O‘zbekiston | 19:18 / 02.02.2021
50714
10 daqiqa o‘qiladi

Polshalik jurnalist O‘zbekiston TIV xodimini tegajog‘likda aybladi. Vazirlik jurnalistdan uzr so‘radi

O‘zbekistonda ishlash uchun akkreditatsiya berilmagan va Tashqi ishlar vazirligi xodimi unga shilqimlik qilganini ta'kidlagan polshalik jurnalist Agneshka Pikulitska seshanba kuni vazirlik vakillari bilan uchrashdi. O‘zbekiston TIV Agneshka Pikulitskadan uzr so‘ragan. Vazirlik u tomonidan shilqimlikda ayblangan vazirlik xodimi ishdan bo‘shatilganini, uning akkreditatsiyasi masalasi 3 fevral kuni hal qilinishini bildirgan.

Agneshka Pikulitska / Foto: Facebook

Toshkentda yashaydigan polshalik jurnalist Agneshka Pikulitska-Vilchevska 1 fevralda o‘zining tvitterida qoldirgan xabarlari ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Unga ko‘ra, jurnalistga akkreditatsiya berish masalasi 6 oygacha cho‘zilgan, bu orada o‘zini vazirlik xodimi sifatida tutgan Rustam ismli shaxs Agneshkaga tegajog‘lik qilgan.

Jurnalistning aytishicha, «uning akkreditatsiya qilingan OAVdan boshqa OAV uchun ham ishlashi» akkreditatsiya berilmasligiga sabab bo‘lgan.

Bundan tashqari, o‘zini vazirlik xodimi sifatida tanishtirgan Rustam ismli shaxs jurnalistga shilqimlik qilgani iddao qilindi.

«U rad javobini olsa-da, uchrashuv taklifi bilan xabar yozaverdi. Bir necha kundan keyin men ishdan boshqa hech qanday aloqaga qiziqmasligimni aytdim. Uning javobi: «Nega? Yigitingiz bormi?» Men xushmuomala bo‘lishim kerak edi, oxir-oqibat men akkreditatsiya berilishini uzoq kutayotgandim», – deb yozgan Agneshka.

Polshalik jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha Rustam salbiy axborot ko‘payib ketganini aytib, jurnalistdan ko‘proq ijobiy maqolalar tayyorlashni so‘ragan.

«Pandemiya avjiga chiqqan payt, korrupsiya bo‘yicha nizolar, O‘zbekistonda odamlar yashash uchun kurashayotgan payt, minglab odamlar Sardoba fojiasidan so‘ng uy-joylaridan ajralgan. Millionlab muammolar orasida qanday qilib ijobiy maqola yoza olardim», – deya qo‘shimcha qilgan u.

Ta'kidlanishicha, bularning barchasi unga akkreditatsiya bermaslik bilan tugadi.

Tvitterdagi chiqishidan so‘ng, mustaqil jurnalistni Tashqi ishlar vazirligiga suhbatlashib olish uchun taklif etishgan. 2 fevral kuni Agneshka vazirlikdagi suhbat maroqli o‘tgani, akkreditatsiya masalasi hamon ochiq ekanini bildirdi.

«Rustamning xatti-harakatlari bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishning iloji yo‘q ekanligini aytishdi… Rustam kimligini hech kim bilmaydi», — deb yozdi xalqaro jurnalist kunning birinchi yarmida.

Jurnalistning ijtimoiy tarmoqdagi chiqishiga O‘zbekiston Senati raisi, jamoatchilik vakillari munosabat bildirdi. Masalan, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonovda jurnalistning «shikoyati juda jiddiy xavotir uyg‘otgan». Allamjonov va Agneshka 2 fevral kuni O‘zbekistondagi faoliyati yuzasidan ro‘y bergan vaziyatni atroflicha muhokama qilishgan.

«Umid qilamizki, yaqin vaqtlarda noxush voqea bartaraf etiladi va tegishli qaror qabul qilinadi. O‘z navbatida, Fond mahalliy va xorijiy jurnalistlar, jumladan, Agneshka Pikulitska faoliyatini faol qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Agneshka Pikulitskaning professional va akademik salohiyati hurmatga loyiq va u bilan keyinchalik hamkorlik qilishdan manfaatdormiz», – deya ma'lumot bergan Allamjonov.

Komil Allamjonov va Agneshka Pikulitska

Tashqi ishlar vazirligi jurnalistdan uzr so‘radi, «Rustam» ishdan bo‘shatilgan

Kunning ikkinchi yarmida Tashqi ishlar vazirligi vaziyat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

«2 fevral kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida vazirlik matbuot kotibi Avazbek Hojimetov va ilgari TIV huzurida «Al-Jazira» telekanali muxbiri sifatida akkreditatsiyadan o‘tgan Agneshka Pikulitska-Vilchevska o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi», deyiladi vazirlik bayonotida.

Ta'kidlanishicha, uchrashuv davomida uning akkreditatsiyasi va bo‘lib o‘tgan voqea bilan bog‘liq qo‘shimcha holatlar aniqlangan.

«Chet ellik jurnalistdan hodisa uchun uzr so‘raldi. Mazkur muxbir tomonidan tilga olingan vazirlik xodimi Tashqi ishlar vazirligi tizimidan bo‘shatildi. A.Pikulitska-Vilchevskaning jurnalistik akkreditatsiyasini rasmiylashtirish jarayoni 2021 yil 3 fevral kuni yakunlanadi», deyiladi ma'lumotda.

AOKA ham munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Agniyeshka Pikulitska-Vilchevskining akkreditatsiyadan o‘tishi bilan bog‘liq muammolar mavjudligi haqida ma'lumotlar e'lon qilinishi bilanoq AOKA shu zahoti Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmatiga murojaat qilib, ko‘tarilgan masalani har tomonlama o‘rganish va unga aniqlik kiritishni so‘radi.

Agentlik TIV axborot xizmatining tezkor munosabati va xorijlik jurnalistdan bo‘lib o‘tganlar uchun uzr so‘rashini ma'qullaydi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Agniyeshka Pikulitska-Vilchevskining jurnalistlik akkreditatsiyasini rasmiylashtirish jarayoni ijobiy yakunlanishiga umid qiladi.

Bundan tashqari, Agentlik yana bir bor barcha davlat organlarini jurnalistlar huquqlari va manfaatlarini himoya qilish sohasidagi milliy qonunchilikni hurmat qilishga va unga qat'iy rioya qilishga chaqiradi.

Agneshka Pikulitska-Vilchevskaning so‘nggi yillarda «Al-Jazira», «Diplomat» kabi nufuzli nashrlarda chop etilgan maqolalari tahlili uning ijodi nihoyatda sermahsul ekanini ko‘rsatadi. U ko‘targan masalalar O‘zbekiston jamiyatida sodir bo‘lib, ayrim hollarda hali-hanuz o‘z yechimini topmayotgan dolzarb muammolar sirasiga kiradi.

«Ijobiy kam, salbiy ko‘p...»

Agneshka yozgan maqolalarni taxminiy ravishda ijobiy va salbiy toifalarga bo‘lib chiqdik. Albatta A.Pikulitskaning «Rustam» nuqtayi nazaridagi ijobiy maqolalari ancha kam ko‘rindi. Ular, xususan, O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar; Mo‘ynoqda o‘tkazilgan elektrokonsert; odamning immunitet tanqisligi virusi bilan kasallanib, ilk bor bu haqda ochiq aytgan qiz hikoyasini yozgan.

«Salbiy» bo‘lib tuyulgan maqolalar esa «talaygina», ular so‘z erkinligi uchun uzoq kurash; Bobomurod Abdullayevni tanlashga majbur qilgan ikkilamchi hayot taqdiri; o‘zbek jamiyatidagi iqtisodiy notenglikni o‘tkir satira ostiga olgan tasvirchi, videobloger Shavkat Egamberdiyev; O‘zbekistonda boshlangan jadal urbanizatsiya loyihasi tufayli 2019 yilda kuzatilgan «snoslar» to‘lqinining tarixiy obidalarga ta'siri va oddiy aholi vakillarining sarobga aylangan armonlari; koronavirus bahona tezlikda joriy etilgan, oddiy o‘zbekning oylik-maoshlariga mutlaqo nomutanosib, otning kallasidek jarimalar va uning shaxs-fuqarolik huquqlariga ta'siri; chin muxolifatsiz 2019 yilda o‘tkazilgan parlament saylovlari; o‘zini poyezd tagiga tashlab joniga suiqasd uyushtirmoqchi bo‘lgan, «josus»ga aylantirilishda ruhiy qiynoqlarga tutilgan dardman sobiq diplomat Qodirjon Yusupov hikoyasi; «shpion-shpion» o‘yinlarining yana bir qurboni, hayoti fig‘on va hasratda o‘tgan, hozirda marhum Andrey Kubatin bilan suhbat; uy-ro‘zg‘or tirikchiligi hamda yillar davomidagi amaldagi no‘noq ijtimoiy, sotsial-iqtisodiy rejalashtirish bois abgor kechmishga yo‘liqqan millionlab muhojirlarning sargardonliklari hamda ularning turli oson o‘lja bo‘layotganliklarini oddiy va haqqoniy tilda, jurnalistik surishtiruv asosida yoritgan.

Agneshkaning tadqiqot izlanishlari faqat O‘zbekiston bilan cheklanmaydi. U, shuningdek, qo‘shni Afg‘onistonda mutaassib guruhlar tuzog‘iga ilingan markaziy osiyoliklar, Qirg‘izistonda etnik o‘zbeklarga nisbatan tizimli noinklyuzivlik va Azimjon Asqarov hikoyasi, Tojikistondagi muxolifat, Qozog‘iston, Ukrainada yuz bergan dolzarb siyosiy-ijtimoiy voqealarni hamda Germaniya va o‘z vatani Polshada musulmon jamoasiga nisbatan oshib borayotgan o‘ta o‘ng reaksion kayfiyat haqida bayon etish uslubida qalam tebratgan. 

Akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi

Vazirlik xodimining go‘yo ishqiy tegajog‘liklari  xizmat doirasida, albatta, surishtirilishi turgan gap. Ammo Agneshka tvitlarida oshkor etgan ayrim jihatlar «Rustam»ning – uning ismi butunlay boshqacha ham bo‘lishi mumkin – ijobiy maqolalar yozdirishga ko‘ndirmoqchi bo‘lgani ochiqlik va oshkoralik haqida ko‘p bong urilayotgan so‘z erkinligiga ko‘lanka solmay qo‘ymaydi. Bir sutka o‘tar-o‘tmas bu haqda allaqachon «Xyuman Rayts Voch», «Cotton Campaign», «Women In Journalism» inson huquqlari tashkiloti yuz bergan ko‘ngilsiz voqeani qoralovchi o‘zlarining qisqa munosabatlarini bildirishdi.

Chet el jurnalistlarining O‘zbekiston hududida xorijiy muxbir bo‘lib ishlashlarining rasmiy uch ijozat shakli bor. Bu Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari muxbirlarining kasb faoliyatini tartibga soluvchi asosiy qoidalarni tasdiqlash to‘g‘risidagi qaroriga asosan amalga oshiriladi. Ular quyidagicha: xorijiy muxbirlik punkti, doimiy muxbir va vaqtincha muxbir. 

Xorijiy jurnalistlar tegishli bir necha rasmiyatchilik hujjatlarini topshirishlari barobarida ularning faoliyatini yurgizish va ochish masalasi bo‘yicha vazirlikning maqsadga muvofiqlik xulosasi lozim bo‘ladi. Tashqi ishlar vazirligi vebsaytiga ko‘ra, 2018 yil 3 dekabr holatiga ko‘ra, mamlakatda 8ta xorijiy OAV byurosi va 2020 yil 28 aprel holatiga ko‘ra, 53 xorijiy muxbir rasmiy chig‘iriq akkreditatsiyasidan o‘tgan.

Mavzuga oid