda
Polsha hukumati Belarus bilan chegara hududida qurolli eskalatsiya kelib chiqishidan xavotirlanmoqda - shu kunlarda 4 mingga yaqin qochqin mamlakat chegarasini buzib o‘tishga harakat qildi. YeI rasmiy Minskni chegarada qasddan ziddiyat yuzaga keltirishda aybladi.

Foto: POLISH DEFENCE MINISTRY/REUTERS
Polsha hukumati matbuot xizmati boshlig‘i Pyotr Myuller seshanba kuni jurnalistlar bilan suhbatda mamlakat rasmiylari «qurolli xarakterga ega eskalatsiya yuzaga kelishi»ni istisno etmayotganini ma'lum qildi. «Belarus jiddiy hodisa qo‘zg‘amoqchi, ular otishma va qurbonlar bo‘lishiga intilmoqda», degandi avvalroq Polsha tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Pyotr Vavjik.
Bosh vazir Putinni aybladi
Seshanba kuni parlamentda chiqish qilgan Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy bu inqiroz - so‘nggi 30 yillikda Polsha davlati chegaralari va barqarorligiga qilingan eng jiddiy hujum ekanini aytib, bunda Rossiyani aybladi.
Polshadagi PAP agentligi xabar berishicha, Moravetskiy Belarus rahbari Aleksandr Lukashenkoni imperialistik siyosat olib borayotgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin bergan vazifalarni ijro etuvchi deb hisoblashini aytgan.
Rossiya tomoni Belarusning harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirib, yuzaga kelgan vaziyatda migrantlarni qabul qilishni istamayotgan G‘arbni ayblagan. Rossiya va Belarus ittifoqi davlat kotibi, Putin Sankt-Peterburg meri bo‘lganida ham u bilan birga ishlagan Dmitriy Mezensev Minsk seshanba kuni «Belarus va Yevroittifoq chegarasida ro‘y berayotgan so‘nggi voqealarga xotirjamlik va professionallik bilan javob qaytarayotgani»ni aytdi.
Rossiyaning BMT qoshidagi rasmiy vakili Vasiliy Nebenzya Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishi vaqtida ro‘y berayotgan hodisalarni 2015 yildagi migratsiya inqirozi bilan qiyosladi, o‘shanda Yevropaga 1,3 mln qochqin (asosan Suriyadan) kelgandi. «O‘shanda Yevroittifoqning boshqa mamlakatlari chegaralarida ham hozirgi kabi holat yuzaga kelganida siz boshqacha gapirgandingiz. Endi esa sanksiyalar bilan qo‘rqitmoqdasiz. Kimga? Nima uchun? Sizga, Yevroittifoq hududiga o‘tmoqchi bo‘lganlarni o‘zida qabul qilishni istamayotgani uchunmi?» deya Nebenzyaning so‘zlarini keltiradi TASS.
Chegarada nimalar bo‘lmoqda?
Polsha milliy xavfsizlik departamenti rahbari Stanislav Zarin seshanba kuni Polsha rasmiylari so‘nggi oylar davomida aytib kelgan gaplarni takrorladi: chegaradagi migrantlar harakati Belarus qurolli tuzilmalari tomonidan boshqarilmoqda.
Polsha televideniyesi ham chegaradagi migrantlar o‘rgatilgan itlar yetaklagan harbiylar tomonidan qo‘riqlanayotgani haqida lavhalar namoyish etdi; ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda ham chegara tomon harakatlangan qochqinlar atrofida qurollangan kishilar borayotganini ko‘rish mumkin.
Migrantlarning o‘zi esa Belarus hukumati ularning telefonlarini tortib olgani va Polsha chegarasi tomon yurishga majburlagani, endi esa ketishga ruxsat berishgani haqida aytishgan.
Barchaning ham telefonlari olib qo‘yilmagan. «Bizni hech kim hech qayerga o‘tkazmayapti, na Belarus, na Polsha», degan BBC bilan videoaloqa orqali bog‘langan, chegarada ushlanib qolgan iroqlik 33 yoshli Shvan Kurd. U noyabr oyida qanday qilib Bag‘doddan Minskka uchib kelgani, endi esa Polsha chegarasi yaqinidagi palatkali lagerda yashashga majbur bo‘layotgani haqida gapirib bergan.
«Boradigan joy yo‘q. Polyaklar bizni o‘tkazishmayapti. Tunda ular vertolyotlarda uchib, uxlagani qo‘yishmayapti. Biz och qolib ketdik. Na suv va na yegulik bor. Bu yerda yosh bolalar, qariyalar, ayollar va oilalar bor», deydi nashr suhbatdoshi.
Voqea joyida olingan turli video va fotosuratlarda ko‘rish mumkinki, migrantlarning ko‘pchiligi chegaradan o‘tish uchun yaxshi tayyorlangan: ular issiq kiyingan, ularda palatkalar bor, shuningdek, boltalar, belkuraklar va chegaradagi simto‘siqlarni kesish uchun katta ombirlar bilan qurollangan.

Polsha NATOga murojaat qilishi mumkin
BBC’ning Polsha va Belarus chegarasida bo‘lib turgan korrespondenti Nik Bikning xabar berishicha, Polsha hukumati chegara hududida favqulodda holat rejimiga amal qilinishini qat'iy nazorat qilmoqda va jurnalistlar chegara chizig‘iga yetib borishi va u yerdan kelayotgan xabarlarni tekshirishi deyarli imkonsiz ish.
Polsha ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Matsey Vansik seshanba kuni bergan teleintervyusida Varshava NATOdan Shimoliy Atlantika kelishuvining 4-moddasi bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazishni so‘rashi mumkinligini aytdi. Bu moddaga ko‘ra NATOga a'zo davlat hududiy yaxlitligi va xavfsizlikka tahdid yuzaga kelgan hollarda ittifoqchilar bilan shoshilinch maslahatlashuv o‘tkazilishini talab etish huquqiga ega hisoblanadi.

Vansik bu hukumat pozitsiyasi emas, o‘zining shaxsiy fikri ekanini qayd etgan.
Belarus hukumati ularning chegarachilari chegarada kuchaytirilgan rejimda navbatchilik qilayotganini ma'lum qilgan.
Hafta boshida taxminan to‘rt ming qochqindan iborat kolonna (Belarus tomoni ma'lumotiga ko‘ra, ularning aksari Iroq kurdlari) Grodno-Belostok trassasida piyoda yo‘lga tushib, Polsha-Belarus chegarasining shimoliy uchastkasi tomon harakatlandi.
Videolarda ko‘rish mumkinki, qochqinlarning ayrimlari - asosan yosh yigitlar - Belarus tomondan kelayotgan qochqinlarning katta oqimi yo‘lini to‘sish maqsadida polyaklar tomonidan o‘rnatilgan simto‘siqlarni kesish va buzib o‘tishga harakat qilgan. Bundan tashqari, qochqinlar simto‘siqlar ustiga o‘rmondan kesilgan daraxt xodalarini tashlab, ko‘prik qilishga urinishdi. Polshalik chegarachilar va harbiylar ularni ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz bilan chekintirdi.

POLISH PRIME MINISTER
Polsha hukumati chegaraning bu uchastkasiga qo‘shimcha soldatlar tashladi, seshanba tongida esa Grodno-Belostok trassasidagi Kuznitsa chegara punkti yopib qo‘yildi.
Litva favqulodda holat rejimi e'lon qildi
BBC rus xizmatining Boltiq bo‘yi davlatlaridagi korrespondenti Oksana Antonenkoning xabar berishicha, Belarus-Polsha chegarasidagi voqealar bilan bir vaqtda Litvadagi qochqinlar lagerida ham to‘polon boshlangan, yozda bu yerga Belarus tomondan qochqinlar oqib kela boshlagandi.
8 noyabr kuni - Polsha-Belarus chegarasida minglab qochqinlar to‘plangan mahalda Litvaning to‘rtta aholi punktida joylashgan qochqinlar orasida ham tartibsizliklar yuzaga keldi, Myadininkay qishlog‘idagi to‘polon vaqtida chegarachilar ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llashdi. «Migrantlarni tinchlantirishga urinishganida, ayrimlar qurol va boshqa turli buyumlar ko‘tarib qarshilik ko‘rsatishdi. Hech kim jabrlanmagan», deya Litva chegara xizmati vakili Gedryus Mishutisning so‘zlarini keltirgan Delfi.
9 noyabr kuni Litvadagi nashrlar bir necha yuz kishidan iborat migrantlar guruhi Polsha chegarasidan Litva chegarasi tomon yo‘lga tushgani haqida xabar qildi. Litva chegara xizmati vakili Rokas Pukinskas BBC rus xizmatiga Litva tomoni o‘z chegarasi yaqinida odamlar ko‘pchilik bo‘lib to‘planishini qayd etmagan bo‘lsa-da, chegaradan noqonuniy o‘tishga urinishlar ko‘paygan. 8 noyabr kuni litvalik chegarachilar 73 migrantni tutib ortga qaytargan bo‘lsa, 9 noyabr kuni bundaylar soni yuzga yaqin edi.
Litva parlamenti seshanba kuni hukumatning Belarus bilan chegara hududida favqulodda holat rejimi joriy etish to‘g‘risidagi taklifini ma'qulladi. Rejim Litva-Belarus chegarasining butun uzunligi bo‘ylab 5 kilometr chiziqda, shuningdek, ro‘yxatga olish punktlarida, Kibartay, Medininkay, Pabrada, Rukla, Vilnyusdagi muhojirlar joylashtiriladigan punktlarda va ular atrofidagi 200 metr masofada amal qiladi.
Favqulodda holat vaqtida Litvaga kirib kelgan va bu yerga o‘rnashgan muhojirlar yozishmalar, telefon orqali so‘zlashuvlar va boshqa aloqa vositalaridan foydalanish va ma'lumot olish huquqidan mahrum etiladi, davlat idoralari va muassasalariga murojaat qilish imkoniyati bundan mustasno. Shuningdek, favqulodda holat davrida davlat zaxiralari mablag‘laridan migrantlar oqimi tufayli kelib chiqadigan jamoat tinchligiga tahdidni bartaraf etish maqsadida foydalanish mumkin.
Delfi.lt nashrining aniqlik kiritishicha, favqulodda holat rejimi chegara hududida chegarachilar ruxsatisiz harakatlanishni, ko‘pchilik bo‘lib yig‘ilishni taqiqlaydi. Bundan tashqari, chegarachilarga chegara buzib o‘tilishining oldini olish maqsadida kuch ishlatishga rasman ruxsat berilgan.
Yevropa Lukashenkoni aybladi
Belarusning qo‘shnilari, ushbu mamlakatdan borayotgan qochqinlarning navbatdagi manziliga aylanayotgan Polsha, Litva va Latviya, shuningdek Yevroittifoq va NATO Belarus hukumatini Yaqin Sharqdan ataylab minglab qochqinlarni Minskka olib kelish va keyin sanksiyalar uchun qasd olish maqsadida Yevroittifoqqa zarar yetkazish uchun chegaralarga olib borishda ayblamoqda.

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Yevroittifoq Belarusga migrantlar tashishda qatnashayotgan uchinchi davlat aviakompaniyalariga qarshi ham sanksiyalar qo‘llash haqida o‘ylayotganini ma'lum qildi. YeI davlatlari tashqi ishlar vazirlarining so‘nggi uchrashuvida shu kabi sanksiyalar muhokama qilingan.
Hozircha Yevroittifoq kengashi Minsk bilan belaruslik rasmiylarga viza berishni soddalashtirish bo‘yicha kelishuv bekor qilinganini e'lon qildi.
«Biz migratsiyani bosim vositasiga aylantirishda davom etayotgan Belarus rejimining harakatlarini qat'iy qoralaymiz va inkor etamiz. Odamlarning hayoti bilan bu taxlit o‘ynashishga toqat qilib bo‘lmaydi. Bugungi qaror bizning bu gibrid hujumga qarshi turishda qat'iyligimizni yana bir bor namoyish etadi», dedi bu borada YeI kengashining ichki masalalar bo‘yicha raisi va Sloveniya ichki ishlar vaziri Alesh Xoys.
Yevroittifoqni BMTning qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi ham qo‘llab-quvvatladi. «Qochqinlar, boshpana izlayotgan insonlardan siyosiy maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi va bunga chek qo‘yilishi kerak», dedi boshqarma matbuot kotibi Shabiya Mantu.
Minskdagilar tan olmayapti
Prezident Aleksandr Lukashenko boshchiligidagi Belarus hukumati janubiy mamlakatlardan Yevropa Ittifoqi chegaralariga migrantlarni tashib kelishni tashkillashtirgani haqidagi ayblovlarni rad etib, qo‘llangan sanksiyalar tufayli Belarusda noqonuniy qochqinlani o‘z hududida saqlab turish uchun pul yo‘qligini ta'kidladi. Seshanba kuni Belarus chegara qo‘mitasi Polsha hukumatini qochqinlarga qarshi qurol va kuch ishlatishda ayblab, Kujnitsa chegara punktini yopib qo‘yishga hech qanday sabab bo‘lmaganini qayd etdi.
BBC korrespondenti Pol Adams Iroqdan bo‘lgan, oktabr oyida rafiqasi va uch farzandi bilan Minskka kelgan migrantlardan birining akasi Barva Nusriddin Ahmad bilan gaplashdi. «Odamlar bilishadi, ulardan foydalanishmoqda, ammo ularda boshqacha kelajak yo‘q», degan u. Hozirda chegarada turib qolgan odamlar tunda muzlab qolmoqda, ularda suv va yegulik deyarli yo‘q.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dushanba kungi Polsha chegarasi tomon marsh migrantlarning o‘zi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda kelishilgan holda uyushtirilgan. Shu bilan birga, Ahmad Belarus hukumati ularni shunday harakatga undaganini ham taxmin qilgan.
Tavsiya etamiz
Chigirtkalar bosqini: Bu ham iqlim bilan bog‘liq muammomi?
O‘zbekiston | 15:49 / 14.05.2025
«Eng kambag‘al prezident» Xose Muxika vafot etdi
Jahon | 08:03 / 14.05.2025
Toshkentda yo‘l o‘rtasidagi birinchi tezyurar yo‘lak qurilishi boshlanadi
O‘zbekiston | 19:08 / 13.05.2025
1 iyundan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida 30 kunlik vizasiz rejim kuchga kiradi
O‘zbekiston | 17:29 / 13.05.2025
So‘nggi yangiliklar
-
“Baxti Tashkentskiy”ning odami ekani aytilgan shaxs 8 yilga qamaldi
Jamiyat | 20:31
-
Kriptofiribgarlar Telegram orqali 27 mlrd dollar pul yuvgani ma’lum bo‘ldi
Jahon | 20:26
-
Putin Turkiyaga «ikkinchi tarkib»ni yubordi. Bu nima degani?
Jahon | 19:34
-
Putin Turkiyaga nega «ikkinchi tarkib»ni yubordi?
Jahon | 19:17
Mavzuga oid

13:12 / 14.05.2025
Dunyoda o‘z davlati ichida ko‘chishga majbur bo‘lganlar soni 83 mlndan oshdi

20:28 / 07.05.2025
Lukashenko 8 ming mahkumga amnistiya qo‘llash to‘g‘risidagi qonunni imzoladi

15:31 / 03.05.2025
Belarus O‘zbekistonda yig‘ma yog‘och uylarni ishlab chiqarishni tashkil etishi mumkin

15:14 / 01.05.2025